19:12 / 24.09.2018
6 260

Yolgʻizlikning soʻnggi tuhfasi

Yolgʻizlikning soʻnggi tuhfasi

Yangi kelgan yoshgina Guli ismli qiz xona toʻrida atrofdagilarni payqamayotgandek bir qiyofada oʻtirgan ayolga qarab-qarab qoʻydi. Chunki xonada ayol bilan Gulidan boshqa yana beshta qiz boʻlib, ularning har biri bitta kompyuter oldida taqsimchalardagi shirinliklardan totinib, choy hoʻplashar, faqat yoshiga nomunosib holda tor shim va kofta kiyib, kiyimiga yarashmagan alfozda shoda-shoda marjon taqqan ayol — Sapura opaning oldi boʻsh edi. Xonadagi hech kimdan hech qanday sado chiqmasa ham, Guli oʻziga atalgan shirinlikdan olib, choy ichishga oʻsha ayoldan xijolat boʻldi. Oʻrnidan turib Sapura opaning yoniga bordi-da, boshqalarning diqqatini tortmaydigan pastroq ovozda:

— Opa, sizgayam qahva damlab beraymi? — deb soʻradi.

Boyadan beri qaragan koʻzga qoʻli ishda boʻlsa-da, nigohi, xayoli uzoq-uzoqlarda kezib yurgandek taassurot qoldiradigan Sapura opa Gulining tavoze bilan koʻrsatgan iltifotiga keskin bosh chayqadi.
Guli noqulay bir ahvolga tushdi-da, joyiga borib, ishiga unnadi.

Kimdir tomoq qirdi, kimdir “piq” etib kuldi.

— Nima, birov maymun oʻynatyaptimi? Yo beish zerikib qoldilaringmi? — Sapura opaning yoʻgʻon, guldiragan ovozi Gulini seskantirgandek boʻldi.

“Bu ayoldan yiroqroq yurganim durust, shekilli. Oʻziga yarasha feʼli borga oʻxshayapti”, deb oʻyladi Guli. Darhaqiqat, Sapura opa chekkani tashqariga chiqib ketganida, hamxonalar oʻsha ayolning Guliga gʻalati koʻringan feʼlini birpasda doston qilib taʼriflab berishdi:

— Gulijon, sizni tushundik. Yoshi ulugʻ deb Sapura opaga iltifot koʻrsatdingiz. Lekin u kishi faqat ishxonamizda emas, butun dunyoda yagona nusxadagi shaxs. “Har kim oʻz yukini oʻzi koʻtarib yashashi kerak. Hech kim oʻzidan oʻzgaga zarracha ogʻirligini tushirmasligi shart”, degan shior bilan yashaydi. Biz ularning hayot tarziga oʻrganib qolganmiz, siz ham endi koʻnikasiz.

— Axir opamiz sahroda yashamaydi-ku. Qanaqa qilib tumonat odam ichida hech kimning ogʻirini olmay, hech kimga ogʻirini solmay yashash mumkin? — Guli ajablanib soʻradi.

— Mumkin ekan-da, — xonadagi ayollar gapni kelgan joyidan ilib ketishdi. — Sapura opa turmush ham qurmagan, farzand ham koʻrmagan.

— Rosa qiziq ekan-ku! Bunday feʼl-atvorli kishilar, aslida, shaxs emas, xudbin deyilsa kerak…

— Jim-m… — Guliga gapini davom ettirishga qoʻymadi boshqa bir hamxonasi.

— Yaxshisi, siz bu ayolni boricha qabul qiling. Hatto yuragi yomon boʻlib, rangi boʻzdek oqarib ketganida ham. Bekor dilingiz ogʻrigani qoladi.

Shu payt Sapura opa eshikdan kirib keldi-yu, hamma kompyuter ustiga engashdi.

* * *

Birovni gapirish, birovning feʼl-atvorini muhokama qilish oson. Lekin uni umrning shu bekatiga qanday yoʻllar, qaysi soʻqmoqlar olib keldi, bu haqda koʻpincha fikr yuritmaymiz. Oʻzgalarning oʻzi taraf choʻzilgan yordam qoʻllarini “Men… Oʻzim…”, deya qaytarish, qoʻl orqaga qaytmay, yana choʻzilaversa, keskin siltab tashlashdek qaltis odatlar bilan birga dunyoga kelmagandik-ku. Sapura opaning oʻzi ham bu soʻqmoqlar, bu yoʻllar haqida deyarli eslagisi kelmaydi. Baʼzan-baʼzan nima munosabat bilandir eslab qolsa, oʻy-kechinmasining boshi maktabga borib taqaladi.

Toʻrtinchi sinflar edi chamasi. Sinf rahbari oʻz oʻquvchilarini uch guruhga boʻldi. Har bir zvenodagi oʻquvchilar bir-biri uchun javob beradi. Agar kimdir oʻquvchi odobiga toʻgʻri kelmaydigan ish qilib qoʻysa yo past bahoga oʻzlashtirsa, oʻsha zveno hech qachon ilgʻor boʻla olmaydi. Ular gʻoliblarga taqdim qilinadigan bayroqchaga ega chiqmaydi. Shundanmi ikkala zvenodagi (Sapuralaring zvenosi oʻrtada edi) aʼlochilar pastroq oʻqiydigan sinfdoshlari uchun jon kuydira boshladi. Har kuni ularning darslarini tekshirishar, yozma ishlarini koʻchirtirishardi. Darsda javob berish uchun chiqsa, varaqlariga savollar javobini yozib koʻrsatishar, shivirlab, “jonli shpargalka”larga aylanishardi. Sapuraga esa bu yolgʻon yoqmas, jonu dili bilan zvenodagi barcha oʻquvchi aʼlochi boʻla olmasligini isbotlashga urinardi.

Sinfdoshlari Sapuraning qaysarligi bois bayroqchaga ega boʻla olmagani, hadeb uchinchi oʻrinni olaverishgani uchun uni ayblashar, oʻqituvchisiga:

— Sapurani bizning zvenodan chiqarib yuboring, — deya nolishardi.

Oʻqituvchisi Sapurani goh birinchi, goh uchinchi zvenoga oldi. Axiyri Sapurani yakkalashdi.

Aslida, baʼzi bir bolalik feʼl-atvorlari, ayniqsa, oʻsmirlik fazilatlari odam bilan birga uzoq vaqt qolmaydi. Oʻzgaradi. Lekin Sapura opaning “men”i yillar oʻtgan sari oʻzi bilan birga ulgʻaydi.

Sapuraning “Men… Oʻzim…”ini ulkanlashtirib yuborgan sabablardan biri aynan muhabbat yoshi bilan ham bogʻliq edi.

U paytda Sapura institutning birinchi kursida oʻqirdi. Sapura juda tirishqoq, boshqa yoshlarga oʻxshab oʻyin-kulgilarga aralashmadi ham. Abituriyentligidan buyon oʻrtalarida iliqlik uygʻongan, bir-birini koʻrganida yuzi qizarib, yuragi urib ketadigan yigit — toʻrtinchi kurs Tolibjon ismli fakultetdoshi Sapuraga:

— Men sizni jamoatchi, aʼlochi talaba sifatida yuqori stipendiyaga tavsiya qildim. Axir yaqinda turmush quramiz, daromadimiz koʻp boʻlsa, yaxshi emasmi? — deb qoʻshib qoʻydi.

— Kimga tavsiya qildingiz? Kim meni stipendiat qilib berar ekan? — Sapura biroz kinoya bilan soʻradi.

— Yaqin oʻrtogʻim yoshlar tashkilotidagi rahbarlardan biri. Shunday, shunday rejamiz bor, oʻzi aʼlochi qiz, deb tavsiya qilsam “Jamoatchilik ishlarida ham faol qatnashib tursin, qandaydir tashabbuslar bilan oʻzini koʻrsatishi kerak”, dedi.

Har qanday soxtalik, har qanday notabiiiylikni mutlaqo yoqtirmaydigan Sapura uchun bu taklif oʻta yoqimsizdek tuyuldi. Shuning uchun Tolibjon bilan adi-badi aytishib oʻtirmadi-da, u bilan aloqani uzib qoʻya qoldi. Avval Sapuraning toʻnini teskari kiyib yurganining sababini tushunolmay oldiga kelib-ketib yurgan Tolibjon ham kimlargadir “Oʻzi gʻalatiroq qiz edi. Gulday chiroyli, feʼliga koʻra ersiz qolib ketmasin, deb u bilan gaplashib yurgandim. Endi nimaga noz qilyapti, bilmadim. Ajralishsak ajralishaveramiz, oʻziga qiyin boʻladi”, degan ekan.

Aytilgan gap aytilgan joyda qolarmidi? Sapuraning qulogʻiga yetdi-yu, shu bilan qiz Tolibjon tarafga boshqa qayrilib qaramadi. Faqat Tolibjondan emas, barcha erkak zotidan koʻngli qoldi. “Nimaga erishsam, oʻzim erishaman, hech kim mening taqdirimga aralasha olmaydi. Hech qachon hech qaysi jihatdan birovga qaram boʻlmayman”, degan ahdi yana ham qatʼiylashdi.

Yillar oʻtdi, qiynalgan chogʻlarida hali oʻz ahdida sobit ekanidan, birovga yalinmay, birovga yaltoqlanmay oʻz aqli, shuuri, kuch-quvvati bilan kun koʻrib kelayotganidan faxrlanar, oʻziga hurmati oshardi. Ammo bir gal…

* * *

Oʻshanda u xastalanib kasalxonaga tushdi. Birinchi bor yuragi sanchdi. Ogʻrigʻi yurak sohasiga emas, butun vujudiga sezildi. Shifoxonada uni davolagan ayol — Gulnora Shermatovna:

— Siz hayot tarzingizni oʻzgartirishingiz kerak. Oʻzingizni-oʻzingizga yashirib, qulflab yashar ekansiz. Sizni bezovta qilayotgan ogʻriq sarflanmagan ayollik va onalik mehri, — dedi.

Bu paytga kelib u yosh jihatdan “opa”lik pogʻonasiga qadam qoʻya boshlagan edi. Doktorning gaplarini oʻz tamoyiliga qarama-qarshi asta-sekinlik bilan “hazm” qilishga kirishgan kunlarida oʻsha shifokorning oʻzi kutilmagan bir taklif aytdi:

— Mening sizdan ikki-uch yosh katta ukam bor. Oʻzi sport maktabida murabbiylik qiladi. Uch yil boʻldi xotini vafot etdi. Oʻgʻilchasi bilan qoldi. Agar rozi boʻlsangiz, sizni ukam bilan tanishtirib qoʻyardim. Agar bir-biringizga toʻgʻri kelib, yulduzingiz yulduzingizga tushsa, bir oila boʻlib ketarmidingiz!

Sapura opa kelajakdagi yolgʻizlikni tasavvur qilib koʻrdimi, har holda, Gulnora Shermatovnaning beva ukasi bilan tanishmoqchi boʻldi. Ammo erkak ilk tanishuvdayoq Sapura opaga “Jamiyatda yashaysizmi, uning qonun-qoidalariga boʻysunishingiz kerak. Boʻlmasa, odamlar sizni telbaga chiqarishadi”, dedi.

Sapura opaga erkakning oʻgʻilchasi yoqib qolgan edi. Sochlari qoʻngʻiroq, koʻzlari moviy bola… Yoʻq, Sapura opa oʻzining hayotiy tamoyillarini oʻsha bolaga ham qurbon qila olmadi.

“Men hech kimga bogʻlanib yashamayman”, dedi.

* * *

Guli bu xonaga kirib kelganidan soʻng ehtimol, Sapura opa oʻz kechmishini oʻylamagandir. Koʻksida oʻqtin-oʻqtin uygʻonadigan ogʻriq oʻylashga xalaqit bergandir. Bu ogʻriqning bosilmagani, aksincha, battar kuchaygani Sapura opani hiylagina bezovta qila boshladi.

… Sapura opa oʻrnidan turib, suv ichmoqchi boʻldi. Ikki qadam yurdi-da, bir-ikki bor gandirakladi. Ayollar “Sapura opaga eʼtibor bermang”, deb shuncha uqtirishganiga qaramay, Guli:

— Sizga nima boʻlyapti? — deya baqirib yubordi.

* * *

Hech kim “Bu ayol odamlarga qoʻshilmasdi”, demadi. Mahalla-koʻy, ishxona barcha urf-odatlarni bekamu koʻst bajarib, marhumani soʻnggi yoʻlga kuzatishdi.

“Eh, Sapura opa, Sapura opa, axir bir osmon osti, bir zamin ustida yashab, qanaqa qilib inson insonga muhtoj boʻlmasin? Tirikligida, ehtimol, juda irodali, juda kuchli boʻlsa, oʻzini-oʻzi eplar, lekin joni chin dunyoga ravona boʻlgach, oʻzi-oʻziga goʻr qazib, oʻzini-oʻzi koʻma olmaydi-ku. Gunohkor bandangni kechir, Allohim!”

Bu gapni kim aytdi, kim nola qildi, bilmadim-u, lekin bu gap “Men oʻzim…” tamoyili bilan yashayotganlarga qarata otilgan tosh edi.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yolgʻizlikning soʻnggi tuhfasi