12:00 / 19.11.2016
31 834

O‘zbekistonda Muhammad (s.a.v.) avlodlari bormi?

O‘zbekistonda Muhammad (s.a.v.) avlodlari bormi?

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.

Hozirgi kunimizda dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilish amri mahol, taqvo va parhezkorlikni, hossatan birovlarning haqqidan qo‘rqmoqlik ko‘pchilik uchun go‘yoki amalga oshmaydigan xom xayoldan o‘zga narsa emas, deyiladi "Diydoraziz" nashrida.

To‘g‘ri, Islom tarixini o‘rgansak, o‘tgan ulug‘larimizning har biri yuqorida zikri o‘tgan fazilatlarni o‘zida mujassam qilish borasida barchaga namuna bo‘ldigan darajada hayot kechirganlar. Buni hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin bizning aybimiz: «Ularning davrlarida boshqacha edi, atrof-muhit, shart-sharoit, barcha fazilatlarni hosil qilish uchun imkoniyat cheksiz bo‘lgan, hozir esa umuman boshqacha. Agar taqvo qilaman desang umuman yashay olmaysan», degan bahonalar bilan o‘zimizni ovutamiz.

Ammo bu bahonalarimiz dunyo-oxiratda hech qanday muammoni hal etmaydi, yengillashtirmaydi va javobgarligimizdan soqit ham qilmaydi. Chunki bizning shariatimiz har qanday zamon va makonga mos bo‘lgan shariatdir. Shuning uchun ham bu shariat ahkomlari Qiyomat kunigacha boqiydir.

Agar ba’zilar o‘ylaganlaridek, u ma’lum bir zamon va makonga xos bo‘lganida, allaqachon boshqa dinlarga o‘xshab shariat ahkomlari bekor qilinar edi. Xulosa shuki, hozirgi zamonda ham shariatimiz ahkomlariga amal qilib, taqvoni o‘ziga shior qilib, unga muvofiq holatda hayot kechirayotganlar oz emas. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun ikki zamondoshimizning hayotida bo‘lgan hodisalarni ibrat tariqasida keltirib o‘tsak.

Birinchi voqea: yaqindagina bir yoshgina yigitcha kelib: «Ustoz, duo qiling, imtihon natijalari e’lon qilinish arafasida turibmiz. Alloh taolo o‘zi sharmanda qilmasin, yaxshi baho chiqsin», deb duo so‘radi. Duo qilib bo‘lganimdan keyin esa: «Ustoz, bir narsadan nihoyatda hijolatdaman. Yoshlik qildim, imtihonga kirayotganimda bir yigit qo‘limga ruchka berdi. Bu ruchka bilan xato yozilgan joylarni bemalol o‘chirib, boshqatdan yozish imkoniyati bor ekan. Imtihonga kirayotganimizda tekshiruvchilar o‘sha ruchkani ham ko‘rishdi, lekin hech qanday e’tiroz bildirishmadi. Men ham nafsimga berilib, u ruchkadan imtihon davomida bir necha marotaba foydalandim, ya’ni xatolarimni o‘chirib, to‘g‘irladim. Endi esa qilgan ishimdan nihoyatda pushaymonman, xiyonat qildimmi, deb qo‘rqayapman. O‘zi boshida ota-onam: «Pul bermasang baribir kira olmaysan», degan edilar. Lekin men agar pora berish yo‘li bilan kiradigan bo‘lsam, o‘qimay qo‘yaqolaman, deb javob bergan edim. Bir haromdan qochib, o‘zim bilmagan holda ikkinchi bir haromni qilib qo‘ymadimmi, deya hijolatdaman» – dedi.

Aslida o‘zining qilgan xatosini o‘sha joyning o‘zidayoq tushunib etib, to‘g‘rilashning hech qanday aybi yo‘q. Men u yigitchaning savoliga javob berib, ko‘nglini ko‘tardim. Ichini kemirayotgan xiyonat to‘g‘risidagi fikrlardan xolos bo‘lgan yigit o‘zida yo‘q xursand bo‘lib ketdi.

Umid qilamizki, talabalik uchun imtihon topshirganlarning ichida bunday halol, pok, adolatli, muxlis, taqvoli yigit-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Chunki bunga o‘xshagan voqealarni birinchi marotaba ko‘rib turganimiz yo‘q.

Ikkinchi voqea: bugun bir yigit savoli borligini aytib, qabulimga kirishga izn so‘radi. Kirgandan keyin esa gap boshladi:

«Mening bir do‘stim bor, oxirgi paytlarda juda ham katta qarzga botdi. Qaysi ishga qo‘l ursa teskarisiga ketdi. Mening o‘zimdan ham anchagina qarzi bor, men-ku hozir berasan, deb qistab turganim yo‘q. Lekin boshqa bir kishi: «Tezlik bilan qarzni ber», deb talab qilaverib hol-joniga qo‘ymayotgan ekan. Biz do‘stlar unga zakot beraylik, deb taklif qilsak, u: «Men Payg‘ambar avlodlaridanman, menga zakot olish mumkin emas», deb ko‘nmayapti. «Qarzdorsanku, ahvoling ham og‘ir bo‘lsa, olsang bo‘laveradi», desak ham olmayapti. Hattoki, qavm-qarindoshlaridan ham surishtirib ko‘rdik – ularning qo‘llaridagi Payg‘ambar avlodlaridan ekanligiga dalolat qiladigan «shajarada» uzilish bor ekan. Biz unga: «Payg‘ambar avlodi ekanliging ham aniq emas ekan, zakot olib, qarzingni to‘lay qolmaysanmi?» desak ham ko‘nmayapti. «Men baribir Payg‘ambar avlodiman, menga mumkin emas», deb turibdi. Shunga nima deysiz, qori aka», deya so‘radi.

Men unga: «Bir inson o‘zini Payg‘ambar avlodiman, menga zakot olish harom, deyayotgan bo‘lsa, unga sizlar majburlab zakot bermaysizlar-ku. Yoki o‘zi harom deb turgan narsani majburlab og‘ziga tiqasizlarmi? Bu mumkin emas axir! Aksincha, do‘stingizga zakot harom bo‘lsa, ehson va hadya qilish yo‘li bilan yordam beringlar. Axir do‘stingiz nihoyatda taqvodor, o‘z iffatini va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning naslu nasablariga tegishli bo‘lgan alohida hurmat va ehtiromni saqlayman, bu yo‘lda qiynalsam ham mayli, deb tursa, sizlar uni boshqacha yo‘lga boshlaysizlarmi?», deb tushuntirdim. Keyin u yigit ham: «Ha mayli, unda bir narsa deya olmayman, lekin anchagina qarzi bor-da», deb chiqib ketdi.

Ha azizlar, hozirgi kunda arzimas mol-dunyo uchun obro‘-e’tibori, g‘urur-iffati, millatu yurti, iymonu e’tiqodini sotishga tayyor turganlar qanchadan-qancha. Hattoki, Payg‘ambar avlodiman, deb da’vo qilib yurganlarning qanchasi zakot olish uchun mazkur da’vosidan voz kechganiga o‘zimiz guvoh bo‘lganmiz. Bu yigitga esa osongina zakot olish yo‘li bilan butun qarzlaridan qutilib olish uchun shunday imkoniyatlar bo‘lib turganda, u o‘zining taqvosi tufayli shubhali yoki harom bo‘lgan imkoniyatdan yuz o‘girayapti.

Yurtimizda Payg‘ambar avlodiman deyayotganlar ancha-muncha miqdorni tashkil etadi. Allohdan iltijolar qilib so‘raymizki, ularning barchasi ham buyuk sharaf bo‘lmish Payg‘ambar avlodi ekanliklariga munosib hayot kechirsinlar. Alloh taolo esa ularning son-sanog‘ini ko‘paytirsin.

Ishoqjon BEGMATOV

«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Muhammad (s.a.v.) avlodlari bormi?