19:15 / 23.06.2019
4 853

Ronald Klyayer: "Men baxtimni O‘zbekistonda topdim"

Ronald Klyayer: "Men baxtimni O‘zbekistonda topdim"
Taniqli rassom Ronald Klyayerning asarlari nafaqat yurtimiz, balki ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda ham namoyish etilib kelmoqda. Musavvirning ijodiy ishlariga Angliya, Rossiya va Qozog‘istonda qiziqish katta. Mana, 22 yildirki, golland rassomi Ronald Klyayer O‘zbekistonda yashab ijod qilmoqda. Rang-tasvir ustasining quyoshli o‘lkamizga muhabbati cheksiz. Uning ushbu iliq munosabatini asarlaridan, qolaversa, UzAnalytics saytiga bergan eksklyuziv intervyusidan ham bilib olsa bo‘ladi.

− Ronald, ilk marotaba O‘zbekistonga qachon kelgansiz?
‒ O‘zbekistonga ilk bor 1994 yilda kelganman. O‘shanda Niderlandlar Qirolligi akademiyasi talabasi edim va bir kursdoshim bilan taxminan 2 oyga keluvdik. U ilgari ham kelib-ketib yurgan. To‘g‘risi, O‘zbekistonga kelishni u menga taklif qilgan. U bilan mamlakat bo‘ylab sayohat qilganimiz, ko‘plab rassomlar bilan tanishganimiz esimda. U paytlar na o‘zbekcha va na ruschani bilardim. Shunga qaramay, men bu yurtni yoqtirib qoldim. Ko‘z o‘ngimda butunlay boshqacha olam, o‘ziga xos kolorit, tub aholining o‘zgacha mentaliteti namoyon bo‘ldi. Safar yakunlangach, uyga qaytib, o‘qishimni davom ettirdim.

− O‘zbekistonda yashash g‘oyasi sizda aynan qachon paydo bo‘ldi?
− 1997 yili akademiyani tugatgach, kelajagim, qayerda va qanday ijod qilishim to‘g‘risida o‘ylay boshladim, chunki Gollandiyada rassomlar ko‘p va ular orasida raqobat juda kuchli. U yerda ijod qilishni boshlash yosh va hali tanilmagan rassom bo‘lganim uchun moliyaviy qiyinchiliklarga oldindan ko‘nikish degani edi. Boz ustiga, ko‘pincha yosh rassomlar oldida ijod yo‘nalishini tanlash barobarida aynan qaysi yo‘ldan ketish masalasi ham ko‘ndalang turadi. O‘ylab ko‘rib, bir yilga boshqa mamlakatga ketishga qaror qildim va O‘zbekistonni tanladim. Ehtimol talabalik yillarimdagi o‘sha safar taassurotlari bu qarorga kelishimga sabab bo‘lgandir. 1997 yilda O‘zbekistonga bir yilga kelib, 22 yildan buyon shu yerda yashab, ijod qilib kelmoqdaman…

− Yashash joyingizni Yevropadan Markaziy Osiyoning bir mamlakatiga o‘zgartirganingiz sababi nima?
− Menimcha, rassom uchun chegara va ma’muriy bo‘linishlar u qadar ahamiyatli emas. Ijod qilib, ilhom oladigan joy eng yaxshi va qulay maskandir. Men O‘zbekistonda o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Birinchi yili bo‘lajak rafiqamni uchratdim va bu ham O‘zbekistonda qolish fikrimga ta’sir ko‘rsatdi. Umr yo‘ldoshim ham rassomlik bo‘yicha tahsil olgan. Menimcha, bu –taqdir.

O‘zbekistonda qolish haqidagi qarorim o‘z-o‘zidan ro‘y berdi. Men shu yerda qanchadir vaqt yashashim kerak deb o‘ylamaganman. Hozircha shu yerda yashab turibman, keyinchalik nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Men O‘zbekistonda yashayotgan Gollandiya vatandoshiman.

− O‘zbekistondagi hayot ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
− Gaagadagi tahsilimni tugatgach, abstrakt va yarim abstrakt yo‘nalishida ijod qilishni boshladim. Chunki golland rassomlari orasida bu eng mashhur yo‘nalish hisoblanadi. Ochig‘i, menga u yerdagi ijodiy muhit ta’sir qilgan. Ichki his-tuyg‘ularga e’tibor beradigan bo‘lsam, rassomlikning realizm yo‘nalishida ijod qilish menga ko‘proq yoqardi.

O‘zbekistonga kelgach, dastlab 2 yil mobaynida yarim abstrakt yo‘nalishda ishlashni davom ettirdim. Shu bois ham, 1999 yilgi Orolga bag‘ishlangan ko‘rgazmamdagi aksariyat kartinalarni abstrakt va realistik yo‘nalishlar omixta qilingan asarlar deyish mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan atrofda ro‘y berayotgan voqealarni chuqurroq tushuna boshladim va “bularni ko‘rsatib berish uchun realistik uslubda chizsammikan?” deb o‘ylab qoldim. G‘arblik inson sifatida men uchun atrofda qiziqarli narsalar ko‘p edi. Oddiy narsalarga boshqacha nazar bilan qarardim va nazarimda, ularda qandaydir falsafa yashiringandek.

Bundan tashqari, men bu yerdagi yorug‘likni boshqacha ko‘raman va qabul qilaman. O‘lkadagi yorug‘lik Gollandiyadagidan farq qiladi. O‘zbekistonda quyoshli kunlar ko‘p, yorug‘lik ham ancha yorqin bo‘lib, hatto soya joyda ham aks etadi. Barcha narsalarning iliq tusdaligi men uchun juda qiziq edi. Bu yerda hamma narsa juda yorqin, lekin kolorit o‘ziga xos vazmin. “Nima uchun kartinalaringiz bu qadar xira, qizil va yashil ranglar yo‘q”, deb mendan so‘rashadi. Men ularga “tabiatda emas, odamlarda bunday koloritni ko‘raman”, deb javob beraman.

Shu tariqa O‘zbekistondagi hayot menga ikki tomonlama ta’sir ko‘rsatdi. Birinchidan, bu yerda konseptual jihatdan realist rassomga aylandim. Ikkinchidan – yorug‘lik va koloritni boshqacha qabul qila boshladim.

“Meva, ziravor va nonlar”

− Ijodingizni tasviriy san’atning qaysi yo‘nalishiga taalluqli deb hisoblaysiz?
− Birinchidan, men asosan rang-tasvir bilan shug‘ullanaman. To‘g‘ri, “Biyennale” singari konseptual loyihalarim ham bor. Lekin rang-tasvir –jonu dilim. Men unda asosan ikkita: realistik va dekorativ tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha ishlayman. Dekorativ san’at deganda, yarim abstrakt janrdagi polotnolarni nazarda tutyapman.

− Ijodingiz asosini nima tashkil qiladi?
− O‘zbekistonda yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida yashab ijod qilayotganim ijodimda ma’lum darajada o‘z aksini topdi. Aniqrog‘i, Yevropa madaniyatini O‘zbekistonning o‘zim ko‘rayotgan zamonaviy hayoti bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilaman. Shu bilan birga, folklor, mahalliy madaniyatga ham juda qiziqaman. Oddiy qilib aytganda, farqli jihatim shundaki, ushbu ikki olamni ijodimda birlashtirishga harakat qilaman.

− O‘zbek hamkasblaringizning aytishicha, siz O‘zbekistonda baxtingizni topgan ekansiz.
− Ha, bu rost. Bu ijodimga ham, shaxsiy hayotimga ham taalluqli. Mo‘’jazgina qirolligim bor. Bu − mening ijodxonam, u yerda o‘zim sevgan ish bilan shug‘ullanaman. Yana suyukli rafiqam va qizim bor.

− Sizni nimalar ilhomlantiradi? Yangi asarlar uchun g‘oyalarni qayerdan olasiz?
− Men uchun birinchi manba – Markaziy Osiyo, bu nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston va shu kabi mamlakatlar hayotidir. Qayerda bo‘lmayin, hamisha insonlar turmush tarzi va umuman olganda, tabiat va bizni o‘rab turgan olamdan ilhomlanib ijod qilaman. Meni ko‘p narsa – bozorlar, odamlar, hattoki eski mashinalar ham ilhomlantiradi.

− Ijodingizda eshik bilan darvoza, ostonadagi ayollar obrazlari ko‘p uchraydi. Buning boisi nimada?
− Kartinalarimdagi eshik va darvozalar Markaziy Osiyo hayotini aks ettiradi va eng avvalo tarixdan so‘zlaydi. An’anaviy me’morchilik uslubidagi eski darvozalar tobora kamayib bormoqda. Ular o‘tmishga aylanib borayapti.

Ikkinchidan, darvoza va eshiklar bir olamdan ikkinchi olamga o‘tish ramzidir. Ko‘chadan uyga o‘tish ma’joziy ma’noga egadir, yana “tashqari” va “ichkari” o‘rtasida chegara mavjud. Va nihoyat, uchinchidan, uy darvozasi mazkur uyda istiqomat qiluvchilar, uy egasi haqida ko‘p narsalarni anglatadi.

Ostonadagi yoki darvoza oldidagi ayol obrazlariga keladigan bo‘lsak, bu men uchun Sharqning ramzidir. Viloyatlar bo‘ylab sayohatga chiqqanimda, darvoza oldida farzandlari bilan turgan ayollarni ko‘p uchratganman. Ularning menga nisbatan samimiyligi, mehmondo‘stligida Osiyo ramzini ko‘raman. Bu yerliklar – ochiqko‘ngil va samimiy. Gollandiyada bunday munosabat kam uchraydi.

“Eshiklar”

− O‘zbekistondagi qaysi rassomlarning ishi bilan ko‘proq tanishsiz? Ular haqidagi fikrlaringiz…
− O‘zbekistondagi deyarli barcha rassomlarni taniyman va ularning ijodi menga yoqadi. Abdulhak Abdullayev, Javlon Umarbekov, Xurshid Ziyoxonov, Akmal Nur, Fayzulla Ahmadaliyev, Jamol Usmonov va boshqalar. Musavvirlarning xammasini nomma-nom sanab berishning iloji yo‘q – bunga vaqt yetmaydi. Yaxshi asarlar ham juda ko‘p. Ijodimga O‘zbekiston rassomlarining ta’siri bor, albatta. Men hamkasblarimning shaxsiy ko‘rgazmalariga borib turaman va shuni ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston mahoratli mo‘yqalam ustalari bilan faxrlansa arziydi.

− O‘zbekiston aholisining 1001 ta portretidan iborat bo‘lgan “Biz” loyihasi haqida so‘zlab bersangiz.
− 12 yil oldin portretlar chizgan edim, biroq ularning o‘lchami kattaroq, mazmunan ham boshqacha edi. 2010 yilda men oq fondagi shunday portretlardan 210 tasini chizdim. Ular – O‘zbekiston bo‘ylab sayohatim davomida uchratgan odamlarning portretlari. So‘ngra ularni nima qilsam ekan, deya bosh qotira boshladim. Shunda kartinalarning katta to‘plamini yaratish fikri paydo bo‘ldi. 2013 yildan boshlab, aynan shu loyiha uchun 20-25 sm formatida portretlar chizishga kirishdim. To‘plamni men har kuni yoki har haftada emas, obrazlar paydo bo‘lishiga qarab to‘ldirib boraman. Ular orasida o‘zim bir paytlar uchratgan turli kasb egalari – oddiy insonlar portretlari bor. Vaqt o‘tishi bilan kartinalar sonini 1001 taga yetkazishga qaror qildim. Ushbu to‘plamdan hukumat a’zolari va O‘zbekiston prezidentining portreti ham o‘rin egallasa, qani edi. Ular ham loyihada qatnashishidan umidvorman.

Mazkur to‘plamdagi portretlarni barokko, Rembrandt uslubida chizyapman. Rembrandt kartinalariga mistika, texnika, umuman, o‘z qalbini jo qilgan. Men ham shunga harakat qilyapman. Ba’zan portret kutganimdan ham a’lo chiqadi. Ba’zan esa, buning aksi bo‘ladi va qaytadan ishlashimga to‘g‘ri keladi. Biroq eng muhimi – yorug‘lik va soya o‘rtasidagi ajoyib kontrastning mavjudligi. Chunki bu kontrastlar barokko uslubiga xosdir. To‘plamim san’atning aynan shu yo‘nalishiga asoslangan.

“Portretlar”

− Ko‘rgazmalaringiz qaysi mamlakatlarda tashkil etilgan?
− O‘zbekistonda ko‘plab shaxsiy ko‘rgazmalarim tashkil etilgan. Shu bilan birga umumiy ko‘rgazmalarda ham qatnashaman. Bundan tashqari, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Ukraina, bir necha bor Rossiya, Angliya va Amerikada ham ko‘rgazmalar tashkil qildim.

− Kartinalaringiz asosan qaysi mamlakatlarda sotiladi?
− So‘nggi paytlarda asosan “Biz” (1001 ta portret) loyiham ustida ishlayapman va deyarli kartina sotish bilan shug‘ullanmayapman. Umuman olganda, kartinalarim Qozog‘iston, xususan, Olma-Ota, Ostonada ko‘p sotiladi. Yevropa mamlakatlaridan esa Angliyada ularga qiziqish bor. Shuningdek, Moskvada ham ishlarim muvaffaqiyat qozongan.

Aslini olganda, kartinalarni sotish – mushkul ish. Asarlarimning aksariyat qismi xorijda sotiladi. Mahalliy xalq yorqin va yaltiroq ranglarni afzal ko‘radi, men esa vazmin, bosiq ranglarda ijod qilaman. Kartinalarimda yorqin ranglar bor, biroq bu tub aholi uchun “og‘irlik” qiladi. Shuning uchun ishlarimni ko‘proq g‘arbliklar yoqtiradi. 20 yillik ijodim davomida “eshiklarim”, ya’ni darvoza va eshiklar tasvirlangan polotnolarim muvaffaqiyatga qozondi. Negadir odamlar “eshiklarim”ga ko‘proq qiziqadi.

− G‘arbliklarni asarlaringizdagi qaysi jihatlar jalb qiladi? Ularga aynan nimani va qanday umumiy g‘oyani yetkazishga harakat qilasiz?
− Rassomning bo‘yoq va xolst yordamida butun boshli olamni tasvirlay olishini ko‘rib, hamisha qoyil qolaman. Talabalik davrimda san’atning ushbu turini o‘zlashtirishni va odamlarni uslubim, illyuziyalar yaratish qobiliyatim bilan hayratga solishni orzu qilar edim. Xolstda mana shunday ajoyib olamni yaratib, ixlosmandlarga tuhfa etish men uchun juda muhim. Shuning uchun ham rassom bo‘lganman. Ular kartinalarimdagi tasviriy san’atga bo‘lgan muhabbatimni his qilib xarid qilishiga umid qilaman.

G‘arbdagi san’at ixlosmandlariga kelsak, nazarimda, men tasvirlab berayotgan Sharq ularga qiziq.

O‘zbekiston deyarlio‘ttiz yil oldin mustaqil mamlakatga aylandi. Uning qanday mamlakat ekani va bu yerda nimalar yuz berayotgani g‘arbliklarni juda qiziqtiradi. Asarlarim orqali ularga ana shunday ajoyib, quyoshli va samimiy o‘lka borligini ko‘rsatib berishga harakat qilaman

− Kelgusi rejalaringiz haqida gapirib bersangiz.
− Birinchi navbatda, men yaqin 3-4 yil ichida “Biz” loyihasini tugatishni rejalashtirganman. Keyin barcha loyihalarimni to‘plab, Toshkentda kichik bir muzey tashkil qilmoqchiman. Orzuim – O‘zbekiston xalqlarining portretlari muzeyini tashkil etish.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ronald Klyayer: "Men baxtimni O‘zbekistonda topdim"