Xalqona dastur yoxud ulug‘ istiqbol kafolati

  • 28 noyabr 2016, 16:01
  • 4 158
  • O‘zbekiston
  • Xalqona dastur yoxud ulug‘ istiqbol kafolati

    Shu kunlarda Vatanimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi, demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish, yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlashda g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi.

    Joylardagi ko‘p sonli uchrashuvlar davomida, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro fikr almashuvlarda tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar, xalqimizning turli qatlamlariga mansub fuqarolarimiz siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlarini keng muhokama qilayotganliklariga guvoh bo‘lib turibmiz.

    Biz uchun, eng muhimi, ushbu saylovlarning milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganligi va bu jarayonda yurtdoshlarimizning faol ishtirok etayotganligidir. Shuningdek, partiyamiz a’zolari, xalqaro kuzatuvchilar joylarda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini jiddiy qiziqish bilan muhokama etilayotganini alohida ta’kidlashmoqda.

    Darhaqiqat, barcha hududlarda bo‘lgani kabi Xorazm viloyatida ham partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning dasturi, uning viloyat saylovchilari bilan uchrashuvi elektoratimiz vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, bir so‘z bilan aytganda, samimiy kutib olinganligini ko‘rish mumkin.

    O‘zLiDeP Xorazm viloyati kengashi raisi Sh.Safarboyev fikriga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev dasturida hududlarni yanada kompleks rivojlantirish masalasi eng muhim vazifalar sirasiga kiritilgan. Xususan, Xorazm viloyatini rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, yaqin besh yilda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mavjudlarini modernizasiya qilish bo‘yicha 645 ta investisiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Birgina misol – eng yirik loyihalardan biri – “UzIksEmJi” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida 15 million dollar investisiya hisobidan yiliga 400 dona gidravlik ekskavator va yo‘l qurish texnikasini ishlab chiqarish loyihasi joriy etiladi.

    Viloyatimiz nomzodimiz dasturida belgilangan mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasidagi vazifalarni hal etishda ham ancha salohiyatga ega. Xususan, Bog‘ot, Hazorasp, Shovot, Yangibozor tumanlarida yangi zamonaviy to‘qimachilik majmualari ish boshladi. Bugungi kunda viloyatdagi 34 ta qo‘shma korxonaning 15 tasi yoki qariyb yarmi oxirgi besh yilda, ilgari bunday korxonalar mavjud bo‘lmagan tumanlarda tashkil etilgani e’tiborlidir.

    Nomzodimiz tomonidan ilgari surilgan 2017-2021 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlar dasturiga asosan mamlakatimizda yaqin besh yilda 2,2 milliard dollar investisiya jalb etilib, 120 ta yangi korxona tashkil etish, 20 ta korxonani modernizasiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,2 marta ortadi. Xorazm viloyatida bu borada 8 ta investisiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobardan ziyod oshadi.

    Engil sanoat, charm-poyabzal tarmoqlarida kelgusi besh yilda Urganch shahri, Bog‘ot, Gurlan, Hazorasp, Xonqa va Yangiariq tumanlarida zamonaviy korxonalar tashkil etishni nazarda tutgan 118 ta loyiha amalga oshiriladi. Shuning hisobidan viloyatda paxta tolasini qayta ishlash darajasi bugungi kundagi 46,6 foizdan 2021 yilda qariyb 64 foizga etkaziladi.

    Ushbu loyihalarni hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish sohalaridagi 204 ta loyihaning samarali amalga oshirilishi evaziga Xorazm viloyatida kelgusi besh yilda hududiy eksport hajmini kamida ikki barobarga oshirish, eksport faoliyatiga kamida 120 ta yangi korxonani jalb etish imkoniyatini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, viloyatning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy sohalardagi salohiyatining ham yanada ortishi, yangi qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishi, natijada halqimiz farovonligining ortishiga xizmat qilishi shubhasiz.

    Ma’lumki, Xorazm vohasi betakror tabiati, YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab noyob madaniy va tarixiy obidalari, infratuzilma tarmoqlari bilan O‘zbekistonning yuksak sayyohlik salohiyatiga ega bo‘lgan hududlaridan hisoblanadi.

    Shu sababli nomzodimiz viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirishni izchil davom ettirishni taklif etmoqda. Jumladan, kelgusida 25 ta yangi mehmonxona qurish va mavjud 5 ta mehmonxonani kengaytirish hisobidan ulardagi o‘rinlar soni 2,1 mingtadan 3,17 mingtaga etkazish, 22 ta madaniy-tarixiy meros ob’ektida ta’mirlash va tiklash ishlari bajarish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Bog‘ot, Xonqa, Yangibozor va Urganch tumanlarida Amudaryo sohillarida, “G‘ovukko‘l” va “Eshonravot” ko‘llari bo‘yida sog‘lomlashtirish-sayyohlik majmualari barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

    Shu va sohadagi boshqa tizimli ishlarni amalga oshirish natijasida 2021 yilga borib, viloyatga keladigan xorijiy sayyohlar soni ikki barobar ko‘payib, ular soni 100 ming nafarga etishi belgilab olingan.

    Nomzodimiz dasturida barcha sohalar qatori ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida ham qator tizimli vazifalar belgilab qo‘yilgan. Avvalo, qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini hisobga olib, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi.

    Ushbu dasturda qishloq joylardagi daromadi kam bo‘lgan va yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, qulay va arzon ko‘p qavatli uylarni qurish yo‘li bilan ularning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, turmush darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

    Ularga ko‘ra, kelgusi yilda 15 mingta ana shunday uy-joy quriladi. Jumladan, Xorazm viloyatida 2017 yilda 1 ming 72 ta namunaviy uy-joy qurish va keyingi yillarda ham bu ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilmoqda.

    Nomzodimiz dasturiga ko‘ra shahar va qishloqlarimizning qiyofasini tubdan yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib boriladi. Xususan, 2017 yilda Urganch shahridagi Tinchlik va Ma’rifatchi ko‘chalarini rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga etkaziladi. Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i rekonstruksiya qilinadi. Bunday qurilish va obodonchilik ishlari barcha tuman markazlari va aholi punktlarida ham keng ko‘lamda olib boriladi.

    Shuningdek, Urganch shahri va tuman markazlarida zamonaviy loyihalar asosida jami 1472 ta kvartiraga ega 46 ta ko‘p qavatli “Kamolot” uylarini barpo etish va ularni ijtimoiy hayotimizda faol ishtirok etayotgan yoshlarimizga topshirish mo‘ljallanmoqda.

    Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev dasturida yo‘l-transport infratuzilmasini, havo va temir yo‘llarini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

    Shahar va qishloqlarda transport ta’minotini yanada rivojlantirish, Xorazmda aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida oxirgi 5 yil davomida 393 ta avtobus va 181 ta mikroavtobus sotib olinib, Urganch shahri va shahar atrofi yo‘nalishlariga qo‘yildi. Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, kelgusi besh yilda yana 169 ta avtobus sotib olish, 6 ta avtostansiya qurish, chekka hududlarda yashovchi aholi uchun qo‘shimcha transport yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari, kelgusi ikki yilda qariyb 76 million dollar investisiya o‘zlashtirish hisobidan umumiy uzunligi 36 kilometrdan ziyod Miskin – Urganch temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish, mavjud 134 kilometr temir yo‘l tarmoqlari ta’mirlanib, Hazoraspdagi vokzal rekonstruksiya qilinishi nazarda tutilgan.

    Nomzodimiz aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratganligi ham bizni quvontirdi. Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Xorazm vohasi uchun aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash naqadar dolzarb ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz. Shunday ekan, qishloqlarda ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlarini kengaytirish va modernizasiya qilish maqsadida yaqin besh yilda Xorazm viloyatida 718 kilometrdan ortiq suv tarmoqlari yangitdan quriladi, 115 kilometr tarmoq esa tubdan ta’mirlanadi. 40 million dollar investisiya hisobidan Urganch, Xiva va Pitnak shaharlarida kunlik quvvati 80 ming kubometrni tashkil etadigan oqava suvni tozalash inshootlari hamda 134 kilometr oqava suv tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

    Dasturda belgilangan ishlarni amalga oshirish natijasida 220 ming aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanib, ichimlik suvi ta’minoti darajasi viloyat bo‘yicha 91 foizga etkaziladi.

    O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodimiz – Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida o‘tgan chorak asr davomida erishgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, g‘alabalar bardavomligini ta’minlashga qaratilgan ulug‘vor g‘oyalar, dasturlarni o‘rtaga tashlaganki, bularning barchasi bugungi kunimizga va albatta ertangi farovon hayotimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada oshiradi. Negaki, bu dastur buyuk kelajagimizning mustahkam poydevorining mustahkam, ishonchli kafolatidir.

    Barchamiz uchun Vatan bitta! Bitta maqsad bizni birlashtiradi, u ham bo‘lsa, Vatanimiz taraqqiyotidir!
    O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Xalqona dastur yoxud ulug‘ istiqbol kafolati