Prezident: «O‘qituvchilarni norozi qilmanglar. Ular bizga kerak»

  • 03 avgust 2017, 08:55
  • 4 858
  • O‘zbekiston
  • Prezident: «O‘qituvchilarni norozi qilmanglar. Ular bizga kerak»
    Kecha, 2 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integrasiyani ta’minlagan holda, 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Kun.uz nashri.

    Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, xalq ta’limi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari boshliqlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, o‘qituvchi va pedagoglar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Ma’lumki, davlat rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida aholi, jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlar chog‘ida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga ota-onalardan bo‘layotgan murojaatlarda umumta’lim maktablarida 10-11-sinflarni tashkil etish yuzasidan ko‘plab takliflar bildirilmoqda.

    «11 yillik ta’lim etarli hisoblansada, biz yoshlarni ortiqcha bir yil o‘qitganmiz. Buning oqibatida yoshlar bir yil yo‘qotmoqda va katta hayotga kirib kelishda bir yilga kechikmoqda», degan prezident.

    Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, keng jamoatchilik vakillaridan tuzilgan ishchi guruh a’zolari tomonidan joylarda ota-onalar va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilikning 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab 9-sinf bitiruvchilari umumta’lim maktablarining 10-sinflarida, akademik lisey yoki kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirishiga oid fikrlari o‘rganildi.

    Bu jarayonda umumta’lim maktablarining 466 ming nafar 9-sinf bitiruvchisidan 352 ming nafari 10-sinfda, 114 ming nafari akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirish niyatida ekani aniqlandi.

    Yig‘ilishda ota-onalar va bolalarning shu boradagi xohish-istaklarini to‘liq hisobga olish va ro‘yobga chiqarish zarurligi, ularning ovora bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, shunday holatlar yuz bergan taqdirda tegishli tumanlar hokimlari, xalq ta’limi bo‘limi va ta’lim muassasalari rahbarlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

    O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi rahbarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shu yil 20 avgustga qadar har bir o‘quvchining aniq maktab, lisey yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni davom ettirishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

    Selektor yig‘ilishida o‘quvchilar va ota-onalarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatishning yangi tizimi – o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Yangi o‘quv yili boshlangunga qadar bu majmualarni o‘quv jihozlari, kasb-hunar o‘rganish uchun zarur anjom va uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ul idora va shaxslar belgilandi.

    Mahalla faollari, nuroniylar, profilaktika inspektorlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari, tuman, shahar hokimlariga umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, har payshanba ­– profilaktika kunida o‘quvchilarning davomatini o‘rganish va tahlil natijalarini tanqidiy muhokama qilib borish vazifasi topshirildi.

    Yangi o‘quv yili boshlanguncha kasb-hunar kollejlarining o‘quv ustaxonalari negizida o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil qilib, ularga yaqin atrofdagi maktablarni biriktirish, kollejlardan uzoqda joylashgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun maktabning o‘z bazasida o‘quv-ishlab chiqarish majmuasi yaratish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

    O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida chuqurlashtirilgan maxsus tayyorgarlikni talab etmaydigan chilangar, tikuvchi, haydovchi, oshpaz, sartarosh, kashtachi, kulol, qandolatchi, novvoy, duradgor, suvoqchi, bo‘yoqchi kabi jami ellikdan ziyod kasb-hunar o‘rgatiladi. Bu majmualarda kasb egallagan o‘quvchilarga 11-sinfni yakunlaganidan so‘ng etuklik attestati bilan birga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradigan davlat namunasidagi hujjat ham taqdim etiladi.

    Yig‘ilishda kasb-hunar kollejlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, dars soatlari hajmi kamaygan har bir o‘qituvchini ijtimoiy himoya qilish, ularni yangi o‘quv yili boshlangunga qadar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, mutasaddi shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.

    «Hamma bilsin, kollejlardan bo‘shagan o‘qituvchilar yuz foiz ish bilan ta’minlanadi. Maktabga bormasa, boshqa joyga ishga olamiz. O‘qituvchilarni norozi qilmanglar, ular bizga kerak», deya ta’kidlagan prezident.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Prezident: «O‘qituvchilarni norozi qilmanglar. Ular bizga kerak»