00:25 / 29.11.2019
8 375

Sohibqiron Qur’oni karimni Misrdan ham, Turkiyadan ham olmagan...

Sohibqiron Qur’oni karimni Misrdan ham, Turkiyadan ham olmagan...
Ma’lumki, Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam hayotliklari chog‘ida savodli kishilar ozchilikni tashkil etgani tufayli oyatlar yodlangan.
Payg‘ambar atrofidagi ayrim savodli kishilargina oyatlarni yozib borganlar. Xalifa Abu Bakr Siddiq (632–634) davrida payg‘ambar hadislarini to‘plashga kirishilgan.

Xalifa Usmon (644–656) hukmdorlik qilgan yillarda mavjud barcha oyatlar to‘plamlari taqqoslanib va jamlanib 6 nusxada yagona bir Qur’on bitilgan.

XX asr boshlaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tmish zamonlarda ularning uchtasi Makka va Madinada, ikkitasi Misrda, bittasi Turkiyada saqlangan. Istanbuldagisini 1912 yilda hajga borgan o‘zbeklar Aya-So‘fiya masjidida ko‘rib, uning hozirda Toshkentda saqlanayotgan Qur’oni karimga juda o‘xshashligini bayon etganlar. Demak, u Turkiyadan mamlakatimizga keltirilgan degan fikr yuzaga keladi.

TURK SULTONINI TUZATGAN TABIB
Biroq uning Turkiyadan olib kelinganligi haqida har xil fikrlar mavjud.

Bu haqda 1870 yilda “Golos” gazetasida shunday yozilgan: “Salkam 400 yil ilgari naqshbandiya tariqatining piri Xo‘ja Ahrorning muridlaridan biri hajdan qaytayotib Rumda, ya’ni Konstantinopolda (Istanbulda) to‘xtaydi.

Bu vaqtda Turkiya sultoni juda og‘ir dardga chalingan ekan. Xo‘ja Ahrorning muridi uni darddan forig‘ etadi. Sulton "Agar shifo topsam, tabib nima talab qilsa, shuni so‘zsiz bajaraman", deb ont ichgan ekan.

Murid uni davolab, Qur’oni karimning asl nusxasini berishni so‘rabdi. Noiloj qolgan sulton vaziri va boshqa a’yonlari bilan maslahatlashib, Qur’onni muridga berishga majbur bo‘libdi. Murid uni darhol Xo‘ja Ahrorga yuboribdi.

Qur’oni karim shu tariqa Samarqanddagi Xo‘ja Ahror masjididan joy olgan ekan. Ammo bu ma’lumot afsona bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, uning begona mamlakatga yuborilishi Turkiya aholisining nafratini uyg‘otib, sultonning obro‘yiga va mavqeiga ziyon keltirishi turgan gap edi. Sulton buni inobatga olmasligining iloji yo‘q edi.

Men o‘z maqolamda (“Sharq yulduzi”, 1991, 1-son) Amir Temur Turkiya sultoni Boyazidni yenggandan keyin uning saroyidan Qur’oni karimni Samarqandga olib kelganligini uqtirib o‘tgan edim. Endilikda bu fikrimdan qaytishimga to‘g‘ri keladi. Chunki yaqinda qo‘limga tushgan bir ma’lumot shuni taqozo etadi.

MISR SULTONINING BERKAXONGA TUHFASI

XIII asrda Volga bo‘ylarida tashkil topgan va rivojlangan qudratli Oltin O‘rda davlatining mo‘g‘ul hukmdorlari birin-ketin islom dinini qabul qilganlar.

Ular vaqt o‘tishi bilan turklashib, islom dinini rivojlantirib bordilar. Ulardan birinchi bo‘lib Berka (1257–1266) islom dinini qabul qilgan edi. Hatto u Buxoroda bo‘lib, taniqli din peshvolari bilan suhbatlashgan. Berkaxon hukmdorlik qilgan vaqtdan boshlab, islom dinining rivojlanishi ayrim xorijiy mamlakatlarning diqqatini jalb etdi.

Xususan, Oltin O‘rda davlati tashkil topgan mintaqadan Misrga borib, hokimiyatni qo‘lga olgan qipchoqlar (mamluklar) o‘z ona yurtlarida islom dinining kamol topishini zo‘r qiziqish va mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Natijada Berkaxon bilan Misr podshohi Baybars o‘rtasida elchilik va do‘stlik aloqalari shakllandi.

Mazmunan, mamluklar o‘zlarining vatanlarini qo‘msab, uning ravnaqi uchun imkoni boricha yordam berish maqsadida Oltin O‘rda bilan yaqinlashish siyosatini yurgizgan. Bu haqda Baybarsning elchi orqali Berkaxonga yuborgan sovg‘alari ham dalolat beradi.

Bular quyidagilardan tashkil topgan edi: “Xalifa Usmon ko‘rsatmasiga ko‘ra jamlangan muqaddas Qur’on; rang-barang yostiqlar, masjid gilamlari; Venetsiya matolari va Livan liboslari; teridan ilgichli qilib ishlangan va xom teridan qilingan gilamlar; naqshli kaljur qilichlar; oltin suvi berilgan gurzilar; frank dubulg‘alari va oltin suvi berilgan sovutlar, yopiq fonuslar; katta shamdonlar; ...moychiroq; Xorazm egarlari; joynamozlar; yuganchalar – bularning hammasiga oltin va kumushdan naqsh chekilgan; halqali yoylar; tosh yoylar; neft solib otadigan yoylar; qamish va yog‘och nayzalar; qutilarga solingan yoy o‘qlari; qozonlar; oltin va kumush zanjirli is chiroqlar; qoratanli malaylar va oqsoch oshpazlar; chavandoz arab otlari va Nubiya tuyalari; tezyurar uy hayvonlari; maymunlar; to‘tiqushlar va boshqa har turli buyumlar bor edi. Shuningdek, jirafa, Misr eshaklari, Xitoy qo‘ralari, Iskandariya kiyimlari ham sovg‘aga qo‘shib yuborilgan”.

Ko‘rinib turibdiki, Misr podshohi qanday bo‘lmasin, Berkaxonni o‘ziga jalb etish uchun nihoyatda qimmatli va nodir narsalarni yuborgan. Hatto Qur’oni karimning asl nusxasini ham ayamagan. Mana, o‘sha vaqtdan buyon ko‘p asrlar o‘tdi, lekin uning qayerdaligi haqida hech gap yo‘q. Amir Temur To‘xtamishni mag‘lubiyatga uchratib, poytaxtni egallagandan keyin, o‘sha Qur’onni qo‘lga kiritib, Samarqandga olib kelgan. Bunga dalolat shundan iboratki, Sohibqiron Qur’oni karimni Misrdan ham, Turkiyadan ham olmagan. Shu boisdan ham Qur’on bu yerlarda hamon saqlanmoqda.

KIYIK TERISIGA BITILGAN KALOMI ShARIF

Hozirda uning 6 nusxasidan 5 tasi mavjud, bittasi esa Madinada masjidga o‘t tushganda kuygan ekan. Qur’onni soniga qarab hisoblaganda ham Amir Temur uni Oltin O‘rdadan olgani ma’lum bo‘ladi. Zero, uning ikkitasi Madina va Makkada, ikkitasi Misr va Turkiyadadir. Beshinchisi bizning yurtimizda saqlanmoqda.

Demak, bu ma’lumotlar Qur’oni karim Oltin O‘rdadan olingani haqida dalolat beradi. XX asr boshlaridagi tekshiruvga ko‘ra, kiyik terisiga yozilgan Qur’oni karimning umumiy hajmi 68x53 hisoblanib, 353 varaqni o‘z ichiga olgan. Bu varaqlarning yaltiroq va sarg‘ish rangdagi yuz tomoni yaxshi saqlanib, ularning orqa beti birmuncha g‘ijimlanganroq, siyqalangan ko‘rinishda bo‘lgan.

Qur’oni karimning sahifalari nam tortishi orqasida birmuncha shikastlangan va ularda qon dog‘lari bor edi. Uning yirtib olingan yoki qattiq shikastlangan varaqlari o‘rniga 69 ta teriga o‘xshash qalin va mayin varaqlar tikib qo‘yilgan.

Bu varaqlar paxtadan tayyorlangan qog‘ozlardan tashkil topgan. Ular shu darajada mohirlik bilan ishlanganki, Qur’onning asl nusxalaridan farq qilish qiyin bo‘lgan.

“Turkistanskiye vedomosti” gazetasida (1870 yil) quyidagi ​ma’lumotlar berilgan: “Samarqand musulmonlari Usmon Qur’onini “Kalomi sharif” deyishadi. Bu hamma Qur’on uchun umumiy nomdir. Biroq Samarqanddagi musulmonlardan birortasi Qur’ondan kufiy xati bilan yozilgan bir satrni ham o‘qiy olmadilar”.

INOBATGA OLINMAGAN ILTIMOS
Rossiya Samarqandni bosib olgandan keyin, ya’ni 1869 yilda Zarafshon okrugi boshlig‘i general-mayor Abramov Xo‘ja Ahror masjidida Qur’onning noyob nusxasi saqlanayotganini eshitib, polkovnik Serovga katta ilmiy ahamiyatga molik Qur’onning qo‘ldan chiqib ketmasligi chorasini ko‘rishni buyurdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur noyob nusxa urush vaqtida berkitilib, so‘ngra yana Xo‘ja Ahror masjidiga qo‘yilgan ekan. Rus harbiy ma’muriyatining unga bo‘lgan qiziqishidan xabar topgan bir guruh ruhoniylar Qur’onni Buxoroga olib ketishni mo‘ljallaydilar.

Biroq, bu Qur’on general Abramov tomonidan Xo‘ja Ahror masjidi imomlaridan 125 so‘mga sotib olinadi. Shundan so‘ng Qur’oni karim Samarqanddan Toshkentga keltiriladi. Bir gal general-gubernator uni Buxorodan kelgan Yahyo ismli elchiga ko‘rsatganda, shunday degan: “Qur’onning bu asl nusxasi xalifa Usmonning o‘z qo‘li bilan yozilgan va uning qoni bilan dog‘langan. Bu Qur’on asl nusxa hisoblanib, keyingi davrlarda undan olingan nusxalar butun musulmon olamiga tarqatilgan. U Amir Temur kutubxonasida saqlangan qadimiy asardir. U Sohibqiron tomonidan olib kelingan va kutubxonaning eng qimmatbaho ziynati hisoblangan”. Demak, bu ma’lumot ham Qur’on Amir Temur tomonidan keltirilganini tasdiqlaydi.

1869 yildayoq Qur’oni karim Toshkentdan Peterburgga olib ketilib, avval xalq maorifi vazirligiga, so‘ngra hozirgi Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin nomidagi kutubxonaga beriladi.

1873 yilda Qashqardan Peterburgga elchi sifatida kelgan Targ‘axo‘ja uni ko‘rib, bunday degan: “Men bu Qur’onni Samarqandda ko‘rganman. U xalifa Usmon tomonidan bitilgan asl nusxadir. U nihoyatda qimmatlidir. Uning sahifasidagi dog‘lar Usmonning qonidir”.

Bu dog‘lar xalifa Usmon vahshiyona ravishda o‘ldirilayotganda qo‘lida ushlab turgan Qur’onga to‘kilgan qondan yuzaga kelgan. Guvohlarning ko‘rsatishicha, Qashqar elchisi katta mamnuniyat va e’tiqod bilan Qur’oni karimni ko‘ziga va labiga surtgan (“Moskovskiye vedomosti”, 1873, 195-son).

1910 yilda “Turkiston kureri” gazetasida bosilgan xabarga ko‘ra, Peterburgdagi musulmonlar “Mashhur Usmon Qur’onining shu yerda qurilayotgan masjid ixtiyoriga berilishini hukumatdan iltimos qilishgan. Biroq bu iltimos inobatga olinmagan”.

TURKISTONDAGI NOYoB NUSXALAR

Sovet davlatining dastlabki yillarida Qur’oni karim Toshkentga olib kelindi. Shuni aytish lozimki, Turkiston zamini faqat Qur’onning asl nusxasi bilan emas, balki boshqa noyob nusxalari bilan ham faxrlanishga haqlidir.

Chunonchi, XX asr boshlarida Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasida juda qadimiy Qur’on nusxasi saqlangani haqida ma’lumotlar mavjud.

Manbalarning birida saqlanayotgan joyi noma’lum Qur’on nusxasi XVIII bobiga tegishli qismining rasmi keltirilgan. Yozuv uslubiga qaraganda, u juda qadimiy nusxaga o‘xshaydi. Ushbu Qur’on nusxasi hazrat Alining o‘g‘li Husayn tomonidan ko‘chirilgani haqida fikr tarqalgan.

Asrimiz boshlarida Samarqanddagi Shohizindada kattaligi va hashamati jihatidan tengi yo‘q Qur’oni karim nusxasi ko‘z qorachig‘iday saqlangan.

Har bir varag‘ining o‘lchovi bo‘yiga 2 gaz va 4 qarich, eniga 1 gaz va 6 qarich bo‘lgan (1 gaz – 71,12 sm; 1 qarich – 17,78 sm). Shunga yarasha harflarning katta bo‘lgani ham tabiiy. U 1827 yili Buxoro amiri Nasrullo topshirig‘iga binoan Husayn degan kishi tomonidan tayyorlangan ekan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u qandaydir qadimiy Qur’on nusxasidan ko‘chirilgan.

Katta o‘lchovdagi Qur’on nusxasiga mo‘ljallangan kursi Ulug‘bek davridan to asrimiz boshlarigacha Bibixonim masjidi hovlisida turgan. Kursi oq marmardan ishlanib, balandligi 2 gaz va 6 qarich, eni 2 gaz va o‘n uch qarich, uzunligi 3 gaz va 3 qarich (taxminan 266 sm)ga teng bo‘lgan. Uning uch qatordan iborat to‘qqiz oyog‘i bor edi. Suyanchig‘i qanoti va balandligi bir gazdan oshgan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur marmar kursi Amir Temur zamonida tayyorlanib, unga Qur’onning asl nusxasi qo‘yilgan. Hatto uni Bibixonim o‘z masjidi derazasidan qarab o‘qir ekan. Hunarmandchilik va san’atning asl va ajoyib namunasi bo‘lmish mazkur kursi xalqimizning Qur’on kitobiga bo‘lgan yuksak e’tiqodining isbotidir, albatta.

AMIR TEMURNING ULUG‘ XIZMATI
Taniqli sharqshunos olim V. V. Bartold: “Islom dini jahon miqyosida asrlar davomida o‘zining hayotiyligini isbotladi va nasroniy diniga nisbatan o‘zida tenglik va birodarlikni ko‘proq aks ettirdi. Islomni hech qanday din jahon doirasidan siqib chiqara olmaydi”, deb ta’kidlaydi.

Qur’oni karim qadimdan nasroniy dinidagi xalqlar diqqatini o‘ziga jalb etib kelgan. Chunki u 1422 va 1698 yili lotin tiliga, 1770–1828 yillar orasida sakkiz marotaba fransuz tiliga, 1946 yili nemis tiliga, rus tiliga esa 1716 yil, 1790, 1792, 1864, 1907 va 1963 yillarda tarjima qilingan.

Shunisi diqqatga sazovorki, Qur’oni karim buyuk rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin e’tiborini ham o‘ziga tortadi. Shoir “Qur’ondan iqtibos” degan she’riy asar yaratgan. Bunda u sura va oyatlarni mutolaa qilib, uning mazmunini she’riy yo‘lda ifoda etishni o‘ziga asosiy maqsad qilib qo‘ygan.

Buyuk nemis adibi Volfgang Fon Gyote esa “insoniyat har jihatdan Hazrati Muhammad oldida qarzdor”, deb targ‘ibot qilgan edi. U Qur’oni karimga tan bergan va “Hazrati Muhammad tarannumi” asarini yozgan. Ko‘rinib turibdiki, Qur’on asrlar mobaynida turli tillarga o‘girilgan va ko‘p mamlakatlarda qiziqish uyg‘otgan.

So‘nggi so‘z o‘rnida shuni uqtirib o‘tish lozimki, Qur’oni karimning asl nusxasining sohibi bo‘lish va uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib hayot kechirish katta baxt va saodatdir.

U bizning diyorimizda saqlanishi Xudoi taoloning xohish-irodasi va marhamatidir. Buyuk bobomiz Amir Temur uni yurtimizga keltirib, o‘zbek xalqining shon-shuhratini olamga taratishga va uning ma’naviy hayotini bezashga ulkan hissasini qo‘shdi. Bu borada u o‘z vatani va xalqiga beqiyos katta xizmat qilgan edi.

Hamid ZIYoYeVning “Buyuk Amir Temur
saltanati va uning taqdiri” kitobidan olindi

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sohibqiron Qur’oni karimni Misrdan ham, Turkiyadan ham olmagan...