21:56 / 09.02.2017
7 009

Islom Karimov «paxta qullari» siyosatiga qarshi qanday kurashgandi?

Islom Karimov «paxta qullari» siyosatiga qarshi qanday kurashgandi?

Sho‘ro zamonida eng katta rahbarlardan biri ketib, o‘rniga ikkinchisi kelishiga bog‘liq ravishda maktablar bir o‘n yillik, bir o‘n bir yillik bo‘lib, oradan uch-to‘rt yil o‘tmasdan yana o‘n yillikka qaytilgan davrlar bo‘lgan. Maktablar o‘n bir yillik bo‘lganda o‘quvchi maktab partasidan biror kasb-hunarni ham o‘rganib chiqsin, degan talab qo‘yilgandi. 9-11 sinf o‘quvchilari haftada bir kun qurilish tashkilotlari, texnika ta’mirlash ustaxonalari, zavod-fabrikalarga jalb etilgani bilan ularning kasb-hunarga oid bilimi sayozligicha, attestatga qo‘shib beriladigan ixtisosga doir guvohnomalar esa nomiga bo‘lib qolaverdi. Sho‘ro davlati boshiga kelgan navbatdagi yangi rahbar maktablarni avvalgi o‘n yillik tarziga qaytarib, 8- hamda 10-sinflardan so‘ng kirib o‘qish mumkin bo‘lgan “prof-tex bilim yurtlari”ni bir oz ko‘paytirdi. Biroq muammo hal bo‘lmasdan qolaverdi. Har yili minglab maktablarni bitirib chiqayotgan qanchadan-qancha yoshlarning oliy o‘quv yurtiga kira olmaganlari biror kasb-hunarsiz qolib ketaverdi. Ayniqsa, qishloq joylarida yashovchi o‘smirlarning shahardagi shu kabi bilim yurtlariga qatnashga imkoni yo‘q edi. Qizlarni-ku, ota-onalari ularga umuman yubormasdi.
Sho‘ro hukumati muammoni tubdan hal etishga u qadar jiddiy ahamiyat berib o‘tirmadi ham. Negaki, qishloq maktablarini bitirib chiqayotgan yoshlarning aksariyati (oliy o‘quv yurtiga kira olmagan yoki “prof-tex bilim yurtlari”ga bormaganlar) qishloqdagi cheksiz paxta maydonlari uchun arzon ishchi kuchi, boshqacha aytganda “paxta qullari” (“xlopkorab”) edi. Bu esa mustabid tuzum korchalonlariga O‘zbekistonni paxta monopoliyasi sifatida muttasil ezish va xalqini ayovsiz ekspluatasiya qilishni davom ettirish uchun zarur edi.
Aslida Islom Karimovday uzoqni ko‘ra oladigan, dono va xalqparvar rahbarni tarix sahnasiga olib chiqqan murakkab jarayon mana shu edi. Dastlab davlat Plan qo‘mitasi raisi va Moliya vaziri sifatida bunday nomutanosiblik, so‘z bilan ishning bir-biriga zid ekaniga iqror bo‘lish, “gdlyanchi to‘da”lar ayovsiz talagan viloyatga rahbar bo‘lib borish va respublika etakchisi sifatida ish boshlashi arafasida Farg‘ona va O‘sh voqealarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, atayin uyushtirilgan mudhish fitna bilan bog‘liq qaltis vaziyatdan chiqish yo‘llari ustida tinimsiz bosh qotirish, mustabid tuzum kirdikorlarini yanada teran anglab etish u kishini Jasoratli Shaxsga aylantirdi. Haqiqatni qaror toptirish va adolat o‘rnatish uchun odamlarni erli va ishli qilish, uy-joy va turmush sharoitini yaxshilash ustida muttasil bosh qotirish birinchi navbatdagi vazifa edi. Bu esa, paxta yakkahokimligidan voz kechib sanoatni rivojlantirishni, faqat paxta tolasini qayta ishlash sohalarini emas, ayni chog‘da, ko‘plab mashinasozlik va avtomobilsozlik turlarini joriy etish, qurilish industriyasini, bunyodkorlik jabhasini, qishloq qurilishini tubdan yangilash va kengaytirib borishni, sertarmoq fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlikni keng yo‘lga qo‘yishni taqozo etardi. Sanoat uchun esa yuksak malakali ishchilar kerak edi. Maktablarni bitirib chiqayotgan, ish izlab xorijda qul bo‘lib ishlash, hatto odam savdosi qurboniga aylanish ehtimoli aniq bo‘lgan millionlab yoshlarni kasb-hunarli qilish butun bir xalq, butun bir mamlakatning buguni uchungina emas, ertangi kuni, hatto yaqin 50-100 yillardan keyingi taraqqiyoti uchun ham suv bilan havodek zarur masala edi.
Mana shuning uchun ham muammolar ildizini chuqur anglab etgan va bu jarayonni nihoyatda puxta bilgan Islom Karimov tomonidan yigirma yil muqaddam Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etildi. 2004 yili esa Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturi qabul qilindi. Mustaqillik yillarida ta’lim tizimini isloh qilishga doir ishlab chiqilgan tarixiy dasturlarda mamlakatimiz yoshlarining balog‘at yoshiga etishi bilan biror kasb-hunar egasi bo‘lib kamol topishiga alohida ahamiyat qaratildi.
E’tibor bering, bugun Asaka, Samarqand, Hazoraspdagi xorijiy texnologiya asosida bir necha modifikasiyadagi yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar ishlab chiqarayotgan barcha avtomobilsozlik zavodlarimizda istiqlol yillarida ochilgan kasb-hunar kollejlarida o‘ziga yoqqan kasb-hunarni puxta egallagan yoshlar muhim texnologik jarayonlarni boshqarmoqda. Deyarli barcha yirik shaharlarimiz, tuman markazlarida paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarayotgan zamonaviy to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalarida ham ana shu kollejlarni bitirgan yosh-yosh qizlar nafaqat ichki bozor ehtiyoji uchun, ayni chog‘da, xorijda ham xaridorgir bo‘lgan eksportbop mahsulotlar tayyorlamoqda. Mamlakat mustaqillik yillarida paxta yakkahokimligidan voz kechib, sanoat korxonalarini yil sayin ko‘paytirib, ularning ishlab chiqarish quvvatlari va mahsulotlari sifatini oshirib borayotgan ayni kunlarda kollejlarni bitirib, zamonaviy kssb-hunarlarni egallab chiqayotgan yoshlar mana shu korxonalarni to‘ldirmoqda. Ularda ishlab malaka hosil qilgan, xorijdagi shunday zavod va fabrikalarda boy tajriba orttirib qaytgan yoshlar orasida oliy o‘quv yurtlariga kirib muhandislik mahoratini egallayotgan, ixtirochilik iste’dodini namoyon etayotgan, o‘z korxonalariga qaytib, ularda yangi texnologik jarayonlarni ishga tushirishga bosh-qosh bo‘layotgan yoshlar oz emas.
– Mustaqil O‘zbekistonning kelajagi ong va shuuri istiqlol yillarida shakllangan, qalbiga Vatan tuyg‘usini jo etgan mana shu yoshlardir, – deydi gurungni davom ettirib keksa muallim. – Ular uchun buyuk Yo‘lboshchi Islom Karimovning jo‘shqin hayoti va betakror faoliyati beqiyos ibrat namunasi bo‘lib qolaveradi.

Amir Xudoyberdi

Manba:Diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Karimov «paxta qullari» siyosatiga qarshi qanday kurashgandi?