23:30 / 15.02.2017
8 766

O‘zbekistonda 2019 yilgacha 5454 kilometrlik avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi

O‘zbekistonda 2019 yilgacha 5454 kilometrlik avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi

O‘zbekistonda keng qamrovli avtomobil yo‘llari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, yuksak xalqaro talablarga javob beradigan transport kommunikasiyalari tizimining xalqaro transport yo‘laklariga keng integrasiyalashuvini ta’minlash, avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash va saqlashga yo‘naltiriladigan davlat moliyaviy resurslaridan samarali foydalanish, shu bilan birga, yo‘l korxonalari tuzilmasini takomillashtirish va faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Kun nashri.

Qarorda:

– O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi huzurida Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasini tashkil etish;

– “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy yo‘llardan foydalanish tashkilotlarini O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining hududiy bosh boshqarmalari etib qayta tashkil etish;

– O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmalari huzurida mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmatini belgilangan tartibda tashkil etish;

– O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmalari huzurida mintaqaviy avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar tashkil etish nazarda tutiladi.

Shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti hamda ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tarkibiga berilmoqda.

Ayni vaqtda qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining holati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muammolar hal etilmasdan qolmoqda, ushbu avtomobil yo‘llarining aksariyat qismi belgilangan sifat va xavfsiz harakatlanish talablariga javob bermaydi.

Yangi turar joy mavzelarining barpo etilishi, shaharlarning kengaytirilishi, transport vositalari sonining jiddiy ko‘payishi mintaqaviy avtomobil yo‘llari holatini tubdan yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rishni talab qiladi.

Tuman va shaharlarning yo‘l tashkilotlari yo‘l-ta’mirlash texnikasi, moddiy-xomashyo resurslari bilan etarli darajada ta’minlanmagan, har yili ajratilayotgan mablag‘lar xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini zarur darajada saqlash va ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishini ta’minlash uchun etarli emas.

Shu munosabat bilan mintaqaviy avtomobil yo‘llarining yo‘l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatasiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yo‘l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Dasturda quyidagi vazifalar nazarda tutilgan:

2017-2018 yillarda 5454 kilometr, jumladan, 2017 yilda – 2700 kilometr, 2018 yilda – 2754 kilometr xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash;

xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning ko‘chalarini joriy ta’mirlash ishlarini bajarish uchun mintaqaviy yo‘llarni ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni 330 ta yo‘l texnikasi bilan ta’minlash;

mavjud respublika xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullar ko‘chalarini bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish va ularni pasportlashtirish, bu boradagi ishlar natijalari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yaratish.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 295 kilometr, Andijon viloyati bo‘yicha – 324 kilometr, Buxoro viloyati bo‘yicha – 439 kilometr, Jizzax viloyati bo‘yicha – 222 kilometr, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha – 679 kilometr, Navoiy viloyati bo‘yicha – 216 kilometr, Namangan viloyati bo‘yicha – 309 kilometr, Samarqand viloyati bo‘yicha – 479 kilometr, Surxondaryo viloyati bo‘yicha – 535 kilometr, Sirdaryo viloyati bo‘yicha – 267 kilometr, Toshkent viloyati bo‘yicha – 516 kilometr, Farg‘ona viloyati bo‘yicha – 520 kilometr, Xorazm viloyati bo‘yicha – 321 kilometr va Toshkent shahri bo‘yicha – 332 kilometr yo‘llar va ko‘chalarni ta’mirlash nazarda tutilgan.

Yuqoridagi qarorlarning amalga oshirilishi quyidagi masalalarni hal qilish imkonini beradi:

birinchidan, yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining zamonaviy tarmog‘ini yanada rivojlantirish;

ikkinchidan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlariga yo‘naltirilayotgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish;

uchinchidan, loyihalashtirish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to‘laqonli buyurtmachi xizmatini tashkil etish;

to‘rtinchidan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo‘l qurilishi ishlarida, yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishini nazorat qilish;

beshinchidan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlarini tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq o‘z vaqtida moliyalashtirish;

oltinchidan, avtomobil yo‘llarini, ayniqsa, qishloq avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda yangi tuzilma, yashash uchun qulay ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz aholisining turmush darajasini yaxshilash;

ettinchidan, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti va kasb-hunar kollejlari negizida, jumladan, bevosita ishlab chiqarish korxonalarida, laboratoriyalarda va ilmiy-loyiha tashkilotlarida amaliy mashg‘ulotlarni tizimli tashkil etish yo‘li bilan ta’lim sifatini oshirishni ta’minlash va umuman, soha uchun professional kadrlarni tayyorlash;

sakkizinchidan, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini saqlashga tegishli xodim va mutaxassislarni jalb etgan holda, yo‘llarni ekspluatasiya qiladigan tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

to‘qqizinchidan, avtomobil yo‘llarini pasportlashtirish va yo‘llarning joriy holatini aks ettirgan holda, elektron ma’lumotlar bazasini yaratish.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda 2019 yilgacha 5454 kilometrlik avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi