14:10 / 15.02.2018
6 744

Yangi qaror: dorilarni internet orqali xarid qilish mumkin bo‘ladi

Yangi qaror: dorilarni internet orqali xarid qilish mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA’da keltirilgan.

Hujjat bilan erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish sohasidagi ishlarni tashkil etish borasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Ishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi va lozim darajadagi tashabbuskorlik yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmavsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Z.A.Dusanov va mazkur agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari M.M.Dusmuratov egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

“Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalaridagi haqiqiy vaziyatni o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Q.V.Akmalov) ikki oy muddatda ishchi guruhlar faoliyatining yakunlari bo‘yicha quyidagilarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:

Dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha tadbirlar dasturi;

Tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar, yordamchi va o‘rash-joylash materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati.

Belgilanishicha, viloyat miqyosidagi mas’ul davlat organlari va tashkilotlar har oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tegishli viloyatlar prokurorlariga erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida hisobot taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

ikki kun muddatda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, shuningdek, qishloq vrachlik punktlarida ijtimoiy dorixonalarni joylashtirish imkoniyatlarini joylarga chiqqan holda o‘rganish uchun ishchi guruhlarni tashkil etadi;

o‘tkazilgan o‘rganishni inobatga olgan holda, 2018 yil 1 aprelga qadar muddatda ijtimoiy dorixonalarning joylashuvini tasdiqlaydi;

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Ijtimoiy dorixonalar to‘g‘risidagi nizom loyihasini kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:

a) 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadigan Internet tarmog‘ida axborot portalini, shuningdek, mobil ilovalarni yaratadi:

asosiy axborot indikatori sifatida litsenziya mavjudligini aks ettirgan holda dorixonalarning joylashuvini aniqlash;

dori vositalari va tibbiy buyumlarni, zarur hollarda sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni tegishli dorixonalar tomonidan aholiga yetkazib berishni ta’minlagan holda real vaqt rejimida sotib olish;

b) 2018 yil 1 mayga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasida dori vositalari va tibbiy buyumlarni hisobga olish va hisobot jarayonini avtomatlashtirish, shuningdek, ular haqidagi zarur axborotni taqdim qilgan holda dori vositalari va tibbiy buyumlarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maxsus markirovka tizimini joriy etish mumkinligi masalasini o‘rganadi;

v) 2018 yil 1 aprelga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat tibbiyot muassasalari va ijtimoiy dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning hisobini olib borishning, shu jumladan byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishini tezkor aniqlash va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni yaratish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini tanqidiy o‘rganadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mazkur sohadagi faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan dori vositalari va tibbiy buyumlarning o‘quv-ilmiy laboratoriyasi va tajriba-ishlab chiqarish majmuasini tashkil etishni nazarda tutgan holda takliflar kiritadi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi R.S.Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi K.M.Rafikov zimmasiga yuklandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yangi qaror: dorilarni internet orqali xarid qilish mumkin bo‘ladi