Mirziyoyev huquq-tartibot organlari ishini hozirgi kun talablariga javob bermaydi deb topdi

  • 27 mart 2017, 12:31
  • 4 523
  • O‘zbekiston
  • Mirziyoyev huquq-tartibot organlari ishini hozirgi kun talablariga javob bermaydi deb topdi
    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 14 mart kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

    Hujjatda aytilishicha, “huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining ish shakli va uslublari, eng avvalo axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan etarli darajada foydalanilmayotganligi sababli hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermaydi”.

    Davlat idoralari aksariyat hollarda huquqbuzarliklar profilaktikasini faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida baholab, oqibatda ushbu faoliyatga lozim darajada e’tibor qaratmayotgani ham qayd etildi.

    “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yo‘naltirilmaganligi va ularga kompleks yondashilmayotganligi, shuningdek huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti”, - deyiladi hujjatda.

    Shuningdek qayd etilishicha, vakolatli organlarning etarli darajada tashabbus ko‘rsatmayotganligi, lozim darajadagi idoralararo hamkorlikning mavjud emasligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning o‘zaro nomutanosibligi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni talab etadi.

    Ushbu sohada quyidagilar davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

    fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatida faol ishtirok etish, fuqarolar murojaatlari va muammolariga bepisand munosabatda bo‘lish va byurokratik holatlarga yo‘l qo‘ymaslik orqali ta’minlash;

    huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning, ayniqsa voyaga etmaganlar va yoshlar o‘rtasida oldini olish hamda ularga chek qo‘yish, shuningdek ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;

    idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini, shu jumladan videokuzatuv, elektron hisobga olish va o‘zaro axborot almashish, idoralararo ma’lumotlar bazalari tizimlarini profilaktik ishlarga keng joriy etish;

    jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

    amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, qonuniylik ahvoli hamda jinoyatchilik darajasi haqidagi ma’lumotlarni aholiga etkazish masalalarida ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qilish, Internet butunjahon axborot tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanish, sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish jarayoni to‘g‘risida keng jamoatchilikni tezkor xabardor qilish;

    huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini, shu jumladan huquqbuzarliklar dinamikasi, ularni sodir etish takroriyligi, ijtimoiy fikr, profilaktik ishlar natijasidan fuqarolarning qoniqish hosil qilishi va aholi bilan hamkorlik darajasini inobatga oladigan baholashning aniq mezonlarini joriy etish;

    huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha idoralararo dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda manzillilik, sohaviy ixtisoslashuv, hududiy va boshqa o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olinishini ta’minlash;

    ijtimoiy muammolarni hal etish, birinchi navbatda aholi bandligini ta’minlash, ayollar va yoshlarni ijtimoiy-foydali faoliyatga jalb etishni faollashtirish, voyaga etmaganlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;

    huquqbuzarliklar profilaktikasi muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, profilaktik ishlarni olib borishning zamonaviy uslubiyotini joriy etish;

    huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilar va g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan yoki sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini rivojlantirish;

    huquqbuzarliklar profilaktikasiga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini, shu jumladan ularni moddiy va boshqacha tarzda rag‘batlantirish orqali jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Mirziyoyev huquq-tartibot organlari ishini hozirgi kun talablariga javob bermaydi deb topdi