Mirziyoyev ko‘pqavatli uylarni tartibga keltirishni buyurdi

  • 26 aprel 2017, 11:32
  • 5 248
  • O‘zbekiston
  • Mirziyoyev ko‘pqavatli uylarni tartibga keltirishni buyurdi
    Ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi dasturini amalga oshirishga 1,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

    O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati xabar qilmoqda.

    Ko‘p xonadonli uy-joy fondi ta’mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish dasturini amalga oshirish uchun 1,8 trillion sum mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Qarorda, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ko‘p xonadonli uy-joy fondining uy ichidagi muhandislik kommunikasiyalar va umumiy foydalaniladigan joylarni o‘z vaqtida va sifatli ta’mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni bolalar va sport maydonchalari tashkil etgan holda, obodonlashtirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

    Dasturni moliyalashtirish manbalari xususiy uy-joy mulkdorlarining o‘z mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari kreditlari, shuningdek, lizing hisobidan amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Respublikada ilk bor uy-joy kommunal sohasiga qarashli tashkilotlarni moliyalashtirishni ta’minlash uchun "O‘zsanoatqurilishbank" aksiyadorlik tijorat banki vakolatli bank etib belgilandi. Tijorat banklariga "Ta’mirlash-tiklash xizmati" DUK va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga dasturni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lmagan stavka bo‘yicha 5 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratish yuzasidan tavsiyalar berildi. Ushbu moliyaviy mexanizmni yaratish bo‘yicha davlat rahbarining topshiriqlari alohida e’tiborga sazovordir.

    Yana bir juda muhim bo‘lgan yo‘nalish — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkil etilganligidir. Ushbu vazirlik huzurida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlar ko‘rsatish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan majburiy badallar yig‘ish xizmatlari ko‘rsatadigan "Yagona hisob-kitob markazi" va uning shahar hamda tumanlarda, zarur hollarda, tumanlararo filiallari tashkil etildi.

    Bundan tashqari, ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulkini va unga tutash hududlarni saqlash uchun turar-joy hamda noturar joy binolar mulkdorlarining majburiy badallari eng kam miqdorini har yili tasdiqlanib, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga etkaziladi.

    Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining raisi "Kommunalo‘quv" o‘quv-uslubiy markazi» davlat unitar korxonasida o‘qigani to‘g‘risida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda saylanadi, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra lavozimidan ozod etiladi.

    Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, kelgusida ushbu dastur ijrosi ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, mahalliy ijro organlar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining samarali ishlashiga erishiladi.


    Manba: dia.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Mirziyoyev ko‘pqavatli uylarni tartibga keltirishni buyurdi