13:20 / 31.05.2017
5 946

Prezident investisiya loyihalarini qayta ko‘rib chiqish uchun 2 oy muhlat berdi

Prezident investisiya loyihalarini qayta ko‘rib chiqish uchun 2 oy muhlat berdi
Kecha, 30 may kuni Toshkent shahrida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda 2017 yilgi Investisiya dasturiga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat hududlariga tashriflari davomida ishlab chiqilgan investisiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarning holatini tanqidiy tahlil qilish va baholash masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, videokonferensiya orqali Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazida tashkil etilgan studiyalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, korxonalar rahbarlari, tadbirkor va investorlar qatnashdilar, deyiladi O‘zA xabarida.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqardi.

2017 yilgi Investisiya dasturiga umumiy qiymati 50 milliard AQSh dollariga teng 545 investisiya loyihasi kiritilgan bo‘lib, yil davomida 7,3 milliard dollarlik sarmoyalarni o‘zlashtirish belgilangan.

Shuningdek, 2017 yilda umumiy qiymati 2,4 milliard dollarga teng bo‘lgan 170 yangi ishlab chiqarish ob’ektini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida umumiy qiymati 73,5 million dollarlik 9 loyihani amalga oshirish ishlari yakunlangani alohida qayd etildi.

Investisiya dasturiga kirmagan, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tumanlariga tashriflari davomida ishlab chiqilgan, hududlar miqyosida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 19 trillion 300 milliard so‘mlik mingdan ziyod yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, bugungi kunda ularning 39 tasi bo‘yicha ob’ektlar ishga tushirilgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda ayrim tarmoqlar va hududlar rahbarlarida mas’uliyat, talabchanlik va tashabbuskorlik etishmayotgani, buning oqibatida ko‘pgina investisiya loyihalarini amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qattiq tanqid qilindi. Jumladan, shu yilning birinchi yarmida 10 loyiha bo‘yicha ob’ektlarni ishga tushirish muddatlari asossiz ravishda kechiktirib yuborilgani, 9 loyihani moliyalashtirish bo‘yicha shartnomalar tuzish, 10 loyiha yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlash ishlari paysalga solib kelinayotgani aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi. Tarmoqlar rahbarlari va loyihalar tashabbuskorlari oldiga ana shunday muammolarni tezlik bilan hal qilish, bu boradagi qoloqlik holatlarini bartaraf etish qat’iy vazifa qilib qo‘yildi.

Prezident investisiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmasligi oqibatida zamonaviy ob’ektlarni ishga tushirish muddatlari kechikishi, bu esa talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarning bozorga etib borishiga, qancha-qancha odamlar, avvalo, yoshlarning ish bilan ta’minlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan mutasaddi rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.

Yig‘ilishda investisiya loyihalarini amalga oshirishdagi sustkashlik sabablaridan biri eng quyi tizimda, ya’ni, tashabbuskor tuzilmalar va loyiha institutlari darajasida tegishli hujjatlar etarlicha puxta ishlab chiqilmasligi bilan bog‘liq ekani qayd etildi.

O‘tkazilgan o‘rganish va tahlillardan ayon bo‘lmoqdaki, ayrim istiqbolsiz loyihalarni Investisiya dasturiga kiritish holatlari mavjud bo‘lib, ularning moliyalashtirish manbalari va maqsadli strategiyasi aniq belgilanmagan, kutilayotgan natijalar bo‘yicha zarur hisob-kitoblar ishlab chiqilmagan.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga ikki oy muddatda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalaridan kelib chiqqan holda, Investisiya dasturini shakllantirish va uni amalga oshirish, istiqbolli investisiya loyihalari bazasini yaratish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan qaror loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish haqida topshiriqlar berildi.

Bu borada kelgusi yil uchun mo‘ljallangan Investisiya dasturiga faqat puxta ishlab chiqilgan, loyiha-smeta hujjatlari tayyor va moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lgan investisiya loyihalarini kiritishga alohida e’tibor berish zarurligi ta’kidlandi.

Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hududlar rahbarlarining istiqbolli loyihalarni shakllantirish sifati uchun shaxsiy javobgarligi va mas’uliyatini oshirish lozimligi qayd etildi. Bu borada har bir rahbar o‘z tarmog‘i yoki hududini rivojlantirish bo‘yicha aniq ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni, kelgusi yillarda qanday loyihalarni amalga oshirish zarurligini har tomonlama chuqur bilishi, yaqqol tasavvur qilishi shart.

Vazirlar Mahkamasi har haftada tegishli tarmoqlar rahbarlari bilan mavjud muammolar va qoloqlik sabablarini muhokama qilib, ularni bartaraf etish, loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rishi lozim. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura va Hisob palatasi bilan birgalikda har oyda ikki marta amalga oshirish jarayonida qandaydir muammo paydo bo‘layotgan loyihalar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazib, ularni amaliy jihatdan hal etishi zarurligiga e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar, hokimliklar rahbarlarining hisobotlari, takliflari eshitildi va muhokama qilindi, investisiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident investisiya loyihalarini qayta ko‘rib chiqish uchun 2 oy muhlat berdi