Mashhur hofiz Ortiq Otajonov o‘z ijodi, Xorazm "Lazgi"si va "Umr o‘tar" qo‘shig‘i haqida

  • 20 may 2019, 09:23
  • 2 312
  • Madaniyat
  • Mashhur hofiz Ortiq Otajonov o‘z ijodi, Xorazm "Lazgi"si va "Umr o‘tar" qo‘shig‘i haqida
    17 may kuni o‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligining eng yorqin yulduzlaridan biri Ortiq Otajonov 72 yoshida olamdan o‘tdi.
    Mashhur hofiz Ortiq Otajonov o‘z ijodi, Xorazm "Lazgi"si va "Umr o‘tar" qo‘shig‘i haqida BBC O‘zbek xizmatiga 2010 yili intervyu bergan edi.

    O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ortiq Otajonov 1947 yil 30 yanvarda Xorazm viloyati Bog‘ot tumani Xitoy qishlog‘ida tug‘ilgan.

    "Otam baliqchilik bilan shug‘ullangan, bog‘bonchilik qilgan. O‘sha paytdagi mehnatkash, kambag‘alroq oilalardan edik-da", – deydi Ortiq Otajonov.
    U o‘zida qo‘shiqchilikka qiziqish juda yoshligidan bo‘lganini aytadi.

    "6-7 yoshlarimda kolxoz idorasining qoshida bir radiokarnay bo‘lardi. O‘shandan ustozlarning ovozlarini eshitib, o‘rganib, yurardim. Eshitgan narsalarim esimda qolardi. Esimni bilganimdan boshlab aytardim, nimani eshitsam, shuni ashula qilib aytib yurardim", – deydi hofiz.

    Ortiq Otajonov 1962 yili Xorazmdagi musiqa bilim yurtiga o‘qishga kiradi. U yerda taniqli sozanda Ozod Ibrohimovdan rubob chalish bo‘yicha saboq oladi.

    Ortiq Otajonov o‘zining san’atkor bo‘lib yetishishida buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning o‘rni beqiyos bo‘lganini ta’kidlaydi.

    "Men Komiljon Otaniyozov bilan to‘ylarga borardim. U paytlar mikrofon yo‘q edi, qishmi, yozmi 5-6 gektarlik davrani aylanib, ashula aytilardi. Komiljon Otaniyozov davrani kezib qo‘shiq aytsa, men orqasidan choynak bilan piyolada choy ko‘tarib yurib, og‘izlariga tutardim. Keyinchalik o‘zim ham doira chalib, hamnafas bo‘lib, ularga qo‘shilib ashulalar aytardim. Shu tariqa tinimsiz ulardan qo‘shiqchilik sirlarini o‘rganardim. 1969 yilda ustozning bir tomoni ishlamay qoldi. To‘ylarda, televideniye yoki radioga chiqqan paytlari yonida tor chalib turardim".

    "Lekin professional sahnaga 1968 yili filarmoniyaga ishga kirganimdan so‘ng qadam qo‘yganman. U yerda 50 yoshimgacha faoliyat olib bordim. Keyin pensiyaga chiqdim", – deydi san’atkor.

    Ortiq Otajonov o‘shandan beri yuzlab qo‘shiq yaratgan. Uning "Umr o‘tar", "Lazgi", "Yora qurbon bu jonim", "Kuylar", "Biri sensan, biri men..." kabi o‘nlab qo‘shiqlari allaqachon xalq orasida yod bo‘lib ketgan.

    "To‘xtamasdan ishlardik. Gastrollar bo‘lardi tinimsiz. Bu yog‘i Qozog‘iston, Boku, Tbilisi, Moskva kabi SSSR tarkibiga kirgan shaharlardan tortib, Afg‘oniston, u yog‘i Afrika, Yevropa davlatlari, Yaponiya, Avstraliya, Amerika-yu Isroil deysizmi, juda ko‘p – oltmishga yaqin davlatga borib, konsert qo‘yganmiz, to‘ylarda xizmat qilganmiz. Ko‘pincha qo‘shiqlarimizni radioga borib yozdirishga ham vaqt topa olmasdik. Efirga aytganlarimdan ko‘ra efirga aytilmagan qo‘shiqlarim ko‘p. So‘zlar bo‘lsa, torni qo‘limga olsam bo‘ldi, kuy o‘z-o‘zidan quyilib kelaveradi", – deydi hofiz.

    San’atkor hanuz ijod bilan band ekanini aytadi.

    Ortiq Otajonov – 4 farzandning otasi, 10 nafar nabiraning bobosi.

    Mashhur hofiz Ortiq Otajonov Bi-bi-si tinglovchilari savollariga javob berdi

    Bi-bi-si: Bi-bi-sining bugungi mehmoni – o‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligining eng yorqin yulduzlaridan biri, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ortiq Otajonov. Assalomu alaykum, Ortiq aka, Bi-bi-si dasturiga xush kelibsiz!
    Ortiq Otajonov: Assalomu alaykum!

    Bi-bi-si: Baltimordan Sanjar Xorazmiy "Assalomu alaykum, Ortiq og‘a. Sizdek "Lazgi"ning gulini chiqaradigan xonanda yo‘q hali. Va savolim "Lazgi" to‘g‘risida. Xorazm "Lazgi"si qachon va qayerda paydo bo‘lgan? Ko‘plar uni birinchi bo‘lib Komiljon Otaniyozov kuylaganini aytishadi, ammo ayrim manbalarda Xiva xoni Feruzxonning eng yoqtirgan ashulasi "Lazgi" bo‘lgani yozilgan" deb yozibdi.

    Ortiq Otajonov: To‘g‘ri, "Lazgi" juda qadimiy kuy bo‘lib, Komiljon ustozdan oldin ham ijro qilingan. Lekin so‘z qo‘yib, qo‘shiq qilib aytilgan emas. Surnay yo‘llarida chalingan. Eshitishimga qaraganda, manbalarda ham yoziladiki, Xiva xoni chiqayotgan paytda xursandchilik kuylari bilan birga, "Lazgi" surnaylar bilan chalinib kutib olingan. Yoki g‘alaba bo‘lgan paytlari, yo urushdan qaytish paytlari sho‘x kuylar orasida "Lazgi" ham chalib o‘tilgan.

    Keyinchalik uni Komiljon ustoz Komil Xorazmiyning muxammasiga shu kuyni o‘zi aytib, "Lazgi"ni qo‘shiq bilan ijro qiladigan bo‘ldi. Undan keyin mana mashhur bastakorimiz, bizning yana bir ustozimiz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist marhum Abdusharif Otajonov shu "Lazgi" asosida ishlab, rahmatli ustoz, O‘zbekiston xalq artisti Matyoqub Rahimov tomonlaridan ham yaxshi ijro qilinib yurdi. Ustozdan keyin yana bitta "Xorazmning lazgisi" degan so‘z solib, o‘zim ham shu kuy asosida holim yetgancha ijro qilganman.

    Undan so‘ng "Lazgi"lar juda ko‘payib ketdi. Har kim har xil so‘zlar qo‘yib aytadigan bo‘ldi. Har xil yo‘llar bo‘ladigan bo‘ldi. Garmonda chalingan yo‘llari bor, surnayda chalingan yo‘llari bor. Torda, dutor "Lazgi"lari bo‘lgan. Endi hozir hamma o‘zicha "Lazgi" aytaveradigan bo‘ldi. Albatta, yaxshi. "Lazgi"ga hamma havas qiladi. Hamma aytadi, kuylaydi. O‘ynab ham undan bezor bo‘lmaydi hech kim.

    Bi-bi-si: Moskvadan xat yo‘llagan Farrux "Assalomu alaykum, hurmatli Ortiq aka! Men sizning ashaddiy muxlislaringizdan biriman. Siz kabi ustoz san’atkorlar ijodini juda sevib tinglayman. Bugungi yoshlarning o‘z milliy san’atiga bo‘lgan munosabati haqida fikringiz? Nima uchun bugungi yoshlarning ko‘pchiligi o‘zlarining milliy klassik qo‘shiqlarini tinglamay qo‘ygan?" deb so‘rabdi.

    Ortiq Otajonov: Endi hozirgi yoshlarimizning bilim yurtlarida o‘qib yurganlarining hamma narsadan xabari bor. Masalan, musiqa bilim yurtlarida qo‘shiqchilikdan tahsil oladilar. Konservatoriyaga kirganlaridan keyin o‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligi, maqom fakultetlari bor. U yerlarda yaxshi malakali ustozlar dars berishadi. Radio qoshida maqom ansambllari bor. Viloyatlarda ham bor maqom ansambllari. Milliy qo‘shiqlar shularning ichida o‘rganiladi.

    Endi shunday mustaqillikka erishganimizdan keyin juda bir baxtli zamonga to‘g‘ri kelib qoldi yoshlarimiz. Chunki to‘rt tomondan har xil millat vakillari, har xil qardosh yor-do‘stlarimiz kelib, bizga qo‘l berdilar. Bordi-keldilarimiz, yo‘llarimiz ochilib ketdi. Bir sutkada mana Yaponiyaga ham borib keladigan bo‘ldik. Shu bois har xil millat qo‘shiqlarini eshitishga muyassar bo‘ldik. Ayniqsa, turk qo‘shiqlari, eron qo‘shiqlari, bizga, bizning san’atimizga yaqin bo‘lgan qo‘shiqlar, ozarbayjon qo‘shiqlari, kuylari...

    Qolaversa, mana, xonandalarimiz har bir kunga, bizda yashab turgan har bir millatning bayramlarida aytish uchun o‘zlarining tillarida, mana xohlasangiz, inglizcha kerakmi, xitoycha kerakmi, koreyschami kuylab, muvaffaqiyat qozonib yurishibdi. Oldinlari biz "qani endi turkcha ashulani qaysi radioning qaysi kanalidan ushlab, yozib olib o‘rgansam bo‘ladi" deb orzu qilardik. Mana bugun hamma yoqdan kelib turibdi, o‘shalarning ta’siri bo‘lsa kerak, hammasi estrada ashulachisi bo‘layapti, xohlagani mumtoz... Lekin baribir yurakda o‘zbek kuy-qo‘shiqlari bor.

    Bi-bi-si: Shu o‘rinda o‘zbek zamonaviy qo‘shiqchiligi haqidagi fikringizni so‘rasak...

    Ortiq Otajonov: Mana biz boshlagan yillarda ham zamon bilan birga kuylaganmiz. Qanday xursandchilik bo‘lsa, shunga bag‘ishlab ashula aytganmiz. Shu yo‘limizdan, izimizdan ketib borayotgan yoshlarimiz juda ko‘p. Bilmaganlarini so‘rashadi, adabiyotdan g‘azallarni tushunmaganlarini so‘rashadi, biz jonimiz bilan shularga javob beramiz. Xorazmdan aytadigan bo‘lsak, Ravshanbek Matyoqubov bor, xizmat ko‘rsatgan artist.

    Shogirdimiz Og‘abek Sobirov, Zafarbek Qurbonboyev. Toshkentda mana Ozodbek Nazarbekov bor. Hamma tomonlama yaxshi kuylayapti. Xalq artisti degan sharafli unvonga muyassar bo‘ldi. Unvon bilan tabriklab ham qo‘ydim, yana tabriklayman. Ilhom Farmonov mana yosh, qobiliyatli, ajoyib yigit, Sobir Mo‘minov, G‘iyos Boytoyev. Shunday san’atkorlar juda ko‘p yoshlarimiz orasida. Qizlarimiz ham bir-biridan qolishmayapti, ishqilib, baraka topishsin.

    Bi-bi-si: Farruxning ikkinchi savoli: "Nima uchun oxirgi paytlar siz kabi ustoz san’atkor(Sherali Jo‘rayev, Bobomurod Hamdamov)larning chiqishlari efirga uzatilmay qo‘yilgan? Ba’zi mish-mishlarga qaraganda, buning siyosiy sabablari bor emish. Bu qanchalik haqiqatga to‘g‘ri?".

    Olmoniyadan Murodbek Faxr ham shu ma’noda "Assalomu alaykum, savolim: Sherali Jo‘rayev bilan sizning oralaringizda 80 – 90-yillarda raqobat bo‘lardi. "Sherali zo‘r ashula chiqaribdi, qani endi Ortiq nima qilarkin" deb kutardik. Sherali Jo‘rayevga qo‘yilgan ta’qiq va umuman olganda san’atkorlarga qo‘yilgan davlat senzurasi haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Katta rahmat!" deb yozibdi.

    Ortiq Otajonov: Men o‘zim nimada xato qilganimni bilmayman. Oldinlari bizni televizorga, radioga, konsertlarga chaqirib turardilar. Bilmadim, keyingi paytlarda "charchadi" deb o‘ylashdimi, kim biladi endi... Men, 10 yildan ziyod bo‘ldi, pensiyadaman. To‘g‘ri, charchadik ham odamning yoshiga qaraganda. Lekin hozir ham yurtimizda bo‘lib turgan tadbirlarga viloyatlarga, tumanlarga taklif qilib, hurmat bilan chaqirib turadilar.

    Kimlar nima uchun "zapret" bo‘lganini men bilmayman. To‘y-ma’rakalarda ko‘rishamiz, lekin boshqa payt kam-kam ko‘rishamiz. Unday savollarni biz bermaymiz. Mening o‘zim hammayoqda kuylab, ashula aytib yuribman. Mana disklar ham chiqarib yuribman, videolar chiqarib turibman. Ko‘plari klip qiladigan bo‘lishdi. Endi men bu yoshda klip qilishga sal tortinaman.

    Mening o‘zimda hech qachon, hech kim tomonidan yoki davlat tomonidan ham kamchiligim yo‘q. Men xursandman hamisha. Endi bilmadim, biz Sherali bilan kam ko‘rishamiz. Toshkentda to‘ylarga men kam boraman. Sheralining o‘zining hayoti, o‘zi tushunadi. Men o‘zimning hayotimga javob beraman. Boshqalarni uncha aniq bilmayman.

    Bi-bi-si: Moskvadan Farrux "Bugungi kunda O‘zbekistonda kechayotgan siyosiy jarayonlarga munosabatingiz?" deya ijodingizga baraka, o‘zingizga sog‘liq tilab qolibdi.

    Ortiq Otajonov: Endi biz san’atkormiz. Bunday ko‘zimiz bilan qaraganda: hammayoq xursandchilik. To‘yxona ham ochiq, bemalol hammayoq gumbillab turgan, ashulalar qo‘ygan, yosh, katta-kichik hamma o‘ynab, xursand bo‘lib, "otangga rahmat" deb, quchoqlab, o‘pib, suratlarga tushib yurishibdi. Hammayoq to‘qchilik, biron-bir och yurgan odamni ko‘rmadik ko‘chada. Shuning uchun men siyosiy jarayonlarning bironta kamchilik tomonini ko‘rmadim.

    Bi-bi-si: O‘shdan savol yo‘llagan Odiljon Maxdumiy so‘rayapti: "Muhtaram Ortiq aka, sobiq ittifoq davrida qo‘shiqchi san’atkorlarning to‘ylarga borishi yomon olingan. Masalan, bu O‘tkir Hoshimovning "Bahor qaytmaydi" asarida va Said Ahmadning ko‘pgina hajviyalarida tanqid qilingan. Sizningcha, to‘ylarga borish qanday holat?".

    Ortiq Otajonov: "Chaqirilgan joyga bor, taklif qilingan joyga shoh boribdi" degan bir maqol bor. Bizni e’zozlab, taklif qilibdi ekan, nima uchun biz bormasligimiz kerak? Hurmatlab, bizning xalqimiz shunchalik e’zozlaydiki, o‘zi o‘tirmagan ko‘rpachalarni to‘shab beradi, o‘zi yemagan qo‘ylarini so‘yib beradi. Bir-ikki so‘m yig‘ib olib qo‘ygan bo‘lsa, uni ham hurmat qilib bersa, bundan ortiq hurmat bo‘ladimi?

    Million marta rahmat deymiz. To‘yga borish ayb emas hech qanday. Hammaning ham umrida niyati bo‘ladi: farzand o‘stirsam, uning voyaga yetgan kunlarini ko‘rsam, qizimning, o‘g‘limning baxtli kunini ko‘rsam deb yig‘lab, xursand bo‘lib o‘ynashadi. Bunga yetish hammaga nasib qilsin. To‘y ko‘rsinlar, biz san’atkorlar boraveramiz.

    Bizning O‘zbekistonimizda "to‘yga bormang" degan qonun ham yo‘q, "boring, halol xizmat qilib keling" deydi. Xalqdan duo olib kelish kerak. Insof bilan borib kelish kerak. Besh barmoqni og‘izga tiqmasdan, ozgina ahvoliga qarab, boraverish kerak.

    Bi-bi-si: Londondagi tinglovchimiz "Umr o‘tar" degan qo‘shig‘ingizning tarixi haqida so‘rabdi. Marhamat!

    Ortiq Otajonov: Xorazmda bir do‘stimning to‘yida rahmatli do‘stim, mashhur hofiz Otajon Xudoyshukurov bilan xizmatda bo‘lib turgandik. Otajon turib, shu Omon Matjonning so‘zini cho‘ziq ohangda ijro qildi. Keyin o‘sha yerda men bilan o‘tirgan do‘stlarimiz, shinavandalar "So‘z zo‘r ekanu, kuyi to‘g‘ri kelmabdi" deyishdi. Oddiy bir shinavanda sifatida shunday gapirib o‘tirishdi.

    Keyin men eshitib ko‘rdim-da, Toshkentga qaytib kelib, shoir Omon Matjonning huzuriga borib: "Omon aka, shunday bir so‘zingiz bor ekan, menga shuni bersangiz", – dedim. Omon aka bilan o‘shanda birinchi marta uchrashishimiz edi, 1980 yilda. Keyin "Ey, Ortiq, mayli, uka, meni yo‘qlab kelibsan, shu so‘zimni emas, senga birato‘la kitobimni sovg‘a qilib bera qolay, ichidan balki boshqa so‘zlar ham chiqib qolar" deb shu kitobini menga sovg‘a qilgan.

    Uyga keldim. Yuragimda aylanib yurgan kuy bor edi, shu to‘g‘ri keldi, shunga soldim va ashula qildim. 1981 yili, bir yildan keyin Yangi yil kechasi televideniyeda aytdim. Mana bugungacha ham xalqimiz so‘raydi, har xil qilib aytaveraman. O‘zim aytib ham hech to‘ymayman (xirgoyi qiladi):

    Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
    Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
    Omad o‘tar, baxt o‘tar,
    Lekin hech qachon chiqmas ëdimdan
    Sening yurishlaring, sening kulishlaring, sening kulishlaring...

    Bi-bi-si: Ortiq aka, Bi-bi-si bilan suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat! Muxlislaringizga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat!

    Ortiq Otajonov: Salomat bo‘lsinlar! Muxlislarimga uzoq umr tilayman. Ollohdan nima so‘rasalar yetishsin! Butun dunyoda yurgan, bizning san’atimizdan xabardor bo‘lgan, musulmonlar, do‘stlarimizning hammasini bugun Ramazon hayiti bilan muborakbod qilmoqchiman. Hamisha sog‘liqda ko‘rishaylik. Qayerda bo‘lsalar ham omon bo‘lsinlar, lekin o‘zbek san’atini hamisha tinglab borsinlar.

    Bi-bi-si: Sizga ham sog‘liq-salomatlik, ijodingiz yana ham gullab-yashnashini tilab qolamiz!

    Manba: Minbar.uz

    Фикрлар

    » » Mashhur hofiz Ortiq Otajonov o‘z ijodi, Xorazm "Lazgi"si va "Umr o‘tar" qo‘shig‘i haqida