08:40 / 22.04.2017
8 208

Prezident qarori: “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi tuziladi

Prezident qarori: “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi tuziladi
Joriy yilning 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmonni imzolagan edi.

Kecha, 20 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev "2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizasiya qilish dasturi to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qayd etib o‘tilsinki, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida kattagina ishlar amalga oshirildi. Ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha g‘oyat muhim dasturlar va loyihalarni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish shahar va tumanlarda, shu jumladan, qishloq joylarda suv ta’minoti holatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi.

Keyingi olti yilning o‘zidagina 13 ming kilometrga yaqin suv quvurlari va vodoprovod tarmoqlari, 1,6 mingtadan ko‘proq suv chiqarish quduqlari, shuningdek, 1,4 mingta suv bosimini hosil qiladigan minora va rezervuarlar barpo etildi hamda rekonstruksiya qilindi. Natijada, jumladan, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va kreditlarini jalb etish hisobiga ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan ko‘pgina aholi punktlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy talablarga mos keladigan suv bilan ta’minlandi.

Shu bilan birga, ayrim mintaqalarni, eng avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashning bir qancha echilmagan muammolari hamon saqlanib qolmoqda.

Aholi sonining muttasil ortib borishi, yangi turar joy massivlari barpo etilishi, shaharlar va aholi punktlarining tobora kengayishi energiya va resurlarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish asosida suv olish inshootlarini, suv quvurlari, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari va vodoprovod tarmoqlarini modernizasiyalash va ildam rivojlantirishga yo‘naltirilgan kafolatlangan suv ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishini taqozo etmoqda.

Aholining keng qatlamlari yashashi uchun, ayniqsa, qishloq joylarda, shinam va qulay ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish, iste’molchilar uchun hamma joyda sifatli ichimlik suvi etkazib berilishiga erishish, respublikada suv ta’minoti va kanalizasiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimini yanada rivojlantirish hamda modernizasiyalashning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

aholining, ayniqsa, qishloq joylardagi aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

suv olish, kanalizasiya inshootlari hamda vodoprovod tarmoqlarining yangilarini qurish, mavjudlarini qayta tiklash va rekonstruksiya qilish, shuningdek, suv ta’minoti tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar, mashinalar, mexanizmlar, ta’mirlash-foydalanish va o‘lchov texnikasi bilan jihozlash;

suv ta’minoti sohasida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini, shu jumladan, iste’mol qilingan suv va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish;

ichimlik suvi ishlab chiqarishning texnologik va ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish, belgilangan talablarga muvofiq suvning sifatli bo‘lishini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayoniga energiya hamda suvni tejaydigan texnologiyalar va uskunalarni tatbiq etish;

suv ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini, shu jumladan, davlat bilan xususiy sektor sherikligi asosida boshqaruvning bozor tamoyillariga mos keladigan mexanizmlarini joriy etish;

suv ta’minoti tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga narx shakllantirish tartibini takomillashtirish.

2. 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizasiya qilish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur) tasdiqlansin, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizasiya qilish dasturining yig‘ma parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizasiya qilish dasturini moliyalashtirishning yig‘ma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlari 3.1-3.13-ilovalarga muvofiq;

2017-2021 yillarda hududlararo ahamiyatdagi ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlarini hamda alohida muhim ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi 4-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlarini jalb etgan holda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlarining mashina va mexanizmlari parkini mustahkamlash parametrlari 6-ilovaga muvofiq.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davarxitektqurilish qo‘mitasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi va viloyatlar hokimlari tasdiqlangan Dastur parametrlari qat’iy o‘rnatilgan muddatlarda so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgardir.

3. Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizasiya qilish dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) 7-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

tadbirlar Dasturi amalga oshirilishini, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarining o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish;

aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini hisobga olgan holda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiyani rivojlantirishning hududiy sxemalarini tasdiqlash;

suv olish inshootlarida, nasos stansiyalari va suv taqsimlash uzellarida energiya tejaydigan zamonaviy nasos uskunalarini tatbiq etish bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqish;

quduqlar va suv olish inshootlarining texnik holatini baholash natijalari to‘g‘risida, shuningdek, er osti suv resurslaridan samarali foydalanilishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining hisobotlarini har chorakda eshitib turish;

Dastur qanday bajarilayotganligini har chorakda ko‘rib chiqish.

Respublika komissiyasiga, zarur hollarda, tadbirlar Dasturining yig‘ma va manzilli parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Dasturni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.

5. “O‘zbekkommunalloyihaqurilish” korxonasi ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya sohasida ixtisoslashtirilgan bosh loyiha instituti etib belgilansin va uning zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:

Respublika hududida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini qurish, rivojlantirish va rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda yagona siyosat o‘tkazishni hisobga olgan holda, suv ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini loyihalashtirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bosh tashkilot funksiyalarini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ilg‘or xorijiy tajribadan samarali foydalangan holda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va modernizasiyalash sohasida texnik tartibga solish borasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirishga oid o‘tkaziladigan ishlarda qatnashish;

aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish doirasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimini rivojlantirishning hududiy sxemalarini tuzishda ishtirok etish;

ichimlik suvining kafolatlangan manbalari mavjudligini hisobga olgan holda, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, suv resurslaridan oqilona foydalanish usullarini joriy etish, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizasiyalashni loyihalashda optimal texnik echimlarni qo‘llash;

ob’ektlarni avtomatlashtirilgan tarzda loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalarini, jumladan, qurilishning ilg‘or metodlari va qurilish materiallarining yangi turlari qo‘llanilishini nazarda tutgan holda joriy etish;

loyihalashtirilgan ob’ektlar qurilishining barcha bosqichlarida sifatli mualliflik nazoratini ta’minlash;

etakchi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarini jalb etgan holda, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori texnologiyali usullar va uskunalar qo‘llanilishini nazarda tutuvchi ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va modernizasiyalash sohasida texnik nazoratni tartibga solishning zamonaviy normativ hujjatlarini tatbiq etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

6. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2017 yilning oxiriga qadar har bir aholi punkti va umuman ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari bo‘yicha suv ta’minoti tizimi ob’ektlari (quduqlar, suv olish inshootlari, magistral vodoprovodlar, taqsimlash tarmoqlari va boshqa ob’ektlar) pasportlashtirilishini, shuningdek, pasportlashtirish natijalari bo‘yicha ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlarining elektron ma’lumotlar bazasi yaratilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Dasturni amalga oshirish doirasida bajarilayotgan loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifati, tuzilgan shartnomalarning shartlari buyurtmachilar va pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tuzilsin, unda jamg‘ariladigan mablag‘lar:

Dasturni bajarish doirasidagi loyiha-qidiruv ishlarini;

Dastur doirasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizasiya tizimi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishda foydalaniladi.

9. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

suv resurslaridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq bo‘yicha tushumlar hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan tegishli mablag‘lar;

maqsadli byudjet mablag‘lari;

xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari;

xalqaro donorlarning grantlari, xayr-ehson qiluvchilarning mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining mablag‘lari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan va Dasturga kiritilgan investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, xomashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyum va uzellar, texnologik hujjatlar va jihozlar 2022 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha aholiga, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli ichimlik suvi etkazib berilishini tashkil etish doirasida maxsus texnika uchun yoqilg‘i-moylash materiallariga zarur limitlar ajratsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat arxitekura va qurilish ko‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 20 aprel

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qarori: “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi tuziladi