12:08 / 14.01.2017
9 653

O‘zLiDeP: tadbirkorlarga yanada keng erkinlik yaratildi

O‘zLiDeP: tadbirkorlarga yanada keng erkinlik yaratildi

Joriy yilning 13 yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tomonidan partiya fraksiyasi a’zolari, mahalliy kengash deputatlari, tadbirkorlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Unda asosiy e’tibor «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati muhokamasiga qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq qabul qilinganligini alohida ta’kidladilar.

Ushbu Qonun orqali O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat,
Jinoyat-prosessual, Soliq hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodekslariga, shuningdek qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ta’kidlanganidek, yangi qonun tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini asossiz aralashuvlardan ishonchli kafolatlash bilan birga, jinoyat ishlari bo‘yicha taftishlar o‘tkazishni prosessual jihatdan aniq tartibga solishi bilan ahamiyatlidir.

Qonunda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlarini va ularning xodimlarini, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslarni, agar etkazilgan zararning o‘rni ular tomonidan qoplangan va huquqbuzarlik oqibatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod etish, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llashga taqiq belgilash nazarda tutilgan.

Tadbir ishtirokchilarning fikricha, ushbu qoidalar tadbirkorlik sub’ektlarini ikki tomonlama jazolash imkoniyatini istisno etibgina qolmay, balki ilk bor huquqbuzarlik sodir etgan va o‘z aybini anglab etgan fuqarolarga hech qanday salbiy oqibatlarsiz tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish imkoniyatini beradi. Bu esa, ularning ishbilarmonlik borasidagi faolligini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qonunda bir qator qonunchilik hujjatlariga muqobil tekshiruvlarning barcha turlarini, jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha muqobil tekshirishlarning barcha turlarini bekor qilishga taalluqli tuzatishlar kiritilgan. Bu tadbirkorlik sub’ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning oldini oladi.

Qonunda ko‘rsatib o‘tilgan bu kabi huquqiy normalar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga yanada ko‘proq erkinlik berish, ularning mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmidagi ulushini oshirish, bajariladigan ishlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati va ko‘lami ortishi barobarida iqtisodiy qudratimizni yuksaltirishda, mamlakatimiz aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashda salmoqli hissa qo‘shadi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur qonun ijrosi ustidan samarali nazorat o‘rnatishda parlamentdagi partiya fraksiyasi a’zolari va deputatlik guruhlarining mas’uliyatini yanada oshirish, bu borada kuchli deputatlik nazoratini o‘rnatish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir so‘ngida qonunning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik, birinchi navbatda partiya elektorati vakillari bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlarni yaqindan xabardor qilish, huquqni qo‘llash amaliyotida duch kelinishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal etishda fraksiya va mahalliy vakillik organlaridagi partiya deputatlik guruhlarini faol jalb etish borasida vazifalar belgilab olindi.
O‘zLiDeP matbuot xizmati.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zLiDeP: tadbirkorlarga yanada keng erkinlik yaratildi