11:55 / 12.09.2016
22 842

Prezident vazifalarini bajarish Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatilishida qonun buzildi deb, bilganlar uchun javob

Prezident vazifalarini bajarish Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatilishida qonun buzildi deb, bilganlar uchun javob

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajarish Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatishi huquqiy jihatdan amaldagi qonunlarga zid degan qarashlarga huquqshunos Akmal Saidov quyidagicha javob qildi. Bu haqda "Diydoraziz.uz" xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2016 yil 8 sentyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.

Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga yuklamaslikni so‘rab murojaat qildi.

N.T.Yo‘ldoshev murojaatida o‘z faoliyati davomida faqat prokuratura va adliya organlarida mehnat qilgani, davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlarida rahbarlik qilish borasida zarur ko‘nikmalarga ega emasligini, shuningdek, Senatga raislik qilgan bir yarim yil davomida orttirgan tajribasi mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy rivojlantirishning muhim masalalarini hal etish, bugungi sharoitda jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni ta’minlash uchun etarli emasligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Senat Raisi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasi, aholi o‘rtasidagi hurmat-e’tiborini va ayni paytda barqarorlikni saqlash, davlat suvereniteti, xavfsizligi, hududiy yaxlitligining muhim masalalarini samarali hal etishga qodirligini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida taklif bildirdi.

N.T.Yo‘ldoshev o‘z so‘zida uning iltimosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, to‘liq ma’qullanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma qarori O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari normalariga to‘la mos kelishiga qaramasdan, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet-nashrlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash go‘yo noqonuniyligi to‘g‘risida mutlaqo asossiz, haqiqatdan yiroq va bir yoqlama yondashilgan maqolalar paydo bo‘lmoqda.

Shu bois olim va huquqshunos sifatida o‘z fikr-mulohazalarimni bayon etmoqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 96-moddasida qayd etilganidek, «O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi».

Oliy Majlis Senati Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga yuklamaslikni so‘rab murojaat qilsa, Prezidentning vazifa va vakolatlarini quyidagi konstitusiyaviy-huquqiy asoslarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklash mumkin:

Birinchidan, mazkur masala Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida ko‘rib chiqilishi to‘laligicha asosli va qonuniydir. Negaki, Konstitusiyaning 81-moddasiga ko‘ra, Oliy Majlis palatalarining kelishuviga binoan ularning qo‘shma majlislari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining har qanday muhim masalalari yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin.

Ikkinchidan, Konstitusiyaning 82-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risida» hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risida»gi konstitusiyaviy qonunlarning 11-moddalariga asosan, qo‘shma majlisda eshitilgan masalalar muhokamasi natijalari bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilinadi. Bunda «Me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga muvofiq Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga egadir.

Uchinchidan, Senat Raisi Prezident vazifa va vakolatlarini bajarish uning zimmasiga yuklatilishidan voz kechgan taqdirda, parlament uni mazkur vakolatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas. Bunday qarorning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarining asosiy prinsip hamda normalariga zid hisoblanadi. Ushbu prinsip va normalarga ko‘ra, har kimga o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va faoliyatni erkin tanlashi kafolatlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Konstitusiyasi va qonunlarida Oliy Majlis Senati Raisining Prezident majburiyatlarini bajarishni rad etishini taqiqlash ko‘zda tutilmagan.

To‘rtinchidan, Konstitusiya va qonunlarda Senat Raisi Prezident majburiyatlarini bajarishni rad etgan taqdirda, bu majburiyatlar kimning zimmasiga yuklatilishi lozimligi haqida normalar ko‘zda tutilmagan.

Beshinchidan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi Qonunchilik palatasining har qanday deputati va Senat a’zosiga, jumladan, Senat Raisiga palata majlisida ko‘rib chiqilishi uchun masalalar taklif etish, o‘z takliflarini asoslagan holda ma’ruza qilish huquqini beradi. Oliy Majlis palatalarining reglamentlari to‘g‘risidagi qonunlar qoidalariga to‘liq muvofiq ravishda Senat Raisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi taklifi qo‘shma majlisda har tomonlama ochiq muhokama etilib, siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar va senatorlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Yuzaga kelgan bunday vaziyatda Konstitusiyaning 76-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat vakillik organi bo‘lgan Oliy Majlis mamlakatimiz uchun hayotiy muhim bo‘lgan ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilishga majbur edi.

Shunday ekan, yuqorida qayd etilgan dalil va asoslar shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qabul qilgan qo‘shma qaror O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarining qoida hamda normalariga to‘liq mos keladi va eng muhimi, mamlakatimiz milliy manfaatlariga javob beradi.

A.X.Saidov,
yuridik fanlari doktori,
professor

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident vazifalarini bajarish Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatilishida qonun buzildi deb, bilganlar uchun javob