Rustam Azimov: “Shavkat Mirziyoyev — Islom Karimovning siyosiy farzandi, siyosiy merosxo‘ri”

  • O‘zbekiston
  • 13-09-2016, 13:46
  • 5 811
  • Rustam Azimov: “Shavkat Mirziyoyev — Islom Karimovning siyosiy farzandi, siyosiy merosxo‘ri”

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining bo‘lib o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash masalasi ko‘rib chiqilgan qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda "Tafsilot.uz" sayti xabar bermoqda.

    Unda: «Islom Abdug‘anievich bizni tark etdilar. Hozir butun xalqimiz — qayg‘udagi 32 million xalqimiz katta savol berayapti: “Nima bo‘ladi ertaga? Davlatimiz qaerga boradi? Muhtaram Prezidentimiz yaratgan zaminda davomati qanaqa bo‘ladi?”, — degan savollarga shu kunlarda, shu xalqda, avvalambor, Sizlar — senatorlar, deputatlar, biz — hukumat a’zolari javob topishimiz kerak va shu nuqtai nazardan qaraganda men Senatimiz raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning hamda Senat kengashining taklifini (qo‘llab-quvvatlayman).», deya Rustam Azimov Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab quvvatladi.

    Shuningdek u o‘z nutqida:"Eng muhimi, men o‘ylaymanki, har bitta qarorlarida Shavkat Miromonovich birinchi galda oddiy odamlarning manfaatlarini o‘ylaydilar. Oddiy odamlarning manfaati qay darajada bajarilayapti (ya’ni ta’minlanayapti). Qog‘ozda emas, chiroyli shiorlarda emas, amalda. Aytmoqchimanki, Shavkat Miromonovich Yurtboshimizning haqiqiy, sodiq shogirdi bo‘lganlar va bo‘lib qolyaptilar.

    Shavkat Miromonovich Yurtboshimizning siyosiy farzandi deb aytsak, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Shavkat Miromonovich Yurtboshimizning siyosiy merosxo‘ri deb aytsak ham to‘g‘ri bo‘ladi. O‘shaning uchun men hukumat vakili sifatida, ijro hokimiyatining vakili sifatida hurmatli senatorlar va deputatlarni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev zimmalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasi va vakolatlarini yuklatishga da’vat qilaman hamda Sizlardan shu ish uchun ovoz berishingizni iltimos qilaman.

    Shavkat Miromonovichning ko‘p fazilatlari bor, ko‘p xislatlari bor. Lekin ulardan eng birinchisi nima deb so‘rasalaring, men o‘ylaymanki, birinchi fazilatlari — vatanni sevish fazilatlari.» deya takidladi Rustam Azimov