20:40 / 18.09.2019
3 533

Qofiyaning qurboniga aylangan qatorlar

Qofiyaning qurboniga aylangan qatorlar
Ishga jamoat transportida qatnaganligim uchun, har kuni turfa xil kishilar va voqealarga guvoh bo‘laman. Ayniqsa ishdan charchab, uyga qaytayotgan odamga ko‘pincha musiqa hamroh bo‘ladi. Bir kuni avtobusda qo‘yilgan qo‘shiqning ma’nosiga (aslida ma’no deyishga ham uyalasan kishi) e’tibor qaratdim.

“Dilimni o‘ynama, o‘ynama,
Sevaman deb aldama, aldama,
Bevafosan aslida, aslida,
Meni buncha qiynama, qiynama...”


Ma’no qofiyaning qurboniga aylangan bu qatorlarni eshitib dilim xira tortdi. Qo‘shiq raqsbop, ammo undagi so‘zlar raqsga tushadigan emas. Aksariyat yosh xonandalarimizning ijodini kuzata turib, shunga amin bo‘ldimki, ular she’riyatning asl ma’nosini tushunmasalar kerak. Kuyi ham, so‘zi ham to‘ybop, mavzusi esa raqsga tushayotgan jononaga qarab siyqa usulda xushtorlik izhor qilishdan boshqa narsani anglatmaydigan qo‘shiqlar ham bolalab ketgani rost. Bu xiyla bahstalab, jiddiy mavzu. Ammo o‘ylab ko‘rsak, qo‘shiq xuddi iste’mol qiladigan taomimizga o‘xshaydi. Yaxshi taom qorinni to‘ydirishdan tashqari, insonning jismonan salomatligiga ta’sir qilib, dilini yayratadi.

Qo‘shiq bo‘lsa, kishining ruhiyatiga ta’sir qiladi. Bir ustozim qo‘shiq haqida qo‘yidagi fikrlarni bildirgan edi: “Biz uchun san’atlar ichida eng muhimi qaysi? – Kino? Ehtimol, bu ham to‘g‘ridir. Biroq men bu injiq san’at sohasining chinakam zahmatkashlarini mutlaqo ranjitish niyatida bo‘lmaganim holda, qo‘shiqni birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardim. Negaki, biron haftami, oymi, ishqilib, kino ko‘rmasdan, haykal yo rasm tomosha qilmasdan ham yashasa bo‘ladi, ammo biron kunimiz yo‘qki, qo‘shiqsiz o‘tmagan bo‘lsin.

Xuddi shuning uchun ham qo‘shiqni kishilik tarixida eng avval paydo bo‘lgan san’at deb bilaman. Inson qo‘shiq bilan yashaydi – tug‘ilgan kunidan ona allasini eshitsa, butun hayoti davomida qo‘shiq tinglaydi, o‘lgan chog‘ida esa jigarbandlari aytib-aytib yig‘laydi, bu ham – qo‘shiqning bir turi, aslida. Inson qo‘shiq eshitib yayraydi, qo‘shiq aytib jangga kiradi, so‘ng bu jang tafsilotlarini qo‘shiq (doston) qilib aytib, avlodlarga qoldiradi. Qo‘shiq inson dilini muvozanatga soluvchi mo‘’jiza, kishi shod-xurramligi yoki g‘am-alami ichiga sig‘may qolgan paytlarida qo‘shiq aytib, hovurini bosadi.”

Televideniye orqali shuni kuzatishimiz mumkinki, ayrim yosh xonandalar tomonidan aytilayotgan qo‘shiqlarga ham o‘zi muallif, ham bastakordirlar. Albatta, sa’nat olamida serqirra bo‘lgan yaxshi, ammo xalqimiz bekorga “chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin” demagan. Xuddi shunday qo‘shiqlarning biriga e’tibor qaratsak:

“Tashlab ketding meni, menga qaramay,
O‘zga bilan ketding holim so‘ramay,
Yig‘ladim ortingdan, yig‘ladim tinmay,
Qayt ortingga, qaytgin sevgilim...”


Bu qo‘shiqni eshitib, uning ma’no va mazmuniga, kuyi va ohangiga e’tibor qaratishimizdan oldin, avvalo, er yigit tomonidan ijro etilgani o‘ylantirib qo‘yadi. Erkak kishining yig‘lashi Sharq xalqlariga xos bo‘lmagan odat. Qo‘shiq matnida sevgani boshqa odam bilan ketgani va u yig‘lab, unga qayt deb yalinmoqda. Bu qatorlar har qanday erkak kishining nafsoniyatiga tegishi shubhasiz. Axir biz ayollar erkak kishiga baland tog‘imiz, suyanchig‘imiz, otamiz, og‘amiz, umr yo‘ldoshimiz deb qarab, ularning bir og‘iz gapini ikki qilmaslikka harakat qilib, nigohlaridan hayiqib turamiz. O‘sha qat’iyatli qarashlar, o‘tkir nigohlarni ko‘rib, ojizamiz, deymiz. Ammo bunday qo‘shiqlar ushbu fikrlarga tamomila zid.

Erkak kishilarning erligini qat’iyatlik, jasorat belgilasa, ayol kishining ojizaligini iffat, sharm-hayo belgilaydi. Qiz bola kimgadir ko‘ngil qo‘ysa, dilidagini hech qachon tiliga chiqarmaydi, deyishadi. Bunga tarixda yashab o‘tgan qancha momolarimizning hayoti va ijodini misol qilishimiz mumkin. Jahon otin Uvaysiyning ushbu misralariga e’tibor qaratsak:

“Mo‘rdek pomoldurmankim, salomat ahliga,
Dard ahliga bu dam sardordurman ishqida.
Aql-u, fahm-u, xush-u idrokin sazovar o‘ldirkim,
Mijmari bardosh ichinda nordurman ishqida.”


Momolarimiz shu qadar iffatli, hayoli bo‘lishgan, hattoki sevgi so‘zini shivirlab aytishga uyalishgan. Bir kuni qishloqda buvimning uylarida mehmonda bo‘ldim. Buvim sakson yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramasdan, qo‘l oyog‘i chaqqon. Televizor tomosha qilayotganimizda, telekanallarning birida taniqli xonandamiz tomonidan aytilayotgan qo‘shiqning klipini ko‘rib, “Voy sharmanda, ana bu qizga qara yigitni orqasidan tinmay yuguryapti”, dedilar. Yosh emasmizmi, buvijonimizning aytganidan kuldik. O‘ylab qarasak, aslida kulish emas, chuqur o‘ylab, fikr yuritish lozim ekan.

“Manga telefon qilmaydi,
Sevaman deb aytmaydi,
Turli bahonalar qilib,
Yonimga hech kelmaydi...”


Bu qatorlarni o‘qib, na kulishni, na yig‘lashni bilmaysan kishi. Ayrim ayol xonandalarimiz ijro qilayotgan qo‘shiqlarini eshitib, ma’no, mantiq, mazmun degan tushunchalar yo‘qolib ketayotganini kuzatishimiz mumkin. Naqarotiga,

“Nima qilay sevaman,
Sensiz yashay olmayman...”


Bu qatorlarni uch daqiqalik qo‘shiqda o‘n besh martadan ko‘p ta’kidladi. Bechora sevgi degan so‘zning o‘zi uyalib, qayergadir yashirinib ketgan bo‘lsa kerak. Muhabbat tuyg‘usi aslida bunday bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy estrada san’atini rivojlantirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Quyushqondan chiqib ketayotgan san’atkorlarimiz ogohlantirilyapti. O‘sha ustozim shunday degan edilar: “Besh-olti yil burun shifoxona foyesiga qo‘yilgan televizorni tomosha qilib o‘tirib, bir qo‘shiq tinglagan edik. Sahro. Shabadada xas-hashaklar dumalayapti, qum uchyapti. Sayxonlikda besh-olti erkak, uch-to‘rt ayol. Erkak xonandalardan biri daroz bo‘yli, bir ko‘zi ko‘r. Boshqasi keksaygan, yapasqi gavdali. Ular uchun bizning xor jamoasidagiday bo‘ysira bo‘lib turish, yakrang kiyinib, kapalak galstuk taqishlar birlamchi emas ekan. Biroq aytgan nashidasini eshitsangiz! Kuyi ham, albatta, gimnbop, jangovar.

Bu nashidaning har bir bandi “Vatan!” deb boshlanar ekan, “Vatan!” deya nido qilgan chog‘da xonandalarning gavdasi larzaga tushib titrab-silkinib ketar edi. Qo‘shiq sob bo‘lgunicha ulardan bir nechasining ko‘zlaridan yosh dumalab ketdi. Atrofga qarasam, bemorlardan ba’zilarining ko‘zi ham namlangan, hayajon bilan tikilib o‘tirishibdi. Ana shunda, kishi qalbini junbushga keltira oladigan bitta qo‘shiq vatanparvarlik mavzuida bitilgan o‘nta jo‘n kitobning o‘rnini bosishga qodir ekanligi haqida o‘ylanib qoldim. Qo‘shiq degani ana shunaqa, asl bo‘lsa ekan...”
Qaxramon Shermatov,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi

Manba: Xs.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qofiyaning qurboniga aylangan qatorlar