17:11 / 08.01.2017
12 540

Shavkat Mirziyoyev: 2ta ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarishga tayyorman

Shavkat Mirziyoyev: 2ta ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarishga tayyorman

Kecha, 7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlari bilan uchrashdi. Unda davlatimiz rahbari prokuratura organlari e’tiborini bir qator muhim masalalarga qaratdi. Shulardan biri tadbirkorlik faoliyatiga oid bo‘ldi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, farovon turmushini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgan tadbirkorlikni qo‘lab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, prokuratura organlari tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish yuzasidan o‘tgan yili 5 oktyabrda qabul qilingan farmon talablariga so‘zsiz amal qilinishini ta’minlashlari zarurligi ta’kidlandi.

"Ming afsus, tadbirkorlik sub’ektlarida noqonuniy tekshirish o‘tkazish va ularning faoliyatiga asossiz aralashish holatlari hamon uchramoqda. Jumladan, oxirgi ikki yilda davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida 209 marta noqonuniy tekshirish o‘tkazilgan va 702 holatda ularning faoliyatiga asossiz aralashilgan", - dedi davlatimiz rahbari.

Sh. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida tadbirkorlikni noqonuniy yo‘l bilan tekshirishga bog‘liq bor-yo‘g‘i bittadan holat aniqlangan. Sirdaryo viloyatida esa birorta ham bunday holat aniqlanmagan, deb yozadi Kun.uz sayti.

"Bilmadim, balki bu borada prokuratura organlari xodimlari hech qanday kamchilik yo‘q, deb o‘ylab yurgandir, lekin bizdagi ma’lumotlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha kichik biznes sub’ektlarining qariyb 16 mingtasi yoki 7 foizi o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bunday holatlar barcha hududlarda mavjud", - deya ta’kidladi Prezidentimiz. Misol tariqasida Toshkent viloyatida - tadbirkorlik sub’ektlarining 15 foizi, Sirdaryo viloyatida - 13 foizi, Jizzax viloyatida - 10 foizi faoliyat ko‘rsatmayotganligi qayd etildi.

"Eng yomoni, buning oqibatida mavjud ish o‘rinlari yo‘qotilmoqda. Ma’lumki, tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol-mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda byudjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtni ham boqadi. Shu ma’noda tadbirkor bu haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman", - dedi Sh. Mirziyoyev.

"Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham , xalq ham boy bo‘ladi, degan fikrni qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Shu munosabat bilan yana bir bor ta’kidlab aytmoqchimanki, tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish davlat siyosati, prezident siyosatiga qarshi chiqishdir. Afsuski, bu borada aytilayotgan gaplar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlarga nisbatan ta’magirlik holatlari hali-hanuz uchrab turibdi. Bu esa tadbirkorlarda haqli ravishda norozilik hissini uyg‘otmoqda", - deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Shuningdek bunday holatlarning har biri bo‘yicha aybdor shaxslarni aniqlab, so‘zsiz jinoiy javobgarlikka tortish shartligi ta’kidlandi. Bundan buyon har qaysi tuman va viloyat prokurorlarining faoliyati u ishlayotgan hududda qancha yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etgani, qancha tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilganiga qarab baho beriladigan yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: 2ta ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarishga tayyorman