22:17 / 21.01.2020
6 386

Aqlga sig‘mas manzara: qabr ustida qo‘shiq aytiladimi?

Aqlga sig‘mas manzara: qabr ustida qo‘shiq aytiladimi?
O‘tmishning har bir obidasi bugungi davr odamlari uchun hayratlanarli tuyulishi tabiiy. Chunki me’moriy jihatdan afsonalardagidek taassurot uyg‘otadigan minorayu maqbaralarni tomosha qilgan kishining qalbi entikib ketadi. Shundan bo‘lsa kerak, ko‘pchilik ularning yonida suratga tushib, videotasvirlar olishga shoshiladi. Biroq tarixiy obidalar yonida surat va videotasvirga tushishning ham yozilmagan o‘z qoidalari bor.

Keyingi paytlarda qator telekanallarda yosh xonandalarning kliplari ana shunday tarixiy obidalarda tasvirga olinayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu bir tomondan yaxshi, ziyorat turizmini rivojlantirishda o‘ziga xos targ‘ibot vazifasini o‘tashi mumkin. Lekin ayrim kliplarda mashhur avliyo va allomalarning maqbaralarida olinayotgani ko‘ngilda og‘riq uyg‘otmoqda.

Yaqinda Xorazmdagi xususiy telekanallardan birida «Shirasi chak-chak tomadi, Anor menga yoqadi» degan naqoratga ega juda diltortar ashula yangrab qoldi. O‘ziga xos yoqimli ovoz... Biroq yosh xonanda o‘sha qo‘shiqni Pahlavon Mahmud hazratlarining maqbarasida kuylayapti?!

Pahlavon Mahmud maqbarasi Xivadagi eng naqshinkor obida bo‘lib, o‘zining moviy koshinlari bilan takrorlanmas va boshqalariga o‘xshamaydigan darajada tengsiz sanaladi. Shuningdek, ushbu maqbaraga kiraverishda chap tomonda Said Mohiro‘yijahon majmuasi bo‘lib, bu yerga Qo‘ng‘irot sulolasiga mansub Xiva xonlari va ularning avlodlari dafn qilingan. Xonanda klipidagi joyning shundoq yonida esa «Shajarai turk» va «Shajarai tarokima» asarlarining muallifi Abulg‘ozi Bahodirxon qabri bor...

Klipning qolgan qismlari esa Islomxo‘ja majmuasidan shundoq chiqqan joydagi gumbazlar yonida tasvirga olingan. Bu gumbazlarning ulug‘ ajdodlarimizning qabrlari ekani yosh bolaga ham ayon-ku!

Nafaqat viloyat, balki poytaxt telekanallarida ham muqaddas qadamjolarda tasvirga olingan kliplar tez-tez namoyish etilmoqda. Ikki yoshning muhabbat sarguzashtlari tasvirlangan kliplarning biri Ichanqal’adagi Jumamasjid majmuasida tasvirga olingan ekan. Qo‘shiq yangrayapti, Jumamasjid ichida ikki yosh bir-biriga ehtiros bilan suykalishyapti. Xudo insof bergurlarning xabari yo‘qki, bu tarixiy obida bir zamonlar ota-bobolarimizning qoni bilan yuvilgan.

Manbalarda qayd etilishicha, Chingizxonning o‘g‘li Jo‘jixon Xorazmni istilo qilganida shu masjidda ibodat qilayotgan musulmonlarni yosh-qari demay qilichdan o‘tkazgan ekan. Ayrim shaxslarning qabri masjid ichida hozirga qadar saqlanib kelinadi.

Xo‘p, ayrim xonandalar yoshligiga borib, muqaddas qadamjolar hurmatini joyiga qo‘ymayotgani rost, ammo Ichanqal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi ma’muriyati qayerga qarayapti? Ular o‘z nazorati ostidagi hududda klip olishga ruxsat berishdan avval ssenariy yoki rejissyor loyihasi bilan tanishib, zarur maslahat va ko‘rsatmalarini berib borishsa, ming chandon yaxshi bo‘lar edi.

Bir so‘z bilan aytganda, Xiva — maftunkor va afsonaviy tarixiy obidalar maskani bo‘lish bilan birga, ulug‘ ajdodlarimiz hoki yotgan manzil hamdir. Shu bois uning qaysidir joyida qo‘shiq aytish, raqsga tushish yoxud shunchaki o‘yin-kulgu qilishdan avval farosatni ishga solish kerak. Tabarruk maskanlarda qo‘shiq aytish millatimizga yarashmaydigan odobsizlik ekanini bilishimiz, bilmaganlarga esa bildirishimiz kerak. Zero, qabrlar qoshida qo‘shiq aytilmaydi, o‘yinga tushilmaydi, aksincha, muqaddas Qur’on tilovat qilinib, savobi marhumlarga baxshida etiladi.

Erpo‘lat BAXT

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aqlga sig‘mas manzara: qabr ustida qo‘shiq aytiladimi?