11:45 / 09.04.2017
5 852

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari GM Uzbekistan avtomobillarini navbatsiz olishadi


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Prezidentning 2017 yil 4 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2865 son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor majlis o‘tkazdi. Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, unda viloyatlar, tuman hokimliklari va boshqa tegishli idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda respublikada 1542 nafar urush faxriysi yashab kelmoqda. Prezident qaroriga muvofiq ularning har biriga 2 mln so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari hokimlar, keng jamoatchilik ishtirokida tantanali ravishda topshiriladi. Bu pullarni topshirish tizimi qanday tashkil etilgani borasida Moliya vaziri Botirjon Xo‘jaev axborot berdi.

Bundan tashqari, “O‘zavtosanoat” AJ raisi o‘rinbosari urush faxriylariga GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan har qanday turdagi avtomashinalarni bir martalik navbatsiz olish imkoniyati taqdim etilayotgani xususida ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilganlar mazkur imkoniyatdan bir marta foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bunda, ta’kidlanishicha, urush faxriysiga, o‘ziga yoki yaqinlari, qarindosh-urug‘lari yoxud nevaralaridan istaganiga bir marta bir dona avtomobilni navbatsiz xarid qilishga ruxsat beruvchi sertifikatlar shu yilning 20 apreliga qadar topshiriladi.

Shuningdek, mahallalar taqdim etgan ma’lumotlar asosida urush faxriysiga xizmat qilishi tasdiqlangan qo‘shni yoki begona shaxs bo‘lgan xizmatchilarga ham shunday imkoniyat beriladi. Mazkur avtomobillarga birinchi va ikkinchi texnik xizmatlar bepul ko‘rsatiladi, ehtiyot qismlari bepul beriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari GM Uzbekistan avtomobillarini navbatsiz olishadi