22:26 / 01.05.2017
6 253

Cud tizimidagi o‘zgarishlar ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi

Cud tizimidagi o‘zgarishlar ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi
Prezidentimizning 2016 yil 21 oktyabrda qabul qilingan "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi va joriy yilning 21 fevralidagi "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonlarida sud-huquq sohasidagi o‘ta dolzarb masalalar qamrab olingani tizimdagi islohotlarning nafaqat izchil davom etayotgani, ayni chog‘da, yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Yuqorida qayd etilgan hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida yaqinda qabul qilingan "Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Aytish joizki, ushbu qonun asosida "Sudlar to‘g‘risida"gi qonun, Fuqarolik prosessual kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ayniqsa, yangi qonunda nazorat instansiyasini takomillashtirishga doir huquqiy me’yorlarni nazarda tutilgani alohida ahamiyat kasb etadi. Aniqroq aytganda, yangi qonun bilan viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning bir-birini takrorlovchi funksiyalari qisqartirilib, nisbatan qisqa fursatda qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilishning prosessual tartibi takomillashtirildi.

Avvallari nazorat instansiyasida ishlar sud raisi yoki prokurorning protesti asosida ko‘rilar edi. Mazkur qonun bilan esa, viloyat va unga tenglashtirilgan sud raislari hamda viloyat prokurorlarining nazorat tartibida protest keltirish vakolati bekor qilindi. Endilikda nazorat tartibida keltirilgan shikoyat va protestlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri faqatgina Oliy sudning tegishli sudlov hay’ati va Rayosatida ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Ushbu tartibning joriy etilgani, avvalo, ortiqcha ovoragarchilik va behuda vaqt yo‘qotishning oldini olish hamda nizolarning qisqa fursatda qonuniy echim topishiga xizmat qiladi. Qolaversa, taraflar o‘rtasidagi tenglik va o‘zaro tortishuv tamoyillarini nazorat bosqichida ham qo‘llash imkoniyatini yaratadi.

O‘tgan davr mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan uy-joy, bitimlar, mehnat va oila munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni hal qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, bu borada o‘ziga xos sud amaliyoti shakllantirilgan bo‘lsa-da, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3 yilni tashkil etar edi.

Yangi qonun bilan ushbu muddat 3 yildan 1 yilga, kassasiya tartibida shikoyat keltirish muddati esa, bir yildan 6 oyga qisqartirildi.

E’tiborlisi shundaki, ushbu prosessual tartib sudlarda nizolarning tez va qonuniy hal qilinishiga zamin yaratadi.

Shuning barobarida ushbu yangilanishlar, sudlarda ish hajmining kamayishiga ham olib keladi. Natijada har bir ishning qonuniy echimini topish uchun sudyada etarli vaqt va imkoniyat paydo bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, sud qarorlarining sifatiga sezilarli darajada ta’sir qiladi.

Darhaqiqat, mustaqillik xalqimizga barcha munosabatlarda tenglik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, mavjud moddiy boyliklarni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tasarruf qilish va ma’naviy boyliklardan to‘liq faxr hissini tuygan holda foydalanish huquqini berdi. Shu bilan birga, jamiyatda qaror topgan yangi iqtisodiy munosabatlar, yangi qonuniyatlar o‘z shartlarini ham kun tartibiga qo‘ydi.

Iqtisodiy munosabatlarda o‘rnatilgan yangicha tartib barcha mulk shakllarining huquqiy jihatdan tengligini, daxlsizligini va qonun orqali himoyalanishini kafolatladi.

Faqat buning bitta sharti bor — iqtisodiy munosabat ishtirokchilaridan yuksak huquqiy madaniyat talab etiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning faoliyati tahlil qilinganda, fuqarolar murojaatlarining yil sayin o‘sib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu, o‘z-o‘zidan, yurtdoshlarimizning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligi muttasil yuksalayotganidan, shu omil bilan hamohang ravishda ularda o‘z huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan intilish tobora ortib borayotganidan dalolatdir.

Ayni chog‘da, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlamay turib fuqarolarning huquq va erkinliklarini tom ma’noda muhofaza qilish mumkin emas. Shu bois yangi qabul qilingan qonun hujjatlarida, xususan, Prezidentimizning yuqorida tilga olingan farmonlarida sud hokimiyati mustaqilligini amalda ta’minlash, sud ishiga har qanday aralashuvlarga butkul barham berish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash sohasida adliya organlarining vakolati va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi vakolatiga o‘tkazildi. Bu ham sudlarning ijro hokimiyati tizimidan chiqib, mustaqilligi yanada ta’minlanganini ko‘rsatadi.

Tizimda kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilishni takomillashtirish, yuksak axloqiy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘l-gan, sud-huquq sohasidagi islohotlarning samaradorligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadigan kadrlar zahirasini shakllantirish masalasiga ham katta e’tibor berilmoqda.

Qonunda sudyalik lavozimiga tayinlash va saylash muddatlariga aniqlik kiritilib, sudyalik lavozimiga birinchi marotaba tayinlash besh yilga, ikkinchi marotaba o‘n yilga, so‘ng muddatsiz tayinlanishi sudyalardan o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirishlarini talab etadi. Shu bilan birga, bunday yondashuv sudyalarning yoshi, malakasi, kasb-mahorati inobatga olingan holda uzoq muddat fidoiylik bilan faoliyat ko‘rsatishini kafolatlaydi.

Qisqacha aytganda, keyingi davrda sud-huquq tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar aholining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishi bilan birga, sudyalarning uzoq yillar davomida o‘z ishini sidqidildan bajarishi uchun zarur sharoitlar yaratmoqda.

Aziz OBIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot kotibi



Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Cud tizimidagi o‘zgarishlar ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi