14:43 / 09.05.2017
8 499

Mirziyoyev yangi qarori: Hokimlar ish haqi aholi bandlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi

Mirziyoyev yangi qarori: Hokimlar ish haqi aholi bandlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

Qarorda aytilishicha, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq yo‘naltirilgan va tizimli ishlar olib borishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilish maqsadida:

2017 yilning 1 iyulidan boshlab mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish tizimini joriy etiladi, unga muvofiq:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari aholi bandligi o‘sishining tasdiqlangan har chorak prognoz ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda – prognoz ko‘rsatkichlari) bajarilishini ta’minlagan taqdirda ularga lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda lavozim maoshlarining 15 foizi miqdorida jarima shaklida intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlangan taqdirda lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida jarima solinadi.

2018 yildan boshlab aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari respublikamiz hududlari kesimida har chorak bo‘yicha taqsimlangan holda, tasdiqlangan hududiy va tarmoq rivojlanish dasturlariga muvofiq tashkil qilinadigan doimiy ish o‘rinlari ko‘rsatkichlarini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi Aholi bandligi dasturiga kiritiladi;

aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari shahar va tumanlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi aholi bandligi manzilli hududiy dasturlariga kiritiladi.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va ularning birinchi o‘rinbosarlariga hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga mukofot yoki jarima hajmini belgilash uchun asos bo‘ladigan aholi bandligi o‘sishi ko‘rsatkichlarini aniqlashda band aholi sonining tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan o‘zgarishi hisoblanadi;

band aholi soni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘layotgan fuqarolar umumiy soni asosida aniqlanadi;

mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga mukofot berish va ularning oylik maoshidan jarima undirish har chorak prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalariga ko‘ra kelgusi chorak davomida amalga oshiriladi.

Mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.

Komissiya O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarining hududlar kesimida bajarilishi to‘g‘risida kiritilgan ma’lumotlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlariga nisbatan ularni moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish choralarini qo‘llash haqidagi masalani har chorak yakunlari bo‘yicha ko‘rib chiqadi;

aholi bandligi prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Komissiyaga, zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Mehnat vazirligi, mahalliy ijro hokimiyati organlarining prognoz ko‘rsatkichlari amalda bajarilishi dinamikasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqqan asoslangan takliflari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida tasdiqlangan 2017 yilning III va IV choragida aholi bandligi o‘sish prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartishlar kiritish huquqi berildi.

Lavozim maoshlaridan jarimalar undirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlariga – Komissiyaning taqdimnomasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori asosida;

shahar va tuman hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlariga – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qarorlari asosida;

iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga – iqtisodiy kompleksning respublika organlari rahbarlari qarorlari asosida.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari o‘z ish faoliyatida iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ular faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni, jumladan, joylarga chiqqan holda tizimli hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qat’iy va so‘zsiz rioya etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, shuningdek, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari uzluksiz ikki chorak davomida yoki yil davomida uch chorakda prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmaganligi taqdirda ularning aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlari qoniqarsiz, deb topilishi va egallab turgan lavozimlariga noloyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev yangi qarori: Hokimlar ish haqi aholi bandlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi