07:13 / 24.07.2019
3 606

Orhan Durgut nima qilmoqchi?

Orhan Durgut nima qilmoqchi?
Prezidentimiz shu yilning 15 iyun kuni Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti”da so‘zlagan nutqida Osiyoda hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va rivojlantirish,o‘zaro ishonch choralarini oshirish bo‘yicha davlatimizning qator taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Xususan, “Dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi va bunda Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini bildirdi.

Turkiyalik taniqli fotograf Orhan Durgut ham mazkur tashabbusdan ruhlanib, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘zining fotoko‘rgazmasini tashkil etish taklifini bildirdi.

Fotogrof o‘z asarlarda dunyoning 33 davlatidagi 60 ta Islom shaharlarining tarixiy bino va muqaddas qadamjolarini aks ettirgan.

E’tiborli jihati, fotograf Imom Buxoriy ilmiy safarlarda bo‘lgan Makka, Madina, Basra, Kufa, Bag‘dod, Damashq, Qaysariya, Asqalon va E’zobshaharlarida bo‘lib, u yerdagi mashhur Islom madaniy meroslarini o‘z ijodida aks ettirgan.

Orhan Durgutning foto jamlanmasidan O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Termiz shaharlarida joylashgan muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar xususan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Registon ansambli, Shohizinda, Ichan Qal’a, Hakim At-Termiziy, Xasti Imom, Ko‘hna Ark kabi mashhur tarixiy obidalar va maqbaralar ham o‘rin olgan.

Mazkur xalqaro fotoko‘rgazma Imom Buxoriy tavallud topgan oy (810 yil 20 iyul) munosabati bilan tashkil etilayotganligi bois, muhaddisning “Sahih al-Buxoriy” asarining qo‘lyozma nusxalari ham ko‘rgazma doirasida xalqimiz e’tiboriga havola etildi.

Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy asarining qo‘lyozma nusxalari”va “Dunyo Islom shaharlari” nomli xalqaro fotoko‘rgazma joriy yilning 19 iyulidan 19 avgustiga qadar davom etadi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan davra suhbatida sohani yanada rivojlantirish yuzasidan professorlar islomshunos mutaxassislarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim vazifalar belgilab olindi.

Orhan Durgut – turkiyalik fotograf:
Men so‘nggi paytlarda dunyo mamlakatlarida islom diniga nisbatan bo‘layotgan asossiz xurujlarni ko‘rib, eshitib ich-ichimdan qiynalardim. Bu jarayonda qanday yordam bera olishim mumkinligi haqida o‘ylardim. Shundan so‘ng, kasbim fotograf bo‘lganligi uchun Islom shaharlariga safar qilishni va u yerdagi qadimiy bino va inshootlar, muqaddas qadamjolar, maqbaralarni fotolarini to‘plashni, to‘plangan fotolarni xalqaro darajadagi ko‘rgazmalar tashkil qilib, namoyish etishni, ushbu ko‘rgazmalar orqali Islom dinida bo‘lgan, uning sofligi uchun kurashgan ajdodlarimiz yuksak aql-zakovot sohibi va bunyodkor insonlar bo‘lganini isbotlashni o‘z oldimga maqsad qildim. Shu maqsad yo‘lida bir necha yillar mehnat qildim. 60 dan ortiq islom shaharlarida bo‘lib fotolar to‘pladim.

Ushbu fotoko‘rgazmamni birinchi marotaba O‘zbekistonda tashkil etmoqdaman. Samarqandda tashkil etish fikri esa, bu zaminda islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan.

Qolaversa, Prezidentingiz yaqinda Tojikistonda o‘tkazilgan sammitda Osiyoda dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. Va, bu muloqotni amalga oshirishda Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini aytdi.

Ko‘rgazma Imom Buxoriyning tavallud sanasi arafasida tashkil etilganidan benihoya xursandman. Bunda menga yaqindan yordam bergan barcha tashkilotchilarga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.
Umid SORIYeV

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Orhan Durgut nima qilmoqchi?