13:04 / 17.08.2019
3 355

Artib tashlang dildan siyohni

Artib tashlang dildan siyohni
Artib tashlang dildan siyohni
(Alamzadalarga)

Paydo bo‘libdiki, ahli odamzot,
Dunyoda mavjuddir turfa to‘dalar.
Ular orasida ayricha jonzot,
Ajab yaratiqdir alamzadalar.

Suvrati ayondir balki, sizlarga,
Balki, ta’riflashga yo‘qdir ehtiyoj.
Ehtimol, uchrab bu fojir ko‘zlarga,
Balki, tuhmatiga to‘lagansiz boj.

Bu qavm to‘n bichmas qarab bo‘yiga,
Ko‘rpasiga qarab uzatmas oyoq.
Lekin istaydiki, ko‘cha-ko‘yida
Hamma ta’zim qilsa ko‘rgan damdayoq.

O‘ziniki bo‘lsa davralar to‘ri,
Baland minbarlardan tushmasalar hech.
Yurar yo‘llarida quyosh, oy nuri —
Atlasday to‘shalib yotsa erta-kech.

Ularning uslubi beor, beomon,
Biri Toshkandayu, Rumda birlari.
Habash ko‘ppagiga aylanar shu on,
“Ol!”, deb olqishlasa, agar pirlari.

Ayonki, har kimga otilmagay o‘q,
Tanlashar, avvalo, omadlilarni.
Visir-visirlarga vaqtu hushi yo‘q —
Muhtaram, alpona qomatlilarni.

Kimki bo‘ysunmasa, qismati ayon:
Tirnoqlar ostidan axtarishar kir.
Kurk tovuq go‘ng sochib, qidirgandek don,
Yetti ming pushtingni titkilar bir-bir.

Shu g‘ajir podaga duch keldim men ham,
Avval hayron bo‘lib qoldim, anchayin.
Andishalar qilib, indamay tursam,
Qutirdi, indamay turganim sayin.

Sochimning oqiga yopishdi biri,
Biri intiq kutar, shishaday sinsam.
Fano dashtlarida, adam yomg‘iri —
Asad tomchisiday yo‘qolsam — tinsam...

Ey, falak! Bu kaslar nega asabiy,
Nimadan to‘ymaydi bu g‘alamuslar?
Tuprog‘i qaydandir, nedir nasabi,
Ilonmi, chayonmi yo kalamushlar?

Yaramagan bo‘lsa, poygaga oti,
Yetolmagan bo‘lsa, manzil-marraga
Kimga zaril endi alam, faryodi,
Qanday ehtiyoj bor zaqqum-zardaga?!

Axir, xalqumi deb, xalqini sotgan,
Kaslar-ku, bu zotlar — munofiq, chatoq;
Iyagiga dovur qarg‘ishga botgan,
Odam shaklidagi iblis-ku, olchoq!

Tangrim, omad bergin mayli, ularga,
Ko‘zlari behuda yoshlanmasinlar.
Ammo yaxshilarga duch kelgan damda,
Ochofat yirtqichdek tashlanmasinlar.

Agar omon bo‘lsa, zarra vijdoni,
Yig‘ishtirsin yirtiq etaklarini.
Qog‘ozdek yondirsin, yoqsin yolg‘onni,
Yondirsin mulavvas ertaklarini.

Faqat, tez daf qilsin g‘arazgo‘y shonni,
Dilbar so‘zlar bo‘lsin baytu bayotda.
Agar shoir bo‘lsa, ustoz Cho‘lponday,
Bog‘lar barpo qilsin adabiyotda.

O! Bu kun naqadar cheksiz, bepoyon,
Vatandoshlarimiz orzu o‘ylari.
Yaratmoq tuyg‘usi kezmoqda shoyon,
Ko‘klanib bormoqda Orol bo‘ylari.

Siz ham ginalarni bas qiling, tamom!
Nonko‘rlarcha bermang yolg‘on va’dalar.
Bugun ona yurtga bitta bo‘lsa ham
Dardu bedavodir alamzadalar.

Bir paytlar inidan haydalib, har yon,
To‘zib-to‘zg‘ib ketgan qushlar singari;
Yana uylariga qaytmoqda shodmon
Tariqday sochilgan o‘zbekning bari.

Tikon devorlarga qoldi kunimiz,
Qancha olishdik “to‘s-to‘s”chilar bilan.
Bugun yana do‘stmiz, og‘a-inimiz,
Ming yillik qadrdon qo‘shnilar bilan.

Aldov-adovatning tishlari sindi,
Adlu adolatdan so‘zlar so‘zimiz.
Hey! Siz, kimlar bilan raqibsiz endi,
Qachon uyg‘onadi, ko‘rmi, ko‘zingiz?!

Oydin oqshomlarda yashnab turar oy,
Olmosday yarqirar adrasli tonglar.
Sizning dilingizga qo‘nmasmi chiroy
Ketmasmi ko‘kayda zanglagan, zanglar.

Bugun o‘lkamizni quchayotir shon,
Qurish, bunyodkorlik davridir bu dam;
Shubhasiz, manzilga yetajak karvon,
Shubhasiz, yashnagay, Vatan sizsiz ham.

Tezroq artib tashlang dildan siyohni,
Shu yurtga bor jonu jahonni tiking.
Sochlarini silab bitta giyohni,
Har kuni bir jambil, bir rayhon eking.

Keling, bitta tanu bitta musht bo‘lib,
Shu qutlug‘ zaminga tikaylik jonni.
Dala-dasht gullarga ketsinlar to‘lib,
Chamanga burkaylik O‘zbekistonni!
Abdusaid KO‘ChIMOV.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Artib tashlang dildan siyohni