10:33 / 16.02.2017
12 243

Mirziyoyev O‘zbekiston - Rossiya munosabatlari mustahkamlanayotganini ta’kidladi

Mirziyoyev O‘zbekiston - Rossiya munosabatlari mustahkamlanayotganini ta’kidladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Rossiya Hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi. Bu haqda Sputnik nashri yozmoqda.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2016 yil 6 sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


Tomonlar ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida uzoq muddatli amaliy aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutayotganini qayd etdilar.

Dmitriy Kozak samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federasiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda Rossiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridandir. 2016 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan.

Tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonda etishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini "yashil yo‘lak" orqali rossiyalik iste’molchilarga etkazishni tashkil etishga doir kelishuvlar imzolangan.

Joriy yilda Rossiya bozoriga 1 million tonnadan ortiq meva-sabzavotlar, shuningdek, ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan keng turdagi mahsulotlar etkazib berish mo‘ljallangan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 960dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyaning 64ta etakchi kompaniyasi vakolatxonalari akkreditasiyadan o‘tgan.

Neft-gaz sohasi bilan bir qatorda mashinasozlik, metallurgiya, to‘qimachilik sanoati, farmasevtika, zamonaviy tibbiy uskunalar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohalarida ham yangi investisiyaviy loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi dastur va bitimlar ishlab chiqilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev O‘zbekiston - Rossiya munosabatlari mustahkamlanayotganini ta’kidladi