17:28 / 25.11.2016
7 682

Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta’minlab bo‘lmaydi

Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta’minlab bo‘lmaydi

Ma’lumki, O‘zLiDeP iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil taraqqiyot sur’atlarini ta’minlashni o‘zining bosh maqsadi deb biladi. Ana shundan kelib chiqib, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada nomzod qator strategik yo‘nalishlarga e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaydi.

Avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash ulkan ahamiyatga ega. Moliyaviy sohada tarmoq va mintaqalarning mutanosib rivojlanishi hisobidan aholining ijtimoiy muammolarini hal etishni ta’minlaydigan mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini kengaytirishga e’tibor qaratiladi. Mahalliy byudjetlar imkoniyatlarining oshirilishi, avvalo, aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida qayd etilishicha, iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, investisiyaviy faollikni kuchaytirish hal qiluvchi omil hisoblanadi. Shu bois muhim vazifa – 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga etkazish bo‘yicha aniq maqsadli dasturlarni amalga oshirishdan iborat. Shu maqsadda yaqin besh yilda umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu chora-tadbirlar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qiymati 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investisiya loyihasini amalga oshirish vazifasi oldimizda turibdi. E’tiborli tomoni, buning natijasida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Nomzod farmasevtika sanoatini jadal rivojlantirishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymoqda. 67 ta hududiy loyihaning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi. Ayni vaqtda, davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi ta’minlanadi.

Xorijiy investisiyalar va zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida Navoiy va Jizzax viloyatlari hamda Angren shahrida erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Berilgan imtiyozlar korxonalar tomonidan innovasion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon yaratmoqda. Bu ijobiy tajribani kengaytirish maqsadida Urgut va Fijduvon tumanlarida, Qo‘qon shahrida ham erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Nomzod shuningdek, aholi bandligini ta’minlash va bu tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni tizimli asosda davom ettirish muhim deb hisoblaydi.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada isloh qilish ustuvor ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlangan. 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturi qabul qilinib, uning doirasida ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta ekishni bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Nomzodning saylovoldi dasturida yana bir muhim masala – xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Unda tadbirkorlik rivojiga xalaqit beradigan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish zarurligi alohida qayd etilgan.

Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatidan kelib chiqib, nomzod 2017-2021 yillarda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish, yangi tahrirdagi «Turizm to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqda. «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish taklifini bildirmoqda.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev hududlarni kompleks rivojlantirish eng muhim vazifa, deb hisoblaydi. Avvalo, Birinchi Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan bir qator viloyatlar, Toshkent, Qarshi, Shahrisabz, Termiz, Namangan, Urganch va Guliston shaharlari, shuningdek, Bulung‘ur va Nishon tumanlari sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi dasturlar ijrosi so‘zsiz ta’minlanadi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi va izchillik bilan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga chuqur tahlillar asosida har bir hududning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari, talab va ehtiyojlarini inobatga olgan, har bir mahallani nazarda tutgan holda, 2017-2021 yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi. Bu dasturlarni amalga oshirish natijasida subvensiya oladigan 81 ta tuman moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlaydigan hududga aylanadi, shuningdek, 41 ta tuman va shahar bo‘yicha subvensiya darajasi sezilarli ravishda kamayadi.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrini nafaqat mintaqamiz, balki dunyodagi eng go‘zal va obod megapolislardan biriga aylantirish birinchi darajali vazifalar qatoriga kiradi. Shu maqsadda, milliy me’morlik va shaharsozlikning eng ilg‘or yutuq va echimlaridan foydalangan holda, keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish e’tibor markazida bo‘ladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot sohasida amalga oshiradigan ishlar avvalo, xalqimiz dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi zarurligini ta’kidlamoqda. Shu munosabat bilan ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hayotiy, xalqchil dastur yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi bilan g‘oyat muhim ahamiyatga egadir. Eng asosiysi esa tarixiy dasturda ijtimoiy-iqtisodiy sohada ko‘plab aniq vazifalar belgilanishi bilan birga ularning ijrosi ham to‘la aks etgan.

Ana shularni inobatga olgan holda aytish muminki, shu yilning
4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda xalqimiz partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz.

R.Oxunov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi
Ijroiya qo‘mitasi a’zosi;
K.Djumamuratova, Oliy Majlis
Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta’minlab bo‘lmaydi