10:53 / 29.06.2019
4 018

Buyuk tarix ko‘zgusi

Buyuk tarix ko‘zgusi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15 iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifini berar ekan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlagan edi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan “O‘zbekistondagi qo‘lyozma fondlari: muhofaza qilish, kataloglashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminarni mazkur tashabbusning amaliy ifodasi, de­yish mumkin. Soha mutaxassislari, qo‘lyozma fondlari bo‘yicha yetakchi ekspertlar, mashhur xattotlar ishtirok etgan anjumanda noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlarni muhofaza qilish, kataloglashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama etildi.

Ashirbek MO‘MINOV,
Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti bo‘lim boshlig‘i (Qozog‘iston):

— Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida amalga oshirilayotgan g‘oyat muhim ahamiyatga ega ilmiy loyihalarda hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Bu yerda tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar jahon standartlaridan yuqori, desam, xato bo‘lmaydi. Albatta, bu O‘zbekistonda yosh tadqiqotchilar va mutaxassislarga katta e’tibor qaratilayotganidan darak beradi.

Bugungi ko‘rgazmadan maqsad hozir iste’moldan chiqib, yo‘qolib borayotgan xattotlik san’atini yanada jonlantirishdir. Biz bir necha yillardan beri bu yo‘nalishda musobaqalar o‘tkazib kelamiz. Ularda dunyo miqyosida xattotlar qatnashadilar. Islom madaniyati markazlaridan biri — Samarqandda xalq­aro islom xattotligi ko‘rgazmasini tashkil qilganimizdan benihoya xursandmiz. Bu yerdan o‘rin olgan xattotlik namunalari turli ­musobaqalarda g‘olib bo‘lgan asarlardir.

Islom hamkorlik tashkilotiga 56 mamlakat a’zo. Avvallari tashkilot faoliyatida Shimoliy Afrika, arab mamlakatlari, Eron va bosh­qa davlatlar faol harakat qilar edi. Hozir Markaziy Osiyo respublikalarining harakatlari sezilarli darajada oshdi. Mintaqa mamlakatlarida muhim o‘zgarishlar ro‘y ­beryapti, madaniy yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. So‘nggi ikki yilda ­islom olamiga O‘zbekistonning katta kuch bilan qayta qadam qo‘yganiga guvoh bo‘lyapmiz. Umid qilamizki, kelajakda o‘zaro hamkorligimiz yanada rivojlanadi.

Xalit EREN,
Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti (IRSIKA) Bosh direktori (Turkiya):

— O‘zbekistonda ­Prezident Shavkat ­Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarni, islom dini ta’limotini chuqur o‘rganish, ilm va tamaddun g‘oyalarini tar­g‘ib etish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlarda ilgari surayotgan tashabbuslarini biz juda katta qiziqish va mamnuniyat bilan ­kuzatib bormoqdamiz. ­IRSIKAning asosiy vazifasi ham butun dunyoda ­islom tarixi, san’ati va madaniyatini keng tar­g‘ib etishdan iborat. Shu jihatdan qaraganda, mazkur yo‘nalishdagi faoliyatimiz, g‘oya va tashabbuslarimiz o‘zaro hamohang­dir. Buning uchun O‘zbekiston Prezidenti­ Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimizni bildirishni istardim.

Qisqa muddatda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tad­qiqot markazining islomiy merosni o‘rganish bo‘yicha yirik ilmiy, madaniy muassasaga aylanishini, ochig‘i, kutmagan edik. Bu, albatta, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari samarasidir.

Mazkur tadbirdan maqsad — islom diniga oid nodir manbalarni bezavol asrash, qo‘lyozmalarning to‘g‘ri saqlanishini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdan iborat. Shuningdek, tobora kamyob bo‘lib borayotgan xattotlik san’atiga e’tibor qaratish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Kelajakda hamkorlikda xattotlar uchun mahorat darslarini tashkil qilishni rejalashtirganmiz.

Habibillo SOLIH,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi, xattot:

— Ajdodlarimiz ilm-ma’rifat mash’alalarini olam ahliga ma’naviy meros qilib qoldirganlar. Bugungi kunda ularni chuqur tadqiq qilishga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilayotgani barchamizni birdek quvontirmoqda. IRSIKA tash­kiloti qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq etish bo‘yicha uzoq yillik tajribaga ega. Ajdodlarimizning yozma meroslari, kitobat san’ati butun olamga ma’lum va mashhur.

Dunyo qo‘lyozma fondlarini to‘ldirib turgan asarlarimiz nusxalari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizga qaytib kelmoqda. Ularni tarjima qilish, xalqimizga yetkazish ishlari ham boshlab yuborildi.

Ta’kidlash kerakki, ulug‘ ajdodlarimiz amal qilgan “Ustoz — shogird” an’analari tufayligina mumtoz yozuv san’ati bizgacha yetib kelgan.

Bu kabi xalqaro seminarlar orqali mamlakatimizning malakali xattotlari tomonidan ishlangan asarlarni keng ommaga, xalqaro mutaxassislarga tanishtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdamiz. Anjuman ajdodlarimizning boy ilmiy salohiyati, noyob iqtidori sahroga tomgan suv kabi yo‘qlikka yuz tutmagani, balki noyob qo‘lyozmalar, betakror yozuv madaniyati, xattotlik san’ati orqali hanuz yurtdoshlarimiz, olim va tadqiqotchilarimiz ruhiyatida yashab kelayotgani, bu iqtidor va salohiyat Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi singari ilmiy muassasalar orqali yuzaga chiqayotganini ko‘rsatmoqda.

Shovosil ZIYoDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori:

— Bugungi kunda respublikamizning turli ilmiy-tadqiqot markazlari, qo‘lyozma fondlari, muzey va kutubxonalarida 100 mingga yaqin nodir qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Ular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning nodir asarlari mavjud. Markazimiz ushbu manbalarni tadqiq qilish va xalqimizga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Mazkur yo‘nalishda jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, muzey va kutubxonalari bilan hamkorlik qilyapmiz.

Ushbu xalqaro seminarda qo‘lyozmalarni saqlash va ­tadqiq etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni muhokama qildik. Soha mutaxassislari oldida turgan muhim vazifalardan biri nodir manbalarga shikast yetishining oldini olish, qo‘lyozmalarni kataloglashtirish, ularni yuqori sifatdagi raqamli formatga o‘tkazish choralarini ko‘rishdan iborat.

Ayni vaqtda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan allomalarimiz asarlarini nafaqat tarjima qilish, balki ana shu nodir manbalarni aholi turli yosh toifalariga mos, ularning psixologik holati, bilim saviyasini inobatga olgan holda nashr etish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz. Shu yo‘l bilan qadimiy qo‘lyozmalarga yangi hayot baxsh etish, umrini uzaytirish, ushbu asarlarning odamlarimiz kitob javonlariga kirib borishiga ­erishamiz.

Omonulla FAYZIYeV yozib oldi.

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Buyuk tarix ko‘zgusi