20:07 / 30.01.2017
7 393

Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha qarorini imzoladi

Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha qarorini imzoladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017—2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Qaror matni Lex.UZ portalida keltirilgan.

Qaror asosida O‘zbekiston Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Dasturdan maqsad Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha investisiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish hisoblanadi.

Davlat rahbari qarori bilan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Xorazm viloyatining Yangiariq va Qo‘shko‘pir tumanlarida 2027 yil 1 yanvariga qadar (Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining boshqa tumanlarida — 2022 yilgacha) sanoat sohasida (avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalaridan tashqari) yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod qilindi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, 2017 yilning 1 fevralidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalaridagi, ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi ta’minoti uchun, «Barkamol avlod» markazlaridagi, musiqa va san’at maktablaridagi mashg‘ulotlar uchun ota-onalarning har oylik to‘lovi miqdorlari, shuningdek, aholining madaniyat va dam olish markazlaridagi to‘lov miqdorlari respublika bo‘yicha belgilanganidan 2 baravar kam darajada o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, 2017 yilning 1 fevralidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga, birinchi navbatda, yolg‘iz fuqarolar, pensionerlarga, boquvchisi nogiron oilalarga hamda boshqa kam ta’minlangan toifadagi aholi va oilalarga qishloq (mahalla) fuqarolar yig‘inlarining komissiyalari qaroriga binoan tayinlanadigan eng kam ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda bir marta beriladigan moddiy yordam shaklidagi ijtimoiy nafaqaning yangi turi joriy etiladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisi uchun temir yo‘l va aviayo‘lovchilar chiptalarini sotish maxsus imtiyozli tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha qarorini imzoladi