20:24 / 14.09.2019
5 227

Qo‘qon shahriga yuksak unvon berildi

Qo‘qon shahriga yuksak unvon berildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qo‘qon shahrida 14 sentyabr kuni birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barchani chin yurakdan qutlab, yurtimizga, ushbu anjumanga bo‘lgan katta hurmat va e’tibori uchun xorijiy mehmonlarga tashakkur izhor etdi.

— Umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lgan xalq amaliy san’ati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida o‘rin tutadi. Insoniyatning ongli hayotida hunarmandchilikning paydo bo‘lishi – sivilizatsiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz, — dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev buyuk avliyo va hunarmand bobomiz Bahouddin Naqshband so‘zlaridan iqtiboslar keltirdi. Diyorimizda hunarmandlar mehnati qadrlanib, yoshlarning hunar o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ushbu festival bu sohani yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

—Ushbu xalqaro festival nafaqat ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi, balki jahon hunarmandlari, butun dunyo ustalarining katta bayrami, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu – olis tarix va bugungi zamon nafasini, turli qadriyat va an’analarni o‘zida yaqqol namoyon etadigan, mushtarak dillarni birlashtiradigan chinakam do‘stlik va hamkorlik anjumanidir, – dedi Prezident.

Mazkur festival davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga muvofiq o‘tkazilmoqda. Festival arafasida shahar hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi – Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga «Jahon hunarmandlari shahri» degan yuksak unvon berildi.

Marosimda Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Rozi Grinlis ham nutq so‘zladi.
Anjuman o‘tkaziladigan maydon atrofi bayramona bezatilgan. Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlardan kelgan hunarmandlar buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ochilish marosimidan so‘ng ushbu mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Xalqaro hunarmandchilik festivali ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 78 ta mamlakatdan 370 dan ziyod hunarmandlar, san’atshunoslar, jurnalistlar ishtirok etmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qo‘qon shahriga yuksak unvon berildi