22:57 / 26.04.2017
6 724

Mirziyoyevning qadami etmagan joylar yoki hokimlarning nayranglari

Mirziyoyevning qadami etmagan joylar yoki hokimlarning nayranglari
Men ayrim hokim va mutasaddilarni yuz-qo‘lini yuvmasa kerak deb o‘ylayman, nima uchun bilasizmi? Bu ma’lumotga keyin qaytamiz.
Olmazor tumani, "Qoraqamish" ko‘chalariga kunda yo‘lim tushadi. “Shudgor qilingan” asfalt yo‘llar, yo‘l chetida to‘plangan chiqindilar xullas doim tanish manzara.

O‘tgan haftada necha yillardan beri menga tanish bo‘lgan manzaraga o‘zgarishlar kiritildi, yana shoshilinch tarzda. Yo‘llarga asfalt yotqizilib, chetdagi “qadrdon” chiqindilar yo‘q qilindi. O‘zgarishlardan odam quvondi. Ammo, bu o‘zgarishlar xo‘jako‘rsin uchun shoshilinch tarzda amalga oshirilganini eshitib esa rosti hayron qoldim. Ko‘chalardagi "kerakli yo‘llar" epaqaga keltirilgan, kortej o‘tmaydigan yo‘llar esa...

Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishidan xabar topgan hokimlik “shoshib” qolgan ekan. Lekin, nima bo‘lganda ham shu bahona ko‘chalar yaxshilanganidan aholi mamnun. Kortej o‘tmagan ko‘chalar ham ta’mirlanib qolar, "Qoraqamish"da hali er ta’mirlash ishlari hayriyatki yakunlanganicha yo‘q. Bir tarafda Shayxontohur tumani aholisi ham mahallaga Mirziyoyevning tashrifini intiqlik bilan kutmoqda. Zora, davlatimiz rahbari kelishiga , mutasaddilar “qimirlab” qolishsa. O‘nqir-cho‘nqir erlar tekislanib ketsa, degan umid bilan yashashmoqda.

Shunda savol tug‘iladi, kishi faqat mehmon kelishi uchungina o‘z uyini tozalaydimi, odam kelmasa axlatga qorishib yashavermaydi-ku? Faqatgina rahbarlar kelishidan cho‘chib, ko‘chalarga qaraydigan mutasaddilar birov uchungina tozalikka rioya qiladimi? Ular o‘z uyida ham shundaymikan, deb qolasan kishi. Kim biladi, balki yuz-qo‘lini ham faqat xo‘jako‘rsinga yuvar.

Avvallari sovet davrida “komissiya kelarmish” degan gapdan maktabda hamma zir titrar edi. Yoqalar oppoq bo‘lishi shart, ijaraga topilgan gultuvaklar, hullas o‘sha kuni maktabni taniyolmasdik. Ayrim mutasaddilarda hamon “komissiya keladi” – degan tushuncha qolib ketgandek. Aslida, o‘zgarishlar, yangiliklar hammasi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek halq uchun, halqning roziligi uchun bo‘lishi kerak emasmi?

Manba: dia.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyevning qadami etmagan joylar yoki hokimlarning nayranglari