Joriy yilda OTMlarga qabul bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bor?

  • 09 may 2017, 22:06
  • 6 045
  • O‘zbekiston
  • Joriy yilda OTMlarga qabul bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bor?
    2017 yildagi qabul komissiyalari ish boshlaydigan vaqt yaqinlashmoqda. 2017 yil 5 may kuni Prezident qarori bilan qabul kvotalari tasdiqlangani joriy yilgi qabul mavsumini rasman ochib berdi. Mazkur qaror asosida bir qancha yangiliklar va o‘zgarishlar kiritildi. Kun.uz saytida ushbu yangiliklar haqida qisqacha ma’lumot berilgan.

    1. Kvotalar 8 ming 409 taga ko‘paygan va jami 66 ming 316 nafar talaba qabul qilinadi;

    2. Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida maxsus sirtqi bo‘lim ochildi. O‘z navbatida Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qo‘ng‘irot bo‘limi)ning maxsus sirtqi bo‘limi yopildi;

    3. Joriy yildan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan abiturientlar to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi evaziga talabalikka qabul qilinishi mumkin. Faqat buning uchun abiturient kamida 68 ball to‘plagan bo‘lishi lozim. Qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abiturientlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi. Hozircha kontraktning narxi ma’lum emas. Shuningdek, qo‘shimcha kontrakt o‘rni ham cheklangan bo‘ladi, 68 balldan oshirgan barcha abiturientlar ham qabul qilinavermaydi;

    4. Tibbiyot oliygohlari endilikda davlat granti asosida hududlarga taqsimlangan kvota bilan talaba qabul qiladigan bo‘ldi. Quyidagi manzilda qaysi viloyatga nechta o‘rin ajratilganini ko‘rishingiz mumkin.

    5. Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot bo‘limi ushbu yildan boshlab yopildi. Ular endi talaba qabul qilmaydi;

    6. Toshkent davlat stomotologiya institutining hududlardagi barcha filiallari, xususan Andijon, Buxoro, Samarqand, Nukus filiallari yopildi. Buning evaziga avvalgidek hududlardagi tibbiyot institutlarida “Stomatologiya” fakultetlari qayta tashkil etildi;

    7. Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga yana talabalar qabul qilish boshlandi. O‘tgan yili ushbu filial uchun kvota ajratilmagandi;

    8. Termiz shahrida Toshkent davlat texnika universiteti hamda Toshkent davlat agrar universitetining filiallari ochildi. Endi shu ikkala universitetda o‘qimoqchi bo‘lgan abiturientlar Termiz shahridagi filiallarda ham tahsil olishi mumkin;

    9. Namangan muhandislik-pedagogika institutining nomi Namangan muhandislik-qurilish instituti deya o‘zgartirildi.

    Eslatma. 2016 yilning 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik jarayoni optimallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

    Shunga ko‘ra, bu yildan OTMlarga hujjatlar 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi. Davlat konservatoriyasida esa qabul komissiyasi 15 iyundan 10 iyulgacha hujjatlarni qabul qiladi.

    Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 5 iyulgacha o‘tkaziladi. Bungacha test sinovlari 10 iyul sanasiga o‘tkazilar edi.

    » » Joriy yilda OTMlarga qabul bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bor?