Toshkentda 86 ming oila uchun yangi ko‘p qavatli uylar quriladi

  • 25 noyabr 2016, 17:41
  • 8 163
  • O‘zbekiston
  • Toshkentda 86 ming oila uchun yangi ko‘p qavatli uylar quriladi

    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Nomzod o‘z nutqida shaharda aholi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi xususida so‘z yuritgan. Nomzodning uchrashuvdagi nutqi to‘liq holda «Toshkent oqshomi» gazetasida chop etilgan, deb yozmoqda Kun.uz sayti.

    Bugungi shiddatli globallashuv zamonida barcha turdagi infratuzilma tarmoqlarini rivojlantirish va ularni jahon talablari darajasiga yaqinlashtirish kelgusi yillarda iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu bilan birga, bizning eng muhim vazifamiz – odamlarning bunyodkorona mehnati, hayot ta’minoti va dam olishi uchun qulay va munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Shu munosabat bilan sizlarni joriy va istiqboldagi rejalarimizdan xabardor qilmoqchiman.

    Birinchi – ko‘p qavatli yangi va shinam uy-joylarni barpo etish masalalari.

    Shaharning bosh rejasiga asosan, aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida, 290 ming odam yoki 86 ming oila uchun umumiy hajmi 8 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yangi ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.

    Bu jarayon nafaqat moddiy jihatdan etarlicha ta’minlangan odamlar, balki aholining o‘rta toifasi uchun ham mo‘ljallanishi zarur.

    Yana bir masala – bu eskirgan uy-joylar muammosi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtimizda 76 mingga yaqin xonadon 60 yil avval qurilgan va yashash uchun xatarli bo‘lgan eski uylarda hayot kechirmoqda.

    Aynan shu bois biz bu borada mutlaqo yangi dasturni amalga oshirish bo‘yicha, ya’ni 7 va 9 qavatli, ko‘p xonadonli arzon uy-joylar qurish to‘g‘risida qaror qabul qildik.

    Daromadi yuqori bo‘lmagan, shuningdek, eski uylarda yashayotgan oilalar imtiyozli ipoteka kreditlari va soliq imtiyozlari asosida bunday uylardan kvartira xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

    Xususan, dastlabki bosqichda ushbu maqsadlarga kelgusi 5 yilda jami 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Jumladan, 1,8 trillion so‘m banklarning imtiyozli kreditlari va 615 milliard so‘m aholining boshlang‘ich badallari hisobiga shakllantiriladi. Buning evaziga 32 ming xonadondan iborat bo‘lgan 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.

    Bundan tashqari, yaqin 5 yil ichida shaharning hir bir tumanida 20 tadan, jami 200 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
    Turar-joy mavzelarini qurishda ularning barcha ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari hamda muhandislik tarmoqlari bilan ta’minlanishi, uylarning atrofini obod qilish ko‘zda tutilgan.

    Shu bilan birga yangi quriladigan aholi mavzelariga yaqin joylarda xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

    Masalan, Bektemir tumanida yaqin 5 yil ichida 20 ta ko‘p qavatli uy yangidan qurilib, jami 4 mingdan ortiq aholi zamonaviy uy-joy bilan ta’minlanadi. Ushbu ko‘p qavatli uylar Husayn Boyqaro ko‘chasi hamda “Binokor” va “Suvsoz” dahalari bo‘ylab barpo etilishi mo‘ljallanmoqda.

    Yashnobod tumanidagi Taraqqiyot ko‘chasida 70dan ortiq ko‘p qavatli uylar, savdo-ko‘ngilochar markazlari, sport-sog‘lomlashtirish majmualari qurilishi yaqin kunlarda boshlanadi.

    Mirzo Ulug‘bek tumanida 60dan ortiq ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Bu erda 20 ming 600dan ortiq aholi zamonaviy uy-joy bilan ta’minlanadi.

    Keyingi masala – uy-joy fondidan samarali foydalanish.

    Shaharda uy-joy fondi yanada kengayishini e’tiborga olsak, uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ta’mirlash va foydalanish ishlarining tizimli ravishda olib borilishini ta’minlash yuzasidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatini muvofiqlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.

    Afsuski, mahalliy hokimliklarning bu masaladagi o‘rni va mas’uliyati zamon talabiga javob bermaydi. Ana shu muammolarni echish uchun shirkatlar tomonidan foydalanish yig‘imlari va tijorat banklari kreditlari hisobidan jami 338 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

    Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash va ular hududini obodonlashtirish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish uchun 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan reja ishlab chiqish zarur. Mazkur dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Markaziy bank, respublika tijorat banklari tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga yiliga 200 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratish ko‘zda tutilmoqda.

    Aytish joizki, 2016 yilning o‘zida ushbu maqsadlar uchun shirkatlarga 155 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilgan.

    Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish maqsadida faoliyat yuritayotgan 2 ming 375 ta uy-joy mulkdorlari shirkatini kelgusi 5 yilda barcha soliq va majburiy to‘lovlardan ozod qilish mo‘ljallanmoqda.

    Iqtisod qilingan mablag‘lar ko‘p qavatli uy-joylarning umumiy foydalanishda bo‘lgan maydonlarini ta’mirlashga yo‘naltirilishi lozim.

    Bundan tashqari, 1 ming 435 ta uyning 678 tasida liftlarni almashtirish, 2 ming 300 tasida tom qismlari va 5 ming 100tasida podvallar kapital ta’mirlanadi.

    Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida, 2021 yilga borib uy-joy shirkatlari zarur texnika va mexanizmlar bilan jihozlangan, malakali mutaxassislarga ega, aholiga tezkor sifatli xizmat ko‘rsatadigan hamda moliyaviy o‘zini o‘zi ta’minlaydigan zamonaviy servis korxonalariga aylanadi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Toshkentda 86 ming oila uchun yangi ko‘p qavatli uylar quriladi