15:20 / 18.08.2019
4 406

Davlat tashkilotlarining oldida san’atkorlarning hurmati bormi? Ozodbek Nazarbekov javob berdi (video)

Davlat tashkilotlarining oldida san’atkorlarning hurmati bormi? Ozodbek Nazarbekov javob berdi (video)
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov «Daryo» internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

«O‘zbekkonsert»da 2017 yilda «Qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir estrada xonandasining asosiy insoniy fazilatiga aylanishi lozim», deb nomlangan majlis bo‘lib o‘tgan edi.

Ushbu majlisda Ozodbek Nazarbekovning «Davlat tashkilotlari oldida san’atkorlarning hurmati yo‘q», mazmunidagi quyidagi fikrlari jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Quyida o‘sha fikrlarni to‘liq keltirib o‘tamiz.
Davlat tashkilotlari oldida san’atkorlarning hurmati yo‘q. Davlat tadbirlari haqida gapirmayapman. Tashqi ishlar vazirligida tadbir bo‘ladi yoki prokuraturada, oddiy o‘tirish qiladi, masalan, Navro‘zga atab yig‘ilishadi. Shu tadbirga nonni pulga olishadi, suvni pulga olishadi, restoranni pulga zakaz qilishadi, lekin san’atkor tekinga borishi kerak. Hurmat ham shunga yarasha bo‘ladi. Ozgina kechiksangiz do‘q qilib, urushib berishadi.

Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti

Jurnalist Feruz Muhammad O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Ozodbek Nazarbekovdan «bugungi kunda san’atkorlarga davlat tashkilotlari tomonidan hurmat va e’tibor qandayligi»ni so‘radi.

Bu masala haligacha dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Hozir ham shu gaplarni aytishim mumkin. Boshqa tashkilotlarni ko‘nikib ketgan holati borki, u ham bo‘lsa, san’atkorlarni xizmat qildirib, ularga haq to‘lamaslik holatidir. Bu ularning qon-qoniga singib, har bir hujayralariga joylashib bo‘lgan. Buni bir kunda yo‘qotib yoki to‘xtatib qo‘yish menimcha imkonsiz narsa.

Hozir san’atkorlardan so‘rashingiz mumkin, oxirgi ikki yil ichida, hamma tadbirlarda san’atkorlarning o‘tiradigan, ovqatlanadigan joylar tashkil etildi. ‘San’atkorlarning gonorarlari 100 % to‘lanmoqda’, deb ayta olmayman, ammo hech bo‘lmasa sharoit yaratilmoqda. San’atkorga hech bo‘lmasa malol kelmaydigan holati, eng minimum holati shunaqa bo‘lyapti. Malol kelmaydigan holati deyilgani qanaqa bo‘lyapti, ya’ni ilgari Andijonda tadbir bo‘ladigan bo‘lsa, san’atkorga «borasan!», deyilardi tamom. «Qanaqa borasan, kim bilan borasan, qayerda yotib, qanday ovqatlanasan» deb so‘ralmas edi. Oxirgi vaqtlarda yo‘l haqlari, yotoqxona, ovqatlanish masalalari hal qilinmoqda. Buni barcha san’atkorlar e’tirof qilishlari mumkin. Imkon qadar ushbu masalalarni nazoratga olyapmiz.

O‘sha vaqtda, men baralla ayta olaman, u gap Nazarbekovning o‘zining talabi sifatida gapirilgan gap emas edi, xudoga behisob shukr, bu meni o‘ylantirgan muammo emas edi. Qayerga borsam hurmatim joyida edi. O‘sha gapni gapirgan vaqtimda davlat muassasalarining orkestr jamoalari, raqqosalar, xor jamoalarida ishlaydiganlar 250 ming, 300 ming so‘m, eng ko‘p oylik oladiganlar bo‘lsa 400 ming so‘m oylik oladigan xodimlar edi. Bu gap, o‘shalarning nomidan gapirilgan gap edi.

Ko‘zim bilan ko‘rgan holatlar bor. Tadbirlarda o‘nlab san’atkorlar, ikki soatlab koridorda tik oyoqda turardi. Eng qizig‘i, soatlab tik turgan san’atkorlarning ko‘zini oldidan ovqat tashib, mehmonlarga xizmat qilinar edi. Lekin san’atkorlarga bir burda non berilmas edi.

O‘sha vaqtda Tashqi ishlar vazirligi yoki prokuratura deb gapirganimda ham, ‘aynan ushbu tashkilotlar shunaqa qildi’, degan ma’no yo‘q edi. Bu gapim umumiy ma’noda gapirilgan edi. Uni boshqa tomonga ham burib tashlashdi.

Davlat tadbirlari deganim, bu protokol asosida keladigan tadbirlar emas, balki tashkilotlar tomonidan qilinadigan, norasmiy tadbirlar haqida gapirgan edim. Ammo buni har kim xohlaganicha, o‘ziga ma’qul tomonga burdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, xohlaymizmi yoki yo‘qmi bu muammo, inson mehnat qilganidan so‘ng unga haq olishi kerak, tamom, boshqa gap yo‘q. Majburiy mehnat, misol uchun o‘qituvchilarni ko‘cha tozalashi qanaqa e’tirozlarga, muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Bu muammo bo‘lgani uchun muhokama bo‘lmoqda.

Davlat muassasalarida san’atkorlar faqatgina oylikka ishlab, yana ishdan keyin qaysidir tashkilotning tadbirida xizmat qilsa-yu, bunga haq to‘lanmasligi bu muammo. Buni hal qilmasa bo‘lmaydigan masala, bu xuddi shu o‘qutuvchilarni ko‘cha tozalashga o‘xshagan narsa, bu majburiy mehnat. Bunga hech kimning haqqi yo‘q.

Ertami kechmi bu muammo hal bo‘ladi. Hurmatli bosh vazirimiz bir yig‘ilishda «qaysi tashkilot, qaysi hokimyat, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, agar madaniy tadbir o‘tkazadigan bo‘lsa, uni albatta Madaniyat vazirligi bilan kelishib, uni kerak bo‘lsa mazmunini kelishib, har tomonlama kelishuv asosida tashkil qilish masalasini o‘rtaga qo‘ydilar. Bu bugungi kunda hukumatni ham qiziqtirayotgan muammolardan biri, bunga hukumat ham chek qo‘ymoqchi.

Chunki bu qachondir hal bo‘lishi kerak. Buni kim qanaqa talqin qilishidan qat’iy nazar bu inson manfaati, bu kerak bo‘lsa, O‘zbekistondagi fuqorolik, kerak bo‘lsa konstitutsion manfaati, bunga hech kimning qarshi chiqishga haqqi yo‘q.

Siz, men buni ichida yurayotganim uchun yaxshi bilamiz, san’atkorlar qurayotgan uyining yarmi qarz, olayotgan moshinasi qarz, buning ichida bo‘lganim uchun yaxshi bilaman. Uch mingga yaqin litsenziya olib faoliyat yuritayotgan san’atkorlar bor. Lekin o‘ttiztaga yaqin zo‘r yashayotgan san’atkorni ko‘rib, uch mingta san’atkorga baho berish kerak emas.

Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Davlat tashkilotlarining oldida san’atkorlarning hurmati bormi? Ozodbek Nazarbekov javob berdi (video)