16:03 / 27.05.2017
23 615

Xalq tabobati usullari borasida afsona va haqiqatlar

Xalq tabobati usullari borasida afsona va haqiqatlar
Bugungi kunda dori-darmonlarni chetga surib, quloqqa chalinib qolgan turli damlamalar bilan davolanishni ma’qul ko‘radiganlar ko‘p. Ammo savol tug‘iladi: ularning tutgan usullari to‘g‘rimikan?..

Hatto har narsaga shubha bilan qaraydiganlar ham o‘zlari sezmagan holda vaqti-vaqti bilan xalq tabobatidan darmon izlashadi. Shamollagan paytda malina murabbosi yoki limon solingan choy ichishlarini, radikulitda bellariga issiqqina ro‘mol o‘rab olishlarini tushunsa bo‘ladi. Bunday usullar bilan organizmimizning himoya vazifasini oshirish istagida bo‘lamiz. Muhimi, yarani o‘rgimchak to‘ri bilan bog‘lash, anginani kerosin bilan artish, jigarni o‘simlik yog‘ida tozalash kabi aqlga sig‘mas usullardan uzog‘roq bo‘lsangiz bas. Sahifamiz orqali bir necha mashhur xatoliklardan boxabar bo‘lishni taklif etamiz.

«Xalq tabobati har dardga davo!»
Ibtidoiy odamlar ham ana shunday fikrda bo‘lishgan, boshqa ilojlari ham yo‘q edi-da! Bizda esa ilmiy tibbiyot ko‘rinishidagi imkoniyat mavjud. Ammo u ham har dardimizga shifo berolmaydi, shifokorlar sehrgar emas. Shuningdek, tabiblar ham katta qudratdan xoli ekanliklarini unutmaylik. Oddiy shamollashdan saraton kasalligigacha har bir dardning 90 foizi psixosomatik tabiatga ega. Ya’ni avval miyamizda tug‘ilib, so‘ng butun tanani o‘ziga bo‘ysundiradi. Shifokorimiz bilan bir og‘iz gaplashganimizdan keyin ancha yengillashishimizning sababi shunda. Afsuski, ko‘pchilik tibbiyot xodimlarining har bir bemor bilan psixoterapevtik seanslarni o‘tkazishga vaqtlari yo‘q. Tabiblar esa xastalarni tinglashga doimo tayyor (tekinga emas, albatta), yana darddan forig‘ etishga va’da ham berishadi. Shifokorlar esa juda katta va’dalarni berishga hayiqib turishadi.

! Shifokoringizdan davolash rejangizga xalq tabobatini kiritishini iltimos qiling. Agar ular mutaxassis tomonidan belgilanib, umumiy terapiya doirasida madad beruvchi sifatida qo‘llanilsa, samarali natija beradi.

«Bunday usullar xavfsiz»
Agar onkologik xastalikka chalingan bemor kimyoterapiya o‘rniga xalq tabobatidagi reseptlar bo‘yicha tayyorlangan damlamalarni iste’mol qilsa, qimmatli vaqt qo‘ldan boy beriladi. Biroq onkologik kasalliklarni davolashda o‘simlik vositalarini qo‘llash qo‘shimcha terapiya sifatida, shuningdek, albatta shifokor tavsiyasi va kuzatuvi asosida amalga oshirilish sharti bilan muvaffaqiyat qozoniladi. Turli xalqona usullar yordamida davolashlarning to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatuvchi belgilar bo‘ladi. Hatto o‘tli damlamalar ham siz o‘ylaganingizdek beziyon emas. Biror o‘tning miqdorini oshirib, iste’molini uzoq davom ettirsangiz, salomatligingizga katta zarar etkazishi mumkin. Masalan, jigarni tozalashda qo‘llaniladigan shuvoq yoki shamollash jarayonlariga qarshi yaxshi vosita hisoblanuvchi mavrak (shalfey)da sal miqdor oshirilsa, zaharli xususiyatini namoyon etuvchi terpenoidlar mavjud.

! Fitoterapiyaning vaqtini uzaytirib yubormang. Odatda, bu muolaja 2-3 haftaga mo‘ljallangan. Mazkur vaqtdan so‘ng tanaffus qilishingiz darkor. O‘tlarni esa avtomexaniklik diplomga ega bo‘lgan oltinchi avloddagi tabib emas, balki shifokor tanlab berishi kerak.

«Asalli choy — shamollashga qarshi eng yaxshi vosita»
Afsuski, unday emas. Biz odatda ustidan qaynoq suv quyadigan asal yuqori haroratdan o‘zining foydali xususiyatlaridan mahrum bo‘ladi. Chunki asal tarkibidagi vitamin, ferment va boshqa biologik faol moddalar 50-60 darajali haroratda zaiflashadi. Bundan tashqari, choyga solingan asal ko‘pincha qiyinchilik bilan o‘zlashtiriladi (gaz hosil etib, qorinda og‘riq paydo qiladi yoki allergiyani qo‘zg‘ashi mumkin). Asal tabiiy ko‘rinishda iste’mol qilinsagina, tomoq, burun halqum va bodomsimon bezlardagi mikroblarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi.

! Davolanish maqsadida bir choy qoshiq asaldan og‘izga solib, uni so‘rib, so‘ng choy yoki qaynatilgan suv ichishingiz ayni muddao.

«Kerosinga etadigani yo‘q»
Xalq tabobati kerosinni anginada shamollagan bodomsimon bezga surtishni tavsiya etadi. Biroq LOR shifokorlar kerosin surtishni nojoiz usul deb hisoblashadi. Tayoqchaga o‘ralgan paxta chiqib ketib, nafas yo‘lini yopib qo‘yishi mumkin. Bunday hodisa ro‘y bermasa-da, kerosin og‘iz va tomoqlarning shilliq qatlami kimyoviy kuyishiga yo‘l ochib beradi. Shuningdek, kerosin zaharli bronxit va pnevmoniyani yuzaga keltirishi mumkin. Bu muolaja kamida astma xuruji paytidagi nafas qisishi bilan kuzatiluvchi reflektor bronxospazm xavfini oshirishi ehtimoli ham yo‘q emas. Ana shu vosita yordamida bitlardan xalos bo‘lish fikrining tug‘ilishi kerosindan kasal holatga etguncha hidlashingizni ta’minlaydi. Pedikulyozdan hatto hozirgi kunda ham oxirigacha qutulish mushkul, ammo bu xalq tabobatidan foydalanish kerak, degani emas.

! Bitlarga qarshi shampun xarid qilish uchun dorixonaga yo‘l oling. Muammoni madaniyatli ravishda hal etganingiz ma’qul.

«Hammaga mo‘miyo yordam beradi»
Ba’zilar «qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi» aqidasiga amal qilib, deyarli hamma kasalliklarda mo‘miyodan foydalanishadi. «Bu ne’matdan foyda ko‘rsang ko‘rasanki, zarar ko‘rmaysan», degan fikrni ma’qullaydiganlar bor. Biroq, birinchidan, organizmning hayotiy quvvatini ehtiyotkorlik bilan kuchaytirish lozim. Aks holda zaxiradagi kuch-quvvatni sarflab yuborish mumkin yoki organizm tashqi ta’sirlarsiz o‘z kuchi bilan quvvatga to‘lolmaydi, shuningdek, infeksiyalarga qarshi chiqolmaydi. Ikkinchidan, biokuchaytiruvchilar nafaqat tiklanuvchi, balki allergiya, autoimmun reaksiyalar va hatto saraton hujayralarining o‘sishi kabi patologik jarayonlarni tezlashtirishga qodir.

! Mo‘miyodan faqat shifokor tavsiyasiyu ko‘rsatmasi bo‘yicha foydalaning. Masalan, o‘n ikki barmoqli ichak va oshqozon yarasini davolash yoki suyak sinishidan keyingi tiklovchi vosita sifatida qo‘llashingiz mumkin.

«O‘simlik yog‘i jigarni tozalaydi»
Bunday tabobatga ishongan odamlar o‘simlik yog‘ini qoshiqlab, hatto stakanlab iste’mol qilishadi. Va qorindagi og‘riq, ich ketishi, yuqori tana harorati moddalar almashinuvi tezlashganidan, organizmdan zararli moddalarni chiqarib tashlayotganidan dalolat ekaniga ishonishadi. Aslida bu hazm tizimiga ortiqcha yog‘larning qabul etilgani sababli paydo bo‘lgan buyrak sanchiqlari va xolesestit kuchayishi belgilaridir. Uning o‘simliklar olamiga mansub ekani muhim emas, chunki eng foydali maxsulot ham me’yoridan oshiqcha iste’mol qilinsa, zaharga aylanadi. Ayniqsa, ko‘krak saratoniga chalingan ayol onkolog yordamida davolanish o‘rniga vaqtni boy berib, o‘simlik yog‘i bilan aroq yordamida davolanishi juda ayanchli.

! Aslo bunga yo‘l qo‘ymang! Sog‘lig‘ingizda biror muammo his etayotgan bo‘lsangiz, darhol shifokor huzuriga borib, tibbiy tekshiruvdan o‘ting! Ko‘krak saratoni boshlang‘ich bosqichda aniqlanib, o‘z vaqtida chora ko‘rilsa, shifo topishini unutmang!

«Peroksid mo‘’jiza yaratadi»
Urinaterapiya bilan shug‘ullanish odamlar ana shu usul sabab buyrak toshiga chalinganlaridan so‘ng ancha kamaydi. Biroq uning o‘rnini peroksid egalladi. Jarohatga tomizilgan vodorod peroksidining vishillab ketganini ehtimol ko‘rgandirsiz. Uning yordamida sochni sarg‘aytirish jarayonini-chi? Endi esa peroksid iste’molidan so‘ng oshqozonda nimalar sodir bo‘lishini tasavvur etavering. Peroksid kislorod atomini ajratib, kimyoviy reaksiyalarga osongina kirishadiyu organizmga o‘ta zararli moddalar kiritiladi. Mazkur moddalarning yig‘ilib borishi hujayralar genetik apparatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, allergiyadan saratonga qadar turli jiddiy kasalliklarga zamin yaratadi.

! Hatto tabibingiz tashqi qo‘llanishga mo‘ljallangan vositalarning samarali ta’sirini isbotlay ketganida ham ularni aslo iste’mol qilmang!

«Tabiat eng yaxshi davo»
Agar chindan ham tabiat eng yaxshi davo bo‘lganida velosipedni kashf etishga, dorilar ishlab chiqarishga hojat qolmagan bo‘lardi. Agar shifokorlar faqat xalq tabobatidan foydalanganida va dorixonalarda zuluk hamda o‘tli damlamalar sotilganida bemorlarning sog‘ayib ketishiga imkon kamayardi. Xalq tabobati tarafdorlari o‘simlik preparatlari hujayralar darajasida ishlagani bois asta- sekinlik bilan ta’sir ko‘rsatishini hisobga olishlari kerak. Jiddiy vaziyatda farmpreparatlarining o‘rnini hech nima bosolmaydi. Ular buzilgan vazifalarni izga solib, butun organizm darajasida ta’sir etadi.

! O‘simlik preparatlari mutaxassis tomonidan belgilangan taqdirdagina davolanish jarayonidan shifo topasiz!

Sog‘ligingizni xatarga qo‘ymang!
Agar sog‘lig‘ingizda biror muammoni his etayotgan bo‘lsangiz, albatta, shifokor bilan maslahatlashib, belgilangan tekshiruvdan o‘ting. Jiddiy muammo haqida gap ketganda ilmiy usullar o‘rniga xalq tabobatini qo‘llamang. Mutaxassis dorixona preparatlari va o‘tlar bilan davolashlardan birini tanlayotganda kasallik bosqichi, jarayon keskinligi, dardning og‘ir yengilligi kabi ko‘pgina omillarni e’tiborga oladi. Masalan, gipertoniyaning boshlang‘ich bosqichida qon bosimini o‘tli damlamalar yordamida nazorat qilish mumkin, biroq asab tizimidagi buzilishlarni arslonquyruq o‘ti yordamida davolab bo‘lmaydi. Chunki bu xastalikni davolash uchun kuchliroq dori vositalari zarur. O‘zingiz va yaqinlaringiz ustida tajribalar o‘tkaza ko‘rmang. Xalq tabobatining biror usuli haqida eshitib qolsangiz, uning kim tomonidan qo‘llangani, ilmiy sinovdan o‘tgan-o‘tmagani bilan qiziqing. Eng yaxshisi, shofokoringiz bilan maslahatlashing.

Xalq tabobatining hamma usullari ham beziyon emas. Ma’lumotlarga qaraganda, xalq tabiblarining 95 foizida tibbiy bilim yo‘q. Salomatligingizni xavf-xatarga qo‘ymang!


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Xalq tabobati usullari borasida afsona va haqiqatlar