09:09 / 09.03.2017
6 978

O‘zbekiston va Turkiya 1 mlrd dollardan ortiq hujjatlar to‘plamini imzoladi

O‘zbekiston va Turkiya 1 mlrd dollardan ortiq hujjatlar to‘plamini imzoladi

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov rahbarligidagi delegasiya 2017 yil 26 fevralidan 2 mart kunigacha Turkiyaga ishchi safarini amalga oshirgan edi. Ular O‘zbekiston va Turkiya davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni qayta ishlash va hayotga tatbiq etish doirasida turkiyalik hamkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishdi, deb yozmoqda Kun nashri.

O‘zbekiston delegasiyasini Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Bosh vaziri Binali Yildirim qabul qildi. Turkiya rahbarlari O‘zbekiston bilan munosabatlar rivojlanishi hamda uning savdo-iqtisodiy sohada ortib borayotgan salohiyatini yuqori baholashgan.

Jahon axborot agentligining xabar qilishicha, O‘zbekiston delegasiyasi Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari, o‘zbek-turk savdo-iqtisodiy hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning hamraisi Tug‘rul Turkesh, iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi, madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji hamda yirik xoldinglar, kompaniyalar va xususiy sektor vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Shular qatorida O‘zbek-Turk biznes-forumi, «davra suhbatlari», Istanbul va Anqarada amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda ikki tomondan soha ma’muriyatlari va kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi. Mazkur uchrashuvlar natijasida 1 mlrd AQSh dollaridan ziyod hujjatlar to‘plami imzolandi.

Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarini ham aniqlab olishdi. Buning uchun O‘zbekistonda tashkil etilayotgan EIZlarda ulkan imkoniyatlar mavjud ekani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Transport kommunikasiyalari sohasida o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, Boku-Axalkalaki-Kars temir yo‘l liniyasi ikki mamlakatni bevosita bog‘laydigan transport yo‘lagini barpo etishdek strategik masalani hal etishga va savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qiladi.

Turli qo‘shma anjumanlar ishtirokchilari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash ikki xalq manfaatlariga javob berishi borasida yakdil fikr bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yil noyabr oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Samarqandda muzokaralar o‘tkazgan edi. Erdo‘g‘an o‘shanda respublikaning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. O‘sha uchrashuvda Turkiya O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga muhim ahamiyat berishi ta’kidlangan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston va Turkiya 1 mlrd dollardan ortiq hujjatlar to‘plamini imzoladi