22:00 / 24.06.2019
6 764

Ziyo ko‘rinishida kirib kelayotgan xavfdan xabaringiz bormi?

Ziyo ko‘rinishida kirib kelayotgan xavfdan xabaringiz bormi?
Qiziga uylanmoqchi bo‘lgan ota haqida nima deysiz? Yoxud firibgarlik, aldov, ko‘zbo‘yamachilik bilan baxt-saodatga erishish xususida-chi? Boshqalarni xonavayron qilib, urishtirib, fitna chiqarish inson uchun huzur-halovat manbaiga aylanishi mumkinmi?

Xuddi shunday g‘oyalar imi-jimida qog‘ozga o‘rab, bolajonlar ong-tafakkuriga kiritish uchun ertak kitoblari shaklida taqdim etilishiga nima deysiz? Bu kabi ertaklarning g‘oyaviy, tarbiyaviy jihatlariga qanchalik e’tibor qaratiladi?

Afsuski, bu masalaga nash­riyotlardagi e’tibor jiddiy deya olmaymiz. Ayniqsa, o‘zbek xalq ertaklarida bu muammo yaqqol ko‘rinib turadi. «Bolajonlar uchun» rukni ostida nashr qilinayotgan ertaklarning aksariyatida mentalitetimizga mos kelmaydigan epizodlar, syujetlar, qahramonlar, diologlar va boshqa salbiy jihatlarni ko‘rib beixtiyor yoqa ushlaysiz. Maqsad bolalar tarbiyasimi yoki bolalar bahona biznes qilishmi?

Tuzuvchilar ertaklar sonini ko‘paytirishni o‘ylab, u yoq-bu yog‘ini o‘zgartirib, yangi «ertak» yaratish hollari tez-tez uchrab turibdi. Bu esa ertaklarning zerikarli, siyqasi chiqqan, bolalar tarbiyasiga to‘g‘ri kelmaydigan epizodlarga to‘lib ketishiga olib kelmoqda.
Boshqa sohalarda faqat daromadni o‘ylash qanchalik muhim, bilmadig-u, ammo ertak kitob­larni faqatgina daromad manbaiga aylantirish mamlakat va xalqning kelajagiga urilgan bolta, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bu borada ko‘p narsa nashriyotlarga bog‘liq. U yerda ishlayotgan muharrirlar har qanday kitobni nashr uchun qabul qilavermasligi lozim. Afsuski, bu muammo, deyarli, barcha nashriyotlarda mavjud.

Qayoqqa qarayapsiz, o‘rtoq muharrir?
Ertak kitoblari uchun ham sinchkov mutaxassisning xolis bahosi – taqrizi o‘ta muhim hisoblanadi. Ular ertaklarning milliy, g‘oyaviy, tarbiyaviy jihatlariga alohida e’tibor qaratishlari shart.
Misol sifatida «O‘bekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyotiga (keyingi o‘rinlarda «O‘zME DIN» deb yuritiladi) 2018 yilda kelgan bir nechta ertak kitoblarni milliy, g‘oyaviy, tarbiyaviy jihatdan tahlil qilib ko‘ramiz.

«O‘zME DIN»ga 2018 yilda murojaat qilgan «Kanizak qiz», «Aqlli qiz», «Susambil», «Quyosh yerining pahlavoni», «Bo‘ri bilan mergan», «Qirq yolg‘on», «Olmos botir», «Dunyo­­da yo‘q hunar», «Oltin baliq» sarlavhali kitoblarning to‘plovchilari bo‘lmish Zilola Asqaraliyeva hamda Mahbuba Hamdamovaning mazkur kitob­lari nashriyot jamoasi tomonidan qayta ishlanib, nashrga tayyorlanmoqda. Bu to‘plamlarga kirgan ko‘plab ertaklar nashrga yaroqsiz deb topildi va tuzuvchi bilan kelishgan holda kitobdan chiqarib tashlashga qaror qilindi. Keling, mazkur kitoblarga kirgan ertaklar misolida mavzuni biroz tahlil qilishga urinib ko‘raylik.

«Dunyoda yo‘q hunar» kitobidagi «Opa-uka» ertagida chol-kampir bolalari ko‘pligi uchun ularga ovqat yetkazolmay sarson yashashadi. Bir kuni ishdan kechikib kelgan chol bolalari ovqatni bir tomchi ham qoldirmay ichib qo‘yganini ko‘rib, jahli chiqqanidan ularni bir toqqa olib borib adashtirib keladi...

Endi bir necha bolasini shafqatsizlarcha adashtirib kelayotgan o‘zbek otasini tasavvur qiling. Ularni tiriklay o‘limga hukm etishga rozi bo‘lib uyida bemalol o‘tirgan onaizorni ham bir ko‘z oldingizga keltiring. Shu narsa xalqimiz xarakteriga to‘g‘ri keladimi? (To‘g‘ri, hayotda o‘z farzandini sotib yoki o‘ldirib yuborayotganlar ham uchrashi mumkin. Lekin bularni bolalar uchun ertak tarzida e’lon qilinishi qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?) Vaqtida bir mayizni bo‘lishib yegan, qiyinchiliklarga, ocharchiliklarga sabr qilgan ajdodlarimizning tutumi shunaqami? Shuni tuzuvchi his qilmaganmi?

Bunday epizodlar hayot haqiqatiga, o‘zbek mentalitetiga, xarakteriga zid bo‘lishi bilan birga, bolalar orasida targ‘ib qilinadigan holatlar emas. Ularning hech qanday tarbiyaviy ahamiyati yo‘q, aksincha, bolalarning ongiga salbiy ta’sir qilishi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bu ertakni o‘qigan bolajonning xayoliga nimalar kelmaydi deysiz? Hali endi-endi esini taniyotgan bolakaylarimiz: «Ha, demak, meniyam ota-onam tashlab kelishi mumkin ekan-da», degan xavotir bilan yashamasligiga kim kafolat bera oladi?

Qiziga oshiq ota
Bola – misoli oq qog‘oz, unga yaxshi so‘z yozilsa, yaxshi, yomon so‘z bitilsa, aksincha bo‘ladi. O‘zbek xalq ertaklari rukni ostida bunday to‘qimalarning berilishi o‘zini hurmat qilgan har bir muharrir, nashriyot xodimi, qolaversa, ota-onani befarq qoldirmasligi zarur.
Kitobni nashrga tayyorlash jarayonida mazkur ertak kitobdan olib tashlandi. Lekin ba’zi hollarda son ketidan quvish, bolalarni emas, ko‘proq gonorarni o‘ylash, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qarash bunday ertak­lar savdo rastalaridan o‘rin olishiga sabab bo‘lyapti.
«Kanizak va podsho» kitobidagi «Zulm va qasos» ertagida esa o‘z qiziga uylanmoqchi bo‘lgan podsho va keyinchalik otasidan qasos olgan qiz haqida gap boradi.

Qiz uydan qochib ketadi va yurib-yurib bir mamlakatga borib qoladi. Baxtiga, o‘sha mamlakat shahzodasining unga ishqi tushadi. Ular turmush qurishadi. Zamonning zayli bilan podsho bor-budidan ayrilib, qalandar gado holiga tushib, o‘z qizi malika bo‘lgan yurtda sarson-sargardonlikka mahkum bo‘ladi...

Bu ertakning syujeti rus xalq ertaklaridan shundaygina ko‘chirib olingan. Endi o‘ylab ko‘raylik: qaysi o‘zbek otasi bunday jirkanch ish haqida hatto o‘ylab ko‘ra oladi?! Bu kabi epizodlarning o‘zbek xalq ertaklari rukni ostida berilishi, shubhasiz, bizning mentalitetimizga, bolalarimiz ongiga bilib-bilmay qilingan hujum emasmi?
«Kanizak va podsho» kitobining yana bir ertagi – «Ahmoq jo‘ralar» ham bolalarga hech qaysi taraflama saboq bo‘la olmaydi, qaytaga ularning xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, yolg‘onni, firib berishni, nayrangbozlikni o‘rgatadi.

Ertaklar berayotgan «ta’lim»
Ertaklar zamirida yaxshilik, bag‘rikenglik, xokisorlik kabi yuksak g‘oyalar yotishi kerak. Boshqacha aytganda, ertaklar o‘quvchini yaxshilikka yetaklashi shart. Ayniqsa, o‘zbek xalq ertaklari milliyligimizdan, qadriyatlarimizdan, an’analarimizdan, boy tariximizdan va muqaddas dinimiz ta’limotlaridan oziqa olgan holda yaratilishi lozim.

«Ahmoq jo‘ralar» ertagidagi qirq kaldan biri o‘rtoqlarining o‘ziga kal deb laqab qo‘yib olganiga achchiq qilib, ko‘p nayrang­lar qiladi. Ertakda uning xunrezliklari batafsil bayon qilingan. U o‘rtoqlariga achchiq qilib, qanchadan-qancha yolg‘on-yashiq ishlatib, odamlarga firib berib boylik to‘playdi. To‘plagan boyligi bilan o‘rtoqlariga rosa maqtanadi, o‘rtoqlari uni ko‘rolmay hasad qilishadi. Hatto o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Lekin oxir-oqibat hasadgo‘y kal o‘rtoqlarining boshiga yetadi. Ya’ni qolgan o‘ttiz to‘qqiz kalni ham suvga cho‘ktirib o‘ldiradi...

Mazkur ertakka quyidagi ta’riflarni berish mumkin:
– ertakda hech qanday tarbiyaviy g‘oya mavjud emas, bolalarni aldoqchilik, firibgarlik, ko‘r-ko‘rona qasoskorlik, berahmlikka o‘rgatadi;
– uslubi ham o‘ta g‘aliz, og‘ir o‘qiladi;
– ertakda tushunarsiz so‘zlar talaygina. Masalan, «dangona qilmoq», «tirkish» kabilar;
– ertak turli to‘qimalar, uydirmalar, asosida yozilgan bo‘lib, hech qanday didaktik asosga, g‘oyaga ega emas.

Bolalarga ig‘vogarlik, chaqimchilik, hasadgo‘ylik, xusumatlashishdan «ta’lim beradigan» ertaklardan biri «Oltin baliq» kitobiga kiritil­gan «Chivinboy»dir. Unda bir ig‘vogar chivin, echkidan jahli chiqqani uchun, o‘ch olaman deb, o‘nlab hayvonlarning orasiga adovat urug‘ini sepib, ularni bir-biriga dushman qilib qo‘yadi. Xullas, echkini bo‘riga yedirmoqchi bo‘lib, bo‘riga arz qiladi, bo‘ri aytganini qilmagach, undan ham o‘ch olmoqchi bo‘lib, merganga borib, bo‘ri ovlashni taklif qilib, uni rosa yomonlaydi. Mergan ham uning ig‘vosiga uchmay haydab yuboradi. Chivinboy adovatlarining zanjirini davom ettirib, ovchidan sichqonga, sichqondan mushukka, mushukdan kuchukka, kuchukdan bolalarga, bolalardan momoga, momodan shamolga shikoyat qiladi. Shamoldan boshqa hech kim uning makriga uchmaydi.

Tuzuvchi mazkur ertakning oxirini chiroyli yakunlasa bo‘lardi. Ya’ni, chivinboyning barcha qilgan yomonliklari halqasi aylanib kelib o‘ziga tegsa va bundan ibratlanib, qilgan ishidan pushaymon bo‘lsa, ertakdan tarbiyaviy xulosa yasalsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
G‘oyasi buzuq ertaklar mazkur uch kitob – «Dunyoda yo‘q hunar», «Kanizak va podsho», «Oltin baliq»ning o‘zida uch-to‘rttalab uchraydi. Ularning har biridan yuqorida misol keltirganlarimizga o‘xshagan ertaklar chiqarib tashlandi va kitoblar ixchamlash­tirildi.

Tahrir – ma’naviyat bojxonasi
Qaysi nashriyot ertak kitoblar bosib chiqarayotgan bo‘lsa, ularning bir qanchasida yuqoridagi kamchiliklar uchraydi. Buning ildizi esa, asosan, daromad uchun, shoshilib, beparvo ishlash, ko‘chirmachilik, ko‘r-ko‘rona taqlid, malakali xodimlarning yetishmasligiga borib taqaladi.
Ertaklarning oxirida bolajonlarga voqealar mag‘zini chaqishga yordam beradigan xulosaviy izohlar – «qissadan hissa»lar kiritilsa, yanayam yaxshi bo‘lardi. Asl o‘zbek xalq ertaklarida bu qismlar mavjud bo‘lib, ertakda misoli epilog vazifasini bajaradi. «Qissadan hissa»larning kiritilishi uchun esa ertaklarning g‘oyasi mukammal bo‘lishi, ertak qismlari esa shu g‘oya atrofida birlashtirilishi lozim.

Endilikda O‘zbekiston Respub­likasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ham bolalar adabiyotiga oid nashrlarda, jumladan ertaklarda, albatta, taqriz bo‘lishi shartligi masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Agentlik tasarrufidagi barcha nashriyot xodimlariga bu masalaga jiddiy e’tibor berish vazifasi yuklatildi. Bu esa davlat tomonidan bolalar va ularning tarbiyasiga berilayotgan e’tiborning amaldagi ifodasidir. Shundan kelib chiqib, bolalar adabiyoti bilan bog‘liq barcha nashriyotlar taqriz masalasiga katta e’tibor qaratishi zarur. Buning uchun esa mualliflar va muharrirlar ilm ahli bilan hamkorlikda ish yuritishi lozim. Ilm-fan arbob­lari, taniqli yozuvchi-shoirlardan taqriz olish birinchi o‘ringa chiqishi lozim.

Ertak kitoblarni chop etish – o‘ta mas’uliyatli, murakkab, e’tibor talab qiladigan, ayni paytda xayrli ish. Chunki ertak kitoblar bolajonlarimiz ongu shuuriga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sirning ijobiy yoki salbiy bo‘lishi esa muallif, muharrir, olimlar va ziyolilarga bog‘liq.
Oybek HAYDAROV

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ziyo ko‘rinishida kirib kelayotgan xavfdan xabaringiz bormi?