22:02 / 02.11.2019
4 137

Zulfiqor Musoqov va Murod Muhammad Do‘st televideniyedagi mantiqsiz senzuradan norozi

Zulfiqor Musoqov va Murod Muhammad Do‘st televideniyedagi mantiqsiz senzuradan norozi
Foto: «Kino san’ati»
Taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqov televideniyedagi senzura haqida gapirdi, deb xabar bermoqda «Kino san’ati» kanali.
«29 yildan beri kino sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsam, filmlarim doimiy ravishda teleekranlarda namoyish etib kelinmoqda. Bundan juda xursandman. Ammo... bitta narsa mening jahlimni chiqaradi. Televideniyeda ko‘rsatilayotgan filmlarimda bu muhim emas degandek, ayrim lavhalar kesib tashlanadi. Buni qanday tushunish kerak?! O‘sha epizodlarni kesayotganlar bu kadrlar uchun butun boshli bir ijodiy jamoa qanchalik mashaqqat chekishganini tushunishadimi? Yo‘q! Buni biz shunday ahvolda qoldirishimiz kerak emas. Filmlarimizning saviyasiga putur yetishi, mualliflik huquqimizning poymol etilishiga jim qarab turolmaymiz», deydi Musoqov.

Foto: «Kino san’ati»
Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st rejissyorning fikrlariga xayrixohlik bildirdi.
«Men ham ushbu fikrlarga qo‘shilaman. Bu bizning og‘riqli nuqtamiz. Filmlarni televideniya xodimlari nega kesishini haligacha tushunolmayman. Go‘yoki ular o‘zlarini jamiyatning axloqiy darvozasida turgan posbonlarga o‘xshatishadi. Filmda axloqiy normalarga to‘g‘ri kelmaydigan joylari bo‘lsa «O‘zbekkino» Badiiy kengashiga murojaat qilishsin. Chunki barcha filmlar Kengashdan o‘tkaziladi. Qaysi filmda inson ma’naviyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan joylar bor? Balki, biz ham 16+, 18+ qilib, tomoshabinning yoshini belgilashimiz kerakdir», deydi taniqli adib.

Ushbu fikrlar bugun, 2 noyabr kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligida bo‘lib o‘tgan Badiiy kengashning navbatdagi maxsus yig‘ilishida bildirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Zulfiqor Musoqov va Murod Muhammad Do‘st televideniyedagi mantiqsiz senzuradan norozi