01:23 / 10.09.2016
11 090

Islom Karimov tutgan kundalik (5-qism)

Islom Karimov tutgan kundalik (5-qism)

Buyuk ustoz Odil Yoqubovning Islom Karimov haqida aytgan so‘zlari hechqachon yodimdan chiqmaydi. U paytlar Odil Yoqubov nafaqaga chiqqan, xukumat e’tiboridan biroz chetda, keksa va xasta holatda edi. U kishining oldiga borganlar g‘amgusorlik bilan “ Naga falonchi falonchilar Qahramon bo‘ldi-yu, siz bo‘lmadingiz, holbuki eng loyig‘i siz-ku, bunga chidab bo‘ladimi?, — deyishar, Odil Yoqubovni Islom Karimovga qarshi gij-gijlashardi. Odil aka bosiqlik bilan javob qaytarishga urinar, ammo e’tirozlari havoga uchardi.

O‘sha kunlarning birida Odil aka shunday degan edi: “Hozir mukofotga qiziqish yoshidan o‘tganman. Qasam ichib aytaman, meni hech qanaqa mukofot qiziqtirmaydi. Hozir Azroil kelib, yana bir oy yashaysiz, yana bir oy yashashingizni Xudo kafolatladi, desa shu menga oliy mukofot. Agar yana bir yil yashaysiz, mazza qilib toza havodan nafas olasiz, nevara-chevaralaringiz bag‘rida o‘ynab kuling, eng, iching, ijod qiling desa, bu in’om menga Nobel mukofotidan ortiq. Men hozir yashashdan boshqa mukofotni o‘ylayotganim yo‘q. Islom Karimov esa men uchun mardlik va jasorat timsoli.

Men uni Moskvada, Se’zdlar saroyida SSSR Vazirlar maxkamasining Raisi Nikolay Rijkov bilan qanday tortishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. U paytlar O‘zbekiston SSSR tarkibidagi mustamlaka respublika edi. Ularga tik qarashga hech kimning haddi sig‘masdi. Ammo Islom aka Rijkovga :
— Men O‘zbekiston Respublikasini Mustaqil Davlat deb e’lon qilaman, hamma er osti, er usti boyliklarini O‘zbekiston xalqining mulki deb e’lon qilaman,- dedi.
— O‘zbekistondagi harbiy bazalar, oltin konlaridagi qimmatbaho texnikalar Moskvaning mulki-ku, sen ularga qanday qilib egalik qilasan,-dedi Rijkov.
— O‘zbek xalqi ularning pulini etmish yil mobaynida to‘lab qo‘ygan,- dedi Islom aka tap-tortmay.
— Men harbiy mutaxassislarimni, oltin konlarida ishlayotgan noyob kadrlarimni chaqirib olaman, keyin nima qilasan ?-dedi Rijkov.
— Men, o‘z Vatanimni ko‘kragimni qalqon qilib himoya qilaman, Vatanimda O‘zbekistonni himoya qiladigan millionlab fidoiy bor.

O‘zbekistondagi oltinlarni mana shu tirnoqlarim bilan qazib olib, xalqimni kelajagi uchun ishlataman,- dedi Islom Karimov va ikki qo‘lini panjalarini ochib, Rijkovga ko‘rsatdi. Rijkov Islom akaning keng ochilgan qo‘llarini, yuzidagi vajohatni, so‘zlaridagi shiddatni, ko‘zlaridagi g‘azabni ko‘rib tisarildi, bir so‘z aytolmay, hayiqqancha ortga burildi.
Bu voqea Kremlda bo‘lgan edi. U paytlar men ham, Islom aka ham SSSR xalq deputatlari edik. Bu voqeani hechqachon unutmayman. Shu voqeadan keyin Islom Karimov men uchun mardlik va jasorat timsoli bo‘lib qoldi. Nursulton Nazarboyev o‘sha paytlardayoq Islom aka haqida: “ Islom Abdug‘anievich Prezident bo‘lib saylanishi kerak, lozim bo‘lsa O‘zbekistonga borib tashviqotlarda qatnashaman, u do‘stim, u tabiatning nodir iste’dodi, yuz yillikning buyuk insoni!-degandi.

Islom Abdug‘anievich, xalqiga xizmat qilishni o‘zining oliy burchi deb bilardi. Qanchalik yuqori mansablarda ishlamasin, baland minbarlarda so‘zlamasin, saltanatning juda katta boyliklari iznida bo‘lmasin, oddiy xalqqa xizmat qilishni, ularning dardini eshitishni asosiy vazifa deb bilardi. Biz Islom Karimovning shu fazilatlaridan o‘rnak olishimiz kerak.

Qashqadaryoliklar menga bir voqeani aytib bergandi: Islom Karimov Qashqadaryo dalalarida yurganida, keng paxtazorda paxta sug‘orib yurgan bir suvchini ko‘radi. Ayni kun qizigan payt, biyday dalada hech kim yo‘q. Nega bu odam jaziramada dam olmayapti deb, mashinani suvchini oldiga haydashni buyuradi. Suvchi ham yoniga obkomning birinchi kotibi kelganidan bexabar indamay ishini qilaveradi. Islom Abdug‘anievich suvchi bilan iliq muomalada hol-ahvol so‘rab: — Ayting, sizga hozir nima kerak, chayla qurib bersinlarmi, traktor kerakmi, yo tushlik keltirishsinmi, agar hozir mashina so‘rasangiz, mashina beraman, — debdi.

Suvchi: — E, qo‘ying hech narsa kerak emas, hozir sal nosning xumori tutib turibdi, dalani tashlab nosga borib kelay desam, g‘o‘zani suv urib ketadi, bormay desam, tarki odat amri mahol, qani bir otimgina nos bo‘lsaydi, — debdi.
O‘shanda Islom Abdug‘anievich obkom bo‘lishiga qaramay suvchiga o‘zi nos olib kelgan,( u odam obkomga nos olib keltirtirgan suvchi sifatida mashhur bo‘lgan) keyinchalik hosil bayramida o‘sha suvchiga motasikl sovg‘a qilgan ekan.

Islom Abdug‘anievich hamisha xalqning dardi bilan yashaydigan inson. Xalqi uchun yonib yashaydigan, halol va fidoiy shu odamdan, “Nega menga mukofot bermayapsiz?” deb so‘raymanmi ? Shu odamning jafokash o‘zbek xalqiga xizmatining o‘zi – barchamiz uchun mukofot. U odamning qilayotgan xayrli ishlari barchamiz uchun mukofot. U kishining qurayotgan binolari, solayotgan yo‘llari, odamlarning aqliy salohiyatlarini ko‘tarayotganliklari, odamlar ham ma’naviy, ham moddiy boyiyotgani hammamiz uchun mukofot. Men uchun ham, siz uchun ham, xalq uchun ham bundan ortiq mukofot yo‘q.
O‘zbek xalqining buyuk yozuvchisi Odil Yoqubov Islom Karimov
haqida shunday xayrli voqealarni gapirib bergandi.

Shoir, Muhammad Ismoil
Manba: diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Karimov tutgan kundalik (5-qism)