11:58 / 09.06.2018
6 182

Insonning tarbiyasi uning nevrozga uchramasligiga katta ta’sir ko‘rsatadi

Insonning tarbiyasi uning nevrozga uchramasligiga katta ta’sir ko‘rsatadi
Salomatlik – bebaho boylik. U yagona, shu bilan birga unga zarba beradigan kasalliklarning esa son-sanog‘i yo‘q. Nevroz kasalliklari ana shu dardlardan biri hisoblanadi. Bugungi suhbatdoshimiz Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Nevrologiya kafedrasining mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor G‘afurovning tavsiya va maslahatlari hech birimizni befarq qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz.

— Sababsiz natija bo‘lmaydi, deydi donishmandlar. Albatta, biror xastalikning kelib chiqishiga ham turli omillar ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda asab kasalliklarining paydo bo‘lishiga nimalar sabab bo‘ladi, deb hisoblaysiz?

— Ma’lumki, ko‘plab kasalliklar 2 turli: irsiyatga bog‘liq holda va turmush davomida orttirilgan bo‘lishi mumkin. Asab kasalliklari ham xuddi shu asoslarda paydo bo‘ladi. Shuni ta’kidlash joizki, mavjud irsiy kasalliklarning qariyb yetmish foizi asab xastaliklari hisoblanadi. Bunda asosiy omil sifatida qarindoshlar orasidagi nikohni keltirish mumkin.

Inson hayoti davomida turli vaziyatlarga tushishi, har xil voqea-hodisalarni boshidan o‘tkazishi mumkin. Xursandchilik damlarida ham, g‘am-tashvishga duchor bo‘lganida ham o‘zining ruhiyatini boshqara olgan odam irodali sanaladi. Iroda insonni asab xastaliklaridan asray oladi.

Birinchidan, shaxsning ichki dunyosi uning hayotida muhim rol o‘ynaydi. Aytmoqchi bo‘lganimiz, Alloh tomonidan in’om etilgan o‘ziga xos fe’l-atvor kishilarni turli kasalliklarga giriftor etadi yoki mutlaqo darddan yiroqda saqlaydi. Tabiatan vazmin, keng fe’lli odamlar har narsaga asablarini buzishmaydi, natijada ulardagi asab tizimi bir me’yorda faoliyat ko‘rsataveradi. Aksincha, fe’li tor, yengil tabiatli odamlar hayotning mayda tashvishlariga duch kelganda ham jig‘ibiyron bo‘laverishadi. Shuning uchun bunday kishilarda xastaliklarga moyillik kuchli bo‘ladi.

Ikkinchidan, kuchli ruhiy zo‘riqish, tasodifiy voqea-hodisalar natijasida tushkunlikka tushib qolish ham asab kasalliklariga olib keladi. Qolaversa, eng asosiy omillardan biri sifatida inson tarbiyasini aytib o‘tgan bo‘lardim. Zotan, kishi keng dunyoqarash va tugal madaniyat egasi bo‘lsa, u o‘zini har qanday vaziyatda idora qila oladi. Demakki, insonning madaniyati, tarbiyasi ham uning nevrozga uchramasligiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, hayotda shunday insonlar borki, bo‘lar-bo‘lmasga o‘z fe’l-atvorini namoyon etaveradi. Mayda-chuyda gap-so‘zlardan ham janjal chiqaraverish, jamoat joylarida hadeb asabiylashish va bu bilan boshqalarning ham kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazishni asab kasalliklari bilan emas, tarbiyasizlik deb baholash kerak, nazarimda. Chunki o‘zining “Men”iga egalik qila oladigan odam asabini ham asray oladi, o‘zini boshqara olmaydigan odam nafaqat o‘z sog‘ligidan, balki atrofdagilarining hurmatidan ham mosuvo bo‘lishlari bor gap.

— Chindan ham, ota-bobolarimiz farzand tarbiyasiga «yo hayot, yo mamot» masalasi darajasida qarashganida ham ulkan ma’no bor. Siz mutaxassis sifatida yosh avlodni asab kasalliklaridan asrash uchun qanday tavsiyalar berasiz?

— Eng avvalo, farzandini har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazishni orzu qiladigan ota-ona bolasi bilan munosabatda me’yorni unutmasligi kerak. Ya’ni, farzandlarimizni mehnatkash qilib tarbiyalashi, ularni o‘zi foydalanayotgan ne’matlarning qadriga yetishga o‘rgatishi muhim ahamiyat kasb etadi. Nega oilada yolg‘iz farzandlar asabi nozik bo‘lib ulg‘ayadi? Chunki ular bolaligidanoq haddan ortiq e’tibor va mehribonchilikka o‘rganishgan. Bunday odamlar hayotning arzimagan zarbasiga uchrashganida ham toliqib qolishlari mumkin. Yoki, aksincha, ko‘p farzandli oilalarda ham ba’zi bolalar nevrozga uchrashlari kuzatiladi. Chunki ularga e’tibor yetishmaydi. Shu bois farzand tarbiyasida me’yorni saqlash, bolalarimizni rag‘batlantirish barobarida ularni mustaqil hayotga o‘rgatib borish lozim. Yoshligidan hayotdagi voqea-hodisalarga real baho berishni o‘rganib borgan inson turmushning eng og‘ir damlarida ham esankirab qolmaydi.

Yana bir gap. Oiladagi nosog‘lom muhit bolalarda asab kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ota va ona orasidagi dahanaki janglar yoki ulardan birovining xo‘rlanishi bola asabiga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Agar bu holat muttasil davom etadigan bo‘lsa, u oiladagi bolalarning sog‘lom yigit yoki qiz bo‘lib voyaga yetishi amri mahol. Shuning uchun farzand tarbiyalayotgan ota-ona, eng avvalo, o‘zaro muammolarini hal etib olishlari, ularning kelishmovchiliklari murg‘ak go‘daklarning hayotiga ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.

— Ma’lumki, tutqanoq uzoq vaqtlardan beri davosiz dard sifatida baholab kelingan. Ayting-chi, hozirgi zamonaviy tibbiyot bu kasallikka chalingan bemorlarni davolash va undan butunlay forig‘ qilish imkoniyatiga egami?

— Haqiqatan ham, tutqanoq juda qadimiy kasallik. U ko‘proq irsiy, genetik omillar ta’sirida paydo bo‘ladi. Hozirgi kunda butun dunyo aholisining 0,8 foizida shu xastalik uchraydi. To‘g‘ri, uzoq yillar davomida u davosiz kasalliklar sirasiga kiritilgan. Ayrim tarixiy manbalarda o‘z davrining buyuk kishilari — Yuliy Sezr, Dostoyevskiy, Nobel, Nyuton kabi mashhur insonlar ham tutqanoqdan aziyat chekishgani qayd etilgan. Bizning xalqimiz orasida ham ko‘p yillar davomida bu xastalikka uchragan bemorlarning kasalligi jamoatchilikdan sir saqlangan. Yana bir gap: bu bemorlar uzoq vaqt psixiatrlarga murojaat qilib kelishgan. Ammo bugungi kunga kelib odamlar bevosita nevropotolog shifokorlarga murojaat qilishmoqda. Chunki bugungi kun tibbiyotida bu bemorlarni darddan xalos qilish yo‘llari topilgan. Demakki, hozirgi paytda shifokor bilan hamkorlikda tutqanoq kasalligidan forig‘ bo‘lish mumkin, deb bemalol ayta olamiz.

— Baxtiyor aka, siz uzoq yillardan buyon nevropotolog sifatida faoliyat ko‘rsatmoqdasiz. Bugun o‘z sohangizga nazar tashlaganingizda, nimalar sizni o‘ylantiradi?

— Meni yurtimizda tibbiyotning imkoniyatlari va sifati ortib borayotgani juda quvontiradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, respublikamizda tez tibbiy yordam tizimi rivojlanayotgani har qancha e’tirofga loyiq. Chunki ayrim kasalliklar borki, ularga chalingan bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun daqiqalar va hatto soniyalar ham katta ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, insult kasalliklari, markaziy asab tizimining o‘tkir yallig‘lanishi, tutqanoqning og‘ir turlarida shoshilinch yordam ko‘rsatish juda muhim. Bugun tez tibbiy yordam tizimining ko‘magida ana shunday kasalliklarni davolashda ancha-muncha yutuqlarga erishmoqdamiz. To‘g‘ri, bu sohada muammolar ham yo‘q emas. Ular ham o‘z yechimini topishiga ishonamiz. Qolaversa, nevrologik kasalliklarni aniq tashxislashda kompyuter tomografiyasining imkoniyatlaridan foydalanilayotgani ham davolash samarasini yanada oshirmoqda.

Meni anchadan beri bir fikr o‘ylantirib keladi. Bilamizki, tibbiyotning asab kasalliklari sohasi — keng tarmoq. Bir mutaxassisning o‘zi barcha yo‘nalishlardan xabardor bo‘lishi, turli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga yordam berishi lozim. Agar nevrologiya sohasining o‘zida ham tor mutaxassisliklar tashkil etilsa, bu ko‘rsatayotgan tibbiy xizmatimizning sifati yanada oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatardi. £olaversa, miya qon-tomir kasalliklari, irsiy kasalliklar va boshqa yo‘nalishlarda turli tibbiy markazlar ochilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi. Chunki bunday tibbiy markazlar o‘z doirasidagi bemorlarga professional e’tibor qaratib, ularni davolashning yangidan-yangi usullarini o‘zlashtirsalar, zamonaviy tibbiyotdagi yangiliklarni o‘z ishiga joriy qilsalar, o‘ylaymanki, aholiga ko‘rsatayotgan tibbiy xizmatimizning sifati yanada ortar edi.
Sitora Tojiddinova
suhbatlashdi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Insonning tarbiyasi uning nevrozga uchramasligiga katta ta’sir ko‘rsatadi