13:07 / 15.04.2017
6 206

Toshkentda garajlar yana buzib tashlanishi mumkin

Toshkentda garajlar yana buzib tashlanishi mumkin
Ma’muriyat avtotransport vositalarini saqlash joylarini tartibga solish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar majmui loyihasini ishlab chiqdi, deb yozmoqda Sputnik nashri.

Hokimiyatda bo‘lib o‘tgan brifingda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Sa’dullaxo‘ja Muxtorxo‘jaevning aytishicha, bugungi kunda kvartal va mahallalar ichi sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydigan temir-beton garajlarga to‘lib ketgan.

"Bunday garaj qurilmalari deyarli 26 gektar maydonni egallagan. Ular taxminan 8470 avtomobilga mo‘ljallangan. Garaj egalari ulardan turli axlat, qog‘oz, maishiy chiqindilarni saqlash maqsadida foydalanishmoqda. Bu esa yong‘in sodir bo‘lganida yaqin-atrofdagi uylarga xavf tug‘diradi. Shuningdek, shaharda 27,4 ming avtomobilga mo‘ljallangan 69 gektar maydonni egallagan yuridik shaxslar avtoturargohlari mavjud", — dedi u.

Hujjat loyihasida mazkur turargohlar o‘rniga zamonaviy ko‘p qavatli parking va bepul ochiq avtoturargohlar barpo etish taklif qilinmoqda. Ma’muriyat buning uchun ikki, uch va olti qavatli maxsus parking loyihalarini ishlab chiqdi. Ikki qavatli turargohlar 80, uch qavatlisi 144 va olti qavatli turargohlar 532 avtomobilga mo‘ljallangan.

Shuningdek, buzib tashlanadigan garajlar o‘rniga bepul turargohlar qurish rejalashtirilmoqda. Ular atrofi metall to‘siq bilan o‘ralgan, asfalt yotqizilgan va maxsus belgilar chizilgan turargohlar bo‘ladi.

Bundan tashqari, hujjatda barcha yangi qurilayotgan kafe va restoranlar, yirik magazin va bozorlar oldida albatta avtoturargoh, jumladan, erosti avtoturargohlari qurishni shart qilib qo‘yish taklif etilmoqda. "So‘nggi uch yilda Toshkentda avtomobillar soni 19%ga oshdi. Bu esa ayniqsa massiv va mahallalar ichida ma’lum bir qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Ular tez yordam va yong‘in xavfsizligi mashinalari yo‘lini to‘sib qo‘ymoqda. Bundan tashqari, qarovsiz qoldirilgan avtomobillar o‘g‘rilar nishoniga aylanmoqda. Avtomobillar saqlash joylarini tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar ushbu vaziyatni to‘g‘rilashga xizmat qiladi", — dedi Toshkent IIBB YHXB jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi inspektori mayor Alisher Abduqodirov.

Qayd etish joizki, mazkur hujjat hozirda muhokama jarayonida bo‘lib, unga o‘zgarishlar kiritilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2013 yil aprelda poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonov shahardagi barcha garajlarni buzib, o‘rniga zamonaviy avtoturargohlar qurish haqida qaror imzolagandi. O‘shanda 40 mingdan ortiq garaj buzilishi rejalashtirilgandi.

Biroq qaror poytaxtliklarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgach, hokim bu boradagi ishlarni to‘xtatishga majbur bo‘lgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda garajlar yana buzib tashlanishi mumkin