00:42 / 07.06.2015
8 925

Namanganlik 4 nafar shaxs 844 ming AQSh dollarini Qirg‘izistonga yashirincha olib o‘tishga urindi

Namanganlik 4 nafar shaxs 844 ming AQSh dollarini Qirg‘izistonga yashirincha olib o‘tishga urindi

Namangan viloyatida yashovchi 4 nafar shaxsni mehnat qilmay osongina pul topish maqsadi jinoyat ko‘chasida uchrashtirdi. Bu haqda «Huquq» gazetasi'ga asoslanib «Daryo» nashri xabar bermoqda.

O‘zining Nexia mashinasida kirakashlik qiladigan yigitga tanishi qo‘ng‘iroq qilib, «yuk» borligi va uni Chortoqqa etkazib berish kerakligini aytdi. Avval ham bu kabi ishlarni qilib yurgan kirakash tezda «yuk»ni olib ketishga etib keldi. Mashina yukxonasiga beshta qora polietilen paketlarga o‘ralib, skotchlangan qutilar joylashtirildi.

Haydovchi Chortoq tumanidagi Hazratishoh qishlog‘iga kelganida, uni ikki nafar shaxs kutib oldi. Ular «yuk»ni ko‘rgach, endi uni Turik mahallasi chetiga, ya’ni O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasi chegarasigacha olib borib berishi zarurligini aytdi. Haydovchi rozi bo‘ldi. Chegara hududida to‘xtab, yukxonani ochdi.

— Mana shularni makkapoya ortiga berkitib olib borish kerak, — dedi yigitlardan biri.

Shu payt ko‘cha boshida huquq-tartibor organlarining mashinasi ko‘rindi. To‘rtovlon talvasaga tushib qoldi.

Yigitlar qo‘llariga ilingan paketlarni olib, o‘zlarini har tomonga urdi. Ammo chegara posti xizmatchilaridan qochib qutula olmadi. Ular jinoyat ustida qo‘lga tushdi. Qora polietilen paketlardagi «yuk» 844 ming 545 AQSh dollari qiymatidagi pul bo‘lib, jinoyatchilar uni noqonuniy ravishda Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tkazmoqchi bo‘lgan ekan.

Sud tomonidan sudlanuvchilarning jinoiy qilmishlari tahlil etilib, shunga yarasha hukm chiqarildi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan qiymati 1 milliard 835 million 990 ming so‘mdan ortiq bo‘lgan 844 ming 545 AQSh dollari hamda jinoyat quroli deb topilgan Nexia avtomashinasi davlat hisobiga o‘tkazildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Namanganlik 4 nafar shaxs 844 ming AQSh dollarini Qirg‘izistonga yashirincha olib o‘tishga urindi