22:46 / 01.11.2019
3 350

“O‘zbekkino" xalq kutgan filmlarni yarata oladimi?

“O‘zbekkino" xalq kutgan filmlarni yarata oladimi?
Ayni paytda “O‘zbekkino” milliy agentligi faoliyatida tub burilish yasalmoqda. Buni nafaqat kinematografiya, balki animatsiya, hujjatli filmlar, kadrlar siyosati, modernizatsiya jarayonlarida yaqqol kuzatish mumkin. Sohadagi yangiliklar, ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratgan muhim voqealar, yurtimiz va xorijlik kinoijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlik, erishilayotgan yutuqlar yurtimizda kino san’ati yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat bermoqda.

KINO SAN’ATMI, SANOATMI YoKI SIYoSAT?
Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, zamon talabiga javob beradigan kino mahsuloti bu savollarning barchasiga “labbay” deb javob berishi kerak. Negaki kino san’at asari darajasida bo‘lsagina tomoshabin qalbini zabt etadi. Sifat jihatidan bozor talabiga muvofiq mahsulot bo‘lolsa, u, albatta, sanoatdir. Millat qadr-qimmatini targ‘ib qilib, omma tafakkuriga mafkura va axloq sifatlarini singdirishga xizmat qilsa, demak u siyosat.

Ayni kunlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan “Qo‘qon shamoli” filmi taqdimotiga yaqin turgan bo‘lsak, ulug‘ jadidchi bobomiz Abdulla Avloniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Avloniy” filmi ham tayyor bo‘lish arafasida. Hozirgi kunda filmning montaj ishlari olib borilmoqda.

Ta’limdagi korrupsiyani o‘zida aks ettirgan “Birinchi avgust” filmi ham ushbu mavsumda estafetaning dastlabki qatorlarida taqdim etiladi.

“QO‘QON ShAMOLI”DAN BEBAHRA QOLMANG

(Film premerasi 14 noyabrda bo‘lib o‘tadi)

“Qo‘qon shamoli” filmi tarix qatlaridagi bizga ma’lum va noma’lum sir-asrorlardan, xususan unda III asr avvalgi Qo‘qon xonligining eng yorqin va ziddiyatli davri – Nodirabegim va Amir Umarxon zamonasi haqida hikoya qiladi.

Taxtu saltanat har doim fitnalar va fojialar makoni bo‘lgan. Filmda ana shunday fitnalardan biri fosh qilinadi, ya’ni Amir Umarxonning taxtga o‘tirishi tafsilotlari tamoman boshqacha rakursda ochib beriladi. Tarixda shu paytgacha Umarxon akasi Olimxonni o‘ldirib, taxtga o‘tirgan, keyin esa murg‘ak jiyani Shohrux mirzoning ham hayotiga nuqta qo‘yib, taxtni da’vogarlardan xoli qilgan, degan qarashlar mavjud. Ammo film ijodkorlari yangicha yondashuv va epizodlar orqali Umarxonni oqlashga harakat qilishadi.

“AVLONIY” YaRATGAN MAKTAB

(Film premerasi 26 noyabrda bo‘lib o‘tadi)

– Filmga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Qaldirg‘och» qissasi badiiy asos qilib olindi, – deydi film rejissyori Muzaffar ERKINOV. – Ssenariy ustida olti oy bosh qotirdik. Bu vaqt oralig‘ida Tohir Malikning xonadoni o‘z uyimizdek bo‘lib qoldi. Abdulla Avloniy Afg‘onistonga sayohatini kundaligiga kunma-kun yozib borgan ekan. Bu nodir qo‘lyozma bizga real voqealarni tasavvur qilish, qissadagi to‘qimalar bilan solishtirish, qahramon ruhiyatini yaxshiroq anglashga imkon berdi. “Qayga borsang g‘olibi mag‘lubni aylar poymol, Marhabo, ey hurriyat, sandan muruvvat ko‘rmadim”, deya hayqirgan Abdulla Avloniyning ko‘ngildan ko‘chirmalarini o‘qirkanman, ko‘z oldimda siyosatning chirkin hiylalariga aldangan oqko‘ngil inson siymosi gavdalanardi.

Abdulla Avloniy 1917 yildagi oktyabr inqilobini o‘zgacha umid va xayrixohlik bilan qarshi oldi. Yangi tuzumga ishondi, maqtovlar bitdi, bu hayajonlar she’ru maqolalarga aylandi. Kommunistlarni “mazlumlarni qo‘llab-quvvatlovchi”, “xalqni ma’rifatga boshlovchi” deb o‘yladi. Hokimiyatning azaliy qurolsiz quroli – va’dalarga aldandi. Mazlumlar hayoti o‘zgarmadi, erishilgan hurriyat esa millat uchun mag‘lubiyatga aylandi. Aynan mana shu kezlari Avloniy kechirgan og‘riqlar, azobli ichki kurash filmga ham ko‘chirildi.

“BIRINChI AVGUST” – TA’LIMDAGI KORRUPSIYa HAQIDA

(Film premerasi 6 dekabrda bo‘lib o‘tadi)

Rejissyor Abduvohid G‘aniyevning “Birinchi avgust” filmi tez kunlarda tomoshabinlarga taqdim etiladi. Filmni ko‘rishga arziydigan jihatlari ko‘p. Xususan kartina ta’limdagi korrupsiya ochib berilgan ilk filmdir. Unda talabaning oliy ta’lim dargohiga qo‘ygan ilk qadamidayoq ko‘zbo‘yamachilik va adolatsizlik manzarasini ko‘rishi, buning ta’siri tufayli kelgusi hayotida “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” qabilida ish tutishi tasvirlanadi.

Darhaqiqat biz odamlar bilan suhbatda “Test sinovlari o‘yin bo‘ldi”, “paravoz”, “bunker”, “tanka” kabi gaplarni ko‘p eshitganmiz. “Birinchi avgust” filmida aynan test jarayonlarining qay darajada o‘yin bo‘lishi va bu o‘yinlarning tepasida turgan kimsalar fosh qilinadi.

Filmda barcha zamonlar va davrlarda o‘lmas mavzu hisoblangan muhabbat mavzusi ham alohida o‘rin tutadi. Bu mavzu bosh qahramonlar Yigitali Mamajonov va Feruza Yusupova qahramonlari o‘rtasidagi munosabatlarda namoyon bo‘ladi.

Ushbu filmda Yigitali Mamajonovni oliy o‘quv yurtlariga kirish testlarida "paravoz" vazifasini bajaruvchi xojatbaror "abituriyent" obrazida ko‘ramiz.

Xullas xorij kinosi ekranlarimizni ishg‘ol qilib ulgurgan, bemalol o‘z siyosatini yurgizayotgan bir paytda yangi taqdim qilinayotgan kartinalarni xalqimiz intizorlik bilan kutmoqda. Kelgusida ekranlarni ishg‘ol qilgan xorij kinolariga raqobatbardosh milliy kinoasarlar yaratilib, ichki va tashqi kino bozoridan munosib o‘rin olishiga umid va ishonch bor.
Manzura BEKJONOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “O‘zbekkino" xalq kutgan filmlarni yarata oladimi?