13:53 / 05.08.2019
6 878

Termizda cho‘pon kashf etgan yodgorlikni bilasizmi? (foto)

Termizda cho‘pon kashf etgan yodgorlikni bilasizmi? (foto)
Qum barxanlari ostida qolib ketgan Fayoztepa yodgorligining kashf etilishi termizlik cho‘pon Absad Baknayev hayoti bilan bevosita bog‘liq. Bu yodgorlikning kashf etilishi haqidagi maqola bilan O‘zA bo‘lishdi.

Termiz shahri yaqinidagi Eski shahar xarobalarining shimoli-g‘arbiy qismida — Fayoztepa yodgorligi milodiy I—III asrlarga oid vixara tipidagi buddaviylik monastir-ibodatxonasi hisoblanadi.

Qadimshunoslarning o‘rganishlariga ko‘ra, bu yerdagi monastir maydonidagi xonalarda rohiblar va monastir talabalari istiqomat qilgan. Monastirda o‘quv xonalari, zallar, ziyoratchilar to‘xtab o‘tadigan yotoqxonalar bo‘lgan. Xonalar devorlarida pilta chiroq yoritgichlari uchun tokchalar ishlangan. Ayrim xonalarning devori ostida budda haykallari va ularni o‘rnatish uchun supa-tagkursilar qurilgan.

Arxeolog-olimlarning fikricha, diniy marosimlar to‘xtagan vaqtda monastir sajdagohlarida rohib va talabalar, ziyoratchi-sayyohlar markaziy ibodatxonada o‘z ibodatini amalga oshirgan.

Qum barxanlari ostida qolib ketgan Fayoztepa yodgorligining kashf etilishi termizlik cho‘pon Absad Baknayev hayoti bilan bevosita bog‘liqdir. Cho‘pon 51 yil muqaddam bahor faslida Eski Termiz hududidagi yaylovda chorva mollarini boqib yurganida ko‘chma qum ustida yotgan antiqa topilmaga duch kelib qoladi. Uni Termiz o‘lkashunoslik muzeyiga topshiradi. Topilma mergeliy ohak toshidan ishlangan budda sanami bo‘lib chiqadi.

Ana shu topilma sabab bo‘lib, mazkur yodgorlik arxeolog L.I.Albaum tomonidan o‘rganiladi. Fayoztepa maydoni uchma qumlar uyumidan tozalangach, uning me’moriy tarhi ochilib, ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.

Qadimshunoslar Fayoztepani atroflicha o‘rganib, uning uch qismdan iborat monumental inshoot, ya’ni markaziy qismi to‘g‘ri to‘rtburchak ayvon hovlili ibodatxona va uning atrofi bo‘ylab joylashgan 20 ta xonadan iborat buddaviylik monastir-ibodatxonasi bo‘lgan noyob yodgorlik ekanini aniqladi. Qadimshunoslar binoning shimoli-g‘arbida monastir, janubi-sharqida xo‘jalik qurilish inshootlarini topgan. Yodgorlikning umumiy uzunligi 117 metrga, kengligi 34 metrga teng bo‘lgani aniqlangan. Majmuaning umumiy maydoni 1,5 ming metr-kvadratga yaqin bo‘lib, u Eron sosoniylarining bosqinchiligi natijasida xarobaga aylanib qolgan.

Ibodatxona tarkibining asosiy qismlaridan biri — stupa bo‘lib, u boshqa ibodatxonalardagiday, hovlining o‘rtasida emas, balki uning tashqarisida, muqaddas sajdagohning to‘g‘risida joylashgan. Budda ibodatxonasining eng asosiy sajdagohi hisoblangan stupada dastlab budda va eng yaqin avliyolarining narsalari saqlangan. Keyinchalik stupalar ostiga budda haykallari, muqaddas kitoblar ko‘milgan.

Stupalarning gumbazsimon uslubda qurilishi koinot ramzini ifodalagan. Stupalar usti tilla suvli naqshlar, tag qismlari kapitellar bilan bezatilgan. Fayoztepa stupasi muqaddas sajdagoh g‘isht to‘shalgan yo‘lakcha bilan bog‘langan. Ibodatxonaning muqaddas sajdagohida budda haykallari joylashgan, sajdagoh devorlari rang-barang devoriy suratlar bilan bezatilgan. Devorlar osti bo‘ylab balandligi to‘rt metr keladigan budda haykallari qo‘yilgan. Ko‘pchilik haykallar qizil rang bilan bo‘yalib ustidan oltin suvi yurgizilgan. Sajdagoh janubiy devorida qizil kiyimda Budda tasviri saqlangan. Uning ikki tomonidan uzun kiyim kiygan ikki odam tasviri tushirilgan.

Fayoztepa haykallari orasida buddaning ganchdan yasalgan bosh qismi e’tiborni tortadi. Tutamlangan qop–qora sochlari, fusunkor chehrasi unga go‘zallik bag‘ishlaydi. Kushon madaniyati tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis, akademik B.Ya.Staviskiy buddaning bunday ishlanishi kushonlar davri yodgorligida birinchi marta uchragan noyob topilma ekanini alohida ta’kidlagan. Ushbu sajdagoh eshigi qarshisida yaxlit mergeliy toshidan yasalgan nodir san’at asari — triada topilgan. Triada markazida ipak mantiyaga o‘ralgan budda arka va muqaddas bodxa daraxti shoxlari ostida o‘tiribdi. Ikki yonida tik turgan rohiblar unga iltijo qilib turgan holatda tasvirlangan. Sajdagohda Kushon podsholaridan Kanishka va Vasudevalarning tangalari topilgan.

Ibodatxona hovlisi devorlar bo‘ylab yaxlit ayvon bilan o‘ralgan. Ayvon devorlari rang–barang devoriy rasmlar bilan bezatilgan. Ayvon osti bo‘ylab supa joylashgan.

— Eski Termiz shahar xarobalarining shimoli-g‘arbida Qoratepadan 1 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Fayoztepa noyob tarixi va arxeologik topilmalari bilan dunyo ahlini lol qoldirmoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi, arxeolog-tadqiqotchi Z. Alimardonova.

— Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailand va boshqa turli davlatlardan ko‘hna Termizning buddaviylik obidalarini ko‘ramiz, deb kelayotgan sayyohlarning soni ko‘paymoqda. 2000 ming yil avval bu yerda barpo etilgan Fayoztepa ibodatxonasi, bundan yigirma asrlar muqaddam budda dinining markazi bo‘lgan Termiz dunyoga quchoq ochib, dunyo ahlini o‘z bag‘riga chorlamoqda.

Shunday qilib, yarim asr ilgari cho‘pon bobo topib olgan budda sanami mutaxassislar e’tiborini tortgan qadimiy yodgorlik endilikda mahalliy va xorijlik arxeologlar hamda sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yurtimizning boy tarixini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qazish ishlari natijasida bu yerdan topilgan budda haykallari, sopol idishlar, kosa va ko‘zachalar, ohaktoshdan ishlangan me’moriy bezaklar, sopol chiroqdon kabi buyumlar sayyoramizning turli hududlaridan kelayotgan turistlarda boy taassurot uyg‘otmoqda.

Joriy yilning 22—27 avgust kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan «O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat» Meros haftaligi ishtirokchilari Fayoztepa yodgorligi bilan ham yaqindan tanishib, o‘tmishdagi ajdodlarning hayot tarzi va hududning rivojlanish bosqichlari haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Termizda cho‘pon kashf etgan yodgorlikni bilasizmi? (foto)