20:55 / 11.04.2017
7 305

Yangi qaror: Surxondaryoda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish yaxshilanadi

Yangi qaror: Surxondaryoda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish yaxshilanadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror chiqardi, deb yozadi "Kun.uz" nashri.

Unga ko‘ra, Respublika aholisiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratish, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining viloyat va tuman darajalaridagi tibbiyot muassasalari bilan kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalaridagi o‘zaro vertikal aloqasini mustahkamlash maqsadida qator chora-tadbirlar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi:

Surxondaryo viloyat perinatal markazining bemorlar o‘rni fondini 160 tagacha ko‘paytirish, uni Surxondaryo viloyatining oftalmologiya shifoxonasi binolari va inshootlarida joylashtirish, shuningdek Denov, Sherobod, Sho‘rchi, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari tibbiyot birlashmalarida perinatal bo‘limlar tashkil etish;

Surxondaryo viloyat oftalmologiya shifoxonasini Surxondaryo viloyat perinatal markazi binolari va inshootlariga joylashtirish, uning bemorlar o‘rni fondini 70 tagacha qisqartirish yo‘li bilan uni optimallashtirish, shuningdek Denov tuman tibbiyot birlashmasida oftalmologiya bo‘limi tashkil etish;

Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi urologiya bo‘limining bemorlar o‘rni fondini 50 tagacha ko‘paytirish, shuningdek Denov tuman tibbiyot birlashmasida urologiya bo‘limi tashkil etish.

Quyidagilar Surxondaryo viloyati perinatal markazi, viloyat oftalmologiya shifoxonasi va viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi urologiya bo‘limining asosiy vazifalari etib belgilandi:

viloyat va yaqin atrofdagi mintaqalar aholisining yanada samarali va yuqori texnologiyali diagnostika metodlariga, kasalliklarni ilg‘or jahon yutuqlari darajasida davolash va profilaktika qilishga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash;

tibbiy texnika va apparatlarning mavjud parkini doimiy ravishda yangilab borish va modernizasiya qilishni ta’minlash, muassasalarni ixtisoslashtirilgan, yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy tibbiy anjomlar bilan jihozlash;

muassasalarning tibbiyot xodimlari kasbiy darajasini shu jumladan mutaxassislarning etakchi xorijiy tibbiyot o‘quv muassasalari va klinikalarida stajirovkasini tashkil etish hisobiga doimiy ravishda oshirish va takomillashtirish;

mutaxassis vrachlarning o‘z maktabini shakllantirish va rivojlantirish hamda viloyatning boshqa tumanlarini o‘z sohasi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash;

bemorlarni davolashning o‘z ilg‘or metodlari va texnologiyalarini ishlab chiqishga va tibbiy amaliyotga joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish;

sohaga oid etakchi xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, axborotlar, to‘plangan tajriba va mutaxassislar bilan keng almashuvni ta’minlash.

Shuningdek, qarorda belgilab qo‘yilishicha, respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya markazlari tegishli ravishda Surxondaryo viloyatining oftalmologiya shifoxonasiga va viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining urologiya bo‘limiga tashkiliy-metodik va ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatadilar;

Surxondaryo viloyat perinatal markazi, viloyat oftalmologiya shifoxonasi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi urologiya bo‘limining bemorlar o‘rni fondini optimallashtirish, shuningdek tegishli tumanlarning tibbiyot birlashmalarida ularning bo‘limlarini tashkil etish Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash muassasalarining amaldagi bemorlar o‘rni fondi doirasida amalga oshiriladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yangi qaror: Surxondaryoda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish yaxshilanadi