07:31 / 15.08.2017
8 380

Adliya vaziri o‘zgardi

Adliya vaziri o‘zgardi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ruslanbek Quroltoyevich Davletovni Adliya vazirligining yangi rahbari sifatida tayinlagan. Bu haqda «Kun.uz»ning ishonchli manbalari xabar berdi.

U bu lavozimda 2015 yil boshidan buyon ishlab kelgan Muzraf Ikromov o‘rnini egalladi. Ikromov O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga rahbar bo‘lgan.

Ruslanbek Davletov shu yil yanvarida O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Davletov 1980 yili Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos, iqtisodchi. 2001 yil Buyuk Britaniyaning Varvik universiteti, 2003 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (magistratura), 2007 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va 2010 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2001 yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida etakchi mutaxassis sifatida boshlagan. Keyinroq mazkur qo‘mitada bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.

2004−2012 yillarda Vazirlar Mahkamasi Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi bosh mutaxassisi, 2012−2014 yillarda Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari va direktor v.b, 2014−2016 yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi tuzilmalari bilan faoliyatni muvofiqlashtirish shu’basining mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2016 yil sentyabridan 2017 yil yanvarigacha Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Adliya vaziri o‘zgardi