12:10 / 20.02.2017
6 188

O‘zbekiston va Rossiya hududlar miqyosida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Rossiya hududlar miqyosida hamkorlik qiladi

Toshkent va Moskva ikki mamlakat alohida hududlari hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv imzolamoqchi. Respublika hukumatidagi manbaning ma’lum qilishicha, hozirda tomonlar bu masala yuzasidan faol ish olib bormoqda, hujjatlar tayyorlanmoqda. Bu masala O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aprel oyida Moskvaga uyushtiradigan safari vaqtida muhokama qilinadi, deb yozadi Kun.uz.

"Hududlararo hamkorlikning kengaytirilishi muhim va istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston tomonining ishonch bildirishicha, hukumatlararo kelishuv ikki mamlakatning viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investision va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan bo‘ladi hamda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmiga ta’sir ko‘rsatadi", degan podrobno.uz manbasi.

Qayd etish kerakki, shu kungacha mahsulot ayirboshlash hajmini yanada oshirish maqsadida O‘zbekistonda etishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini "yashil yo‘lak" orqali rossiyalik iste’molchilarga etkazishni tashkil etishga doir kelishuvlar imzolangan. O‘zbekiston meva-sabzavotlarini Sibir va Uzoq Sharq hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri etkazib berish tajribasi juda yaxshi samara berdi. O‘tgan yilda ushbu hududlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etkazib berish hajmi oshdi.

2017 yilda Rossiya bozoriga 1 million tonnadan ortiq meva-sabzavotlar, shuningdek, ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan keng turdagi mahsulotlar etkazib berish mo‘ljallangan.

Bugungi kunda Rossiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan hisoblanadi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning yanvar-noyabr oylari hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyaga eksporti 23,7 foizga oshib, 675 million dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga Rossiyaning O‘zbekistonga eksport hajmi 13 foizga pasaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston va Rossiya hududlar miqyosida hamkorlik qiladi