21:47 / 10.09.2019
5 541

Cho‘lpon tarjimoni: "Kecha va kunduz"ning "kunduz"i yozilmagan

Cho‘lpon tarjimoni: "Kecha va kunduz"ning "kunduz"i yozilmagan
Noyabr oyida Cho‘lponning "Kecha va kunduz" romani ingliz tilida nashrdan chiqadi. Uni Michigan universiteti aspiranti Kristofer Fort tarjima qilgan. Fort yaqinda Cho‘lpon ijodi va hozirgi O‘zbekiston haqida maqolasini e’lon qildi. Minbar ushbu maqolani taqdim etadi:

Avgust-sentyabr oylarida postsovet davlatlarining ba’zilari tashkil topgan kunlarini nishonlaydilar. O‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi stalinizm va natsizm qurbonlari xotirasi kunini nishonladi. 1 sentyabrda Markaziy Osiyosining eng gavjum mamlakati bo‘lgan O‘zbekiston esa o‘zining Mustaqillik kunini nishonladi. Zamonaviy o‘zbeklar uchun Stalin qatag‘onida, ya’ni 1936 yildan 1938 yilgacha o‘ldirilgan anti-imperialist millatchi ziyolilar bugungi kunda milliy mifologiyaning muhim qismidir. Qatag‘on qurbonlari bo‘lgan o‘zbek ziyolilarining orzulari zamonaviy O‘zbekistonda amalga oshdi. Shu kabi o‘zbek ziyolilarining eng ko‘zga ko‘ringan a’zosi – shoir, yozuvchi va dramaturg Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon edi, u 1934 yil yozgan "Kecha va kunduz" romani mening tarjimamda noyabr oyida ingliz tilida nashr etiladi.

Stalinizm o‘zbek xalqining iste’dod dunyosini aql bovar qilmaydigan darajada talon-toroj qildi.

Cho‘lpon Stalinning zulm mashinasi – NKVD tomonidan o‘ldirilganda 41 yoshda edi. Cho‘lpon shaxsi bugungi kunda juda muhim va sirli shaxs. Uning hayoti va she’riyati haqida yaxlit tasavvur yo‘qligi tarixda aks-sado berdi va bu holat o‘zbek jamiyatining Cho‘lponga bo‘lgan munosabatiga yillar davomida ta’sir qilib keldi. Aniq tasavvurning yo‘qligi Cho‘lpon tarjimai holi, asarlarini O‘zbekistonning o‘tmishi, buguni va kelajagi bilan bog‘lab har xil tahlil qilish imkoniyatini beradi.

Stalinning o‘limidan keyin sovet o‘zbeklari bu yo‘qlikni yaratdilar va qo‘llab-quvvatladilar. 1938 yilda Cho‘lpon vafotidan so‘ng, uning asarlarini qayta bosishga ruxsat berilmagan, hatto uning nomi ham ommaviy ravishda yodga olinmagan. 1956 yilda Xrushchyov davri boshlanishi bilan Cho‘lpon nomi reabilitatsiya qilindi, ammo shunga qaramay Cho‘lpon sovet o‘zbeklari uchun taqiqlangan shaxs bo‘lib qoldi. Xrushchyov hokimiyati davrida ham uning asarlari qayta nashr etilmagan.

1968 yilda o‘zbek ziyolilari Cho‘lponning bir nechta she’rlarini o‘zbek she’riyati antologiyasiga kiritishga harakat qilishgan, ammo mahalliy kommunistik partiya rahbariyati tezda nashr etishni to‘xtatgan.

Cho‘lponning tarjimai holining eng asosiy tafsilotlari bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud. Uning tug‘ilgan yili to‘g‘risidagi manbalar bir-biridan farq qiladi. Ko‘pchilik Cho‘lpon 1897 yilda tug‘ilganini aytadi, ammo boshqalar 1894 yoki 1898 yilda tug‘ilgan deb faraz qilishadi.

Cho‘lpon tug‘ilgan shahar, Andijon shahrida 2017 yilda shoir tavalludining 120 yillik yubileyini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Stalinizm tarixni o‘chirib tashlaganligi sababli mamlakat akademiklari hech qachon Cho‘lponning to‘liq asarlar to‘plamini nashr etishmagan.
Bu Cho‘lponni qanday talqin qilishda yanglishmovchiliklarga olib keldi.

Sovet Ittifoqi o‘zbekistonlik sotsialistik yozuvchilar uchun katta ishlarni amalga oshirdi. Ammo bir haqiqat mavjudki, ular buni hech qachon tan olishmasa ham, o‘zbek sotsialistik yozuvchilarining faoliyati Cho‘lponning o‘zbek tilidagi poyetikasida erishgan yutuqlari ta’sirida bo‘lgan. Shubhasiz, sotsialistik imperiya Cho‘lpon ijodini tadqiq etishga xayrixohlik qilmagan. Zamonaviy O‘zbekiston ham filologik tadqiqotlarga sarmoya bermaydi. Shu sababli qo‘lyozmalarni o‘rganish borasida muammolar mavjud. Cho‘lponni tadqiq etishda turli yillarda chiqqan to‘plamlarga va 1920-1930 yillardagi asl manbalarga murojaat qilish kerak, ularning ko‘pi to‘liq emas, sahifalari yo‘q yoki ba’zi so‘zlar o‘qib bo‘lmaydigan ahvolda.

Cho‘lponning mashhur she’rlaridan biri o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilning "Jinlar bazmi" romaniga epigraf qilib olingan. Bu she’r turli yillardagi nashrlarda turlicha tinish belgilarida uchraydi. Tinish belgilaridagi farq tufayli bu qisqa she’rni turlicha talqin qilish mumkin. Bir variantda biz she’rni lirik personaj tilidan o‘qiymiz, boshqasida esa shayton tilidan o‘qiymiz.

Qizig‘i shundaki, “Kecha va kunduz” romanining faqat “Kecha” qismi mavjud. Olimlarning taxminicha, Cho‘lpon “Kunduz" qismini ham rejalashtirgan yoki yozgan bo‘lishi ham mumkin. Dilogiyaning to‘liq emasligi olimlarga Cho‘lponning maqsadi haqida taxmin qilish imkoniyatini berdi. Ba’zi olimlar Cho‘lpon faqat “Kecha”ni yozgan, “Kunduz” qismi borligi haqidagi mulohazalar sovet kuzatuvchilarini mamnun qilish aytilgan deyishadi. Boshqalari esa Cho‘lpon “Kunduz”ni ham yozgan, lekin NKVD uni hibsga olishganda asar musodara qilinib, yo‘q qilingan deb hisoblashadi.

Bu fikrlar meni qoniqtirmagan, shuning uchun tarjimaga kirishganimdan beri yangi dalillarni izlayapman.

Men “Kunduz” qismining yo‘qligi Cho‘lponning estetik niyatiga mos keladi deb hisoblayman. Cho‘lpon hayoti davomida estetik jihatdan beqiyoslikka intilgan, uning qahramonlari cheksiz epifaniyalarni boshdan kechiradi va hech qachon oxiriga yetib bormaydi. Qahramonlarining rivojlanishi singari Cho‘lponning dilogiyasi ham xulosalanmaydi.

Cho‘lponning bu adabiy talqinlari O‘zbekistonning buguni va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Hozirgi O‘zbekiston Cho‘lponni Sobiq ittifoq qatag‘onida shahid ketgan ziyoli sifatida ta’kidlaydi. O‘zbekiston Cho‘lpon asarlarini chop qilish, yubileylariga homiylik qilish va asarlarini maktabda o‘qitishga harakat qilmoqda. Lekin davlat o‘z manfaati yo‘lida Cho‘lpon shaxsini antidemokratik yoki millatchilikka qarshi siyosat nuqtai nazaridan kelib chiqib talqin qilishi ham mumkin. Cho‘lpon hayoti va ijodiy merosi shu paytgacha to‘liq tadqiq qilinmagan va har doim talqin qilishda xatolar uchraydi.

Men tarjimam bilan bu ajoyib va sirli san’atkorni ingliz tilli o‘quvchilarga yetkazaman. XX asr boshidagi o‘zbek adabiyoti va tarixini tavsiflovchi matn va ma’lumotlarning kamligi bilan tanishgan ingliz tilli kitobxonlar Cho‘lpon va O‘zbekistonning o‘tmishiga oid muhokamalarga qo‘shilishlari mumkin.

Kristofer Fort AQShning Detroyt shahrida yashaydi. XX asr va zamonaviy o‘zbek adabiyoti mutaxassisi. Yozuvchi Isajon Sultonning «Boqiy darbadar» romanini ingliz tiliga o‘girgan. Ayni vaqtda Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romani tarjimasi nashr qilinish arafasida.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Cho‘lpon tarjimoni: "Kecha va kunduz"ning "kunduz"i yozilmagan