Afsonaviy Oksana Chusovitinaning sovg‘asi toshkentlik Milana Pakka omad keltirdi

  • 07 iyun 2019, 08:43
  • 1 428
  • Madaniyat
  • Afsonaviy Oksana Chusovitinaning sovg‘asi toshkentlik Milana Pakka omad keltirdi
    «Detskaya Novaya volna-2019» tanlovida toshkentlik Milana Pak uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U uyga qaytib ketdi: oldinda yana bir hafta o‘qish va xayrlashuv oqshomida chiqish kutmoqda, deb yozadi Sputnik.

    «O‘qituvchilar mendan maktabda o‘qish tugashi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanada qo‘shiq kuylashimni so‘rashdi. Men Human qo‘shig‘ini aytaman, uni «Detskaya Novaya volna-2019» finalining birinchi kunida kuylaganman», — dedi Milana Pak Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.

    Foto: Sputnik
    Milana sakkiz yoshida Paris Je t'aime tanlovida eng yaxshi qo‘shiqchi deb topildi. Shu vaqtdan boshlab uni mashhur, gimnastika tarixida yetti karra olimpiya ishtirokchisi, sovet va o‘zbekistonlik sportchi Oksana Chusovitina qo‘llab-quvvatlaydi. U Milanaga besh yulduz tasvirlangan bilaguzukni sovg‘a qildi. Yosh qo‘shiqchi ta’kidlashicha, bu tumor unga g‘alaba qozonishga yordam beradi.

    Oleg Gazmanov: «O‘zbekiston sen bilan faxrlanishi kerak»

    «Detskaya Novaya volna-2019» tanlovida Milana Pak uning vokal-ustozi Valentina Martirosyan tomonidan yuborilgan arizasiga binoan qatnashdi.

    «U yetti yoshimdan mening eng sevimli ustozim», — deya tan oldi yosh artistka.

    «Biz «Detskaya Novaya volna» tanlovida o‘tgan yili ishtirok etishimiz kerak edi, biroq bora olmadik. Shu vaqtning o‘zida Sanremo Junior tanlovida qatnashish uchun ariza berganmiz, u yerda finalga chiqdik va Italiyaga borishga qaror qildik. Milana San-Remoda birinchi o‘rinni oldi», — deydi Milananing onasi Irina Pak.

    Vokal tanlovining yarim finali Moskvada o‘tkazildi. Unga yuzlab bolalar keldi, biroq finalga faqat 10 ta davlatdan 12 kishi o‘tdi: O‘zbekiston, Abxaziya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Litva, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Malta va Rossiyadan uch nafar ishtirokchi. Ozarbayjonlik xonanda kelishidan avval kasal bo‘lib qoldi va sahnaga 11 kishi chiqdi.

    Final bosqich mashhur «Artek» bolalar lagerida o‘tkazildi. Tanlov hay’atiga Oleg Gazmanov, Lev Leshchenko, Nikolay Baskov, Yulianna Karaulova va Yuliya Savicheva kiritildi. Hay’at raisi Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Igor Krutoy bo‘ldi.

    Foto: Sputnik
    Hay’at a’zolari bu yilda barcha final ishtirokchilari juda kuchli ekanligini tan olib, ilk bor g‘olibni tanlash qiyish bo‘lganini aytishdi.

    «Biz Milana bilan Yaltaga 10 kunga keldik, shu vaqtda tayyorgarlik ko‘rdik. Tanlov tashkilotchilar juda ajoyib – ular nafaqat finalchilarga, balki ularga hamroh qilgan kishilarga yo‘l va uch mahal ovqatlanishni o‘z ichiga olgan yashash xarajatlarini to‘lab berdi», — dedi Irina Pak.

    Milana Pakga tanlovning birinchi kunidayoq e’tibor qaratishdi. Irina oldiga o‘tgan tanlov qatnashchilari va hay’at a’zolari ham keldi.

    «Menga hay’at a’zolarining barchasi yoqdi. Chunki ular yulduzlar, hammasi yaxshi qo‘shiq kuylashadi. Esimda qolgani, ikkinchi kuni, hammasi tugaganidan keyin Oleg Gazmanov menga «O‘zbekiston sen bilan faxrlanishi kerak» deb aytdi», — deb qo‘shimcha qildi Milana.


    «Bolalar Yevrovideniye»da ishtirok etmaydi

    Milananing ota-onasi shou-biznesga hech qanday aloqasi yo‘q. Otasi – suzish bo‘yicha sport ustasiga nomzod, onasi esa sport gimnastikasi bo‘yicha sobiq ittifoq ustasi. Shuning uchun ularning uyida Oksana Chusovitina tez-tez mehmon bo‘ladi. Irina Pak u bilan 11 yil, terma jamoa tarkibida ishtirok etgan davrdan buyon do‘st bo‘lib kelgan.

    Foto: Sputnik
    «Har gal Milana tanlovlarda ishtirok etgan vaqtda, Oksana qo‘ng‘iroq qilib, uni qo‘llab-quvvatlaydi va juda xavotir oladi, maslahat beradi. Mana bugun ham qo‘ng‘iroq qildi, yaqin kunlarda mehmonga keladi», — deydi Irina Pak.

    «Mening orzuim – jahon yulduzi bo‘lish. Qaysidir mashhur odam bilan qo‘shiq kuylamoqchiman. Masalan, Ariana Grande yoki Beyonse. Yana shifokorlikka o‘qiyman», — aytadi Milana.

    «Detskaya Novaya volna-2019» tanlovida uchinchi o‘rin olish bilan Milana shu yil noyabr oyida o‘tkaziladigan «Bolalar Yevrovideniye» tanloviga borish huquqini qo‘lga kiritdi. Yosh xonandani bu bilan tabriklashni boshlashdi, biroq u tanlovda ishtirok etmaydi.

    «Hamma Milana sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Polshada qo‘shiq kuylaydi deb o‘yladi. Biroq u mehmon sifatida taklifnomasini oldi», — deya tushuntiradi Milananing onasi.

    O‘zbekiston «Yevrovideniye» tanlovida ishtirok etish huquqiga ega emas. Boshida mamlakat badal to‘lovini kiritishi va tanlovni efirga uzatish uchun ruxsatnoma olishi kerak — faqat shular mamlakat vakiliga sahnaga chiqish huquqini beradi.

    «Endi Milana ko‘proq o‘qishga e’tibor berishi mumkin, chunki vokal, xoreografiya, fortepiano mashg‘ulotlari ko‘p vaqtni talab qiladi. Biz uchun ta’lim birinchi o‘rinda turadi», — deb yakun yasadi Irina Pak.

    Фикрлар

    » » Afsonaviy Oksana Chusovitinaning sovg‘asi toshkentlik Milana Pakka omad keltirdi