13:22 / 27.09.2017
11 210

2017/18 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarda o‘qish 2 yillik bo‘ladi

2017/18 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarda o‘qish 2 yillik bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi «Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ-3290-son qarori qabul qilindi. Qaror matni Prezident rasmiy saytida e’lon qilindi.

Qaror matniga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun munosib nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish, o‘quvchilarning tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishlari uchun zarur va yetarli bo‘lgan, chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va vazirlikning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan mavjud akademik litseylarning faoliyati kompleks tahlil qilingan, moddiy-texnika bazasi xatlovdan o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan kompleks tahlil va xatlov yakunlari bo‘yicha aniqlangan o‘quv-metodik va moddiy-texnika bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan akademik litseylar 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni qabul qilishni to‘xtatadi va 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab faoliyati tugatilib, yuqori ilmiy va pedagogik salohiyatga, yetarli moddiy-texnika bazaga ega bo‘lgan akademik litseylar oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga o‘tkaziladi.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarda o‘qish muddati ikki yil etib belgilanadi va ularga o‘quv-metodik jihatdan rahbarlik qilish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Akademik litseylardan uzoq joylashgan hududlardan qabul qilingan o‘quvchilar belgilangan tartibda yotoqxona hamda ota-onalar to‘lovi hisobiga (EKIHning 1 baravari miqdorida) xarajatlarni qisman qoplagan holda, imtiyozli oziq-ovqat bilan ta’minlanadilar;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar qabuli to‘xtatilayotgan akademik litseylarning 2 va 3-bosqich o‘quvchilari mazkur akademik litseylarda ta’limni amaldagi o‘quv dasturlari bo‘yicha belgilangan tartibda yakunlaydilar va ularga davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomi beriladi;

Faoliyati tugatiladigan akademik litseylarning bino va inshootlari, yer maydonlari, birinchi navbatda, amalda biriktirilgan oliy ta’lim muassasasiga, oliy ta’lim muassasasida ehtiyoj mavjud bo‘lmagan hollarda tegishli tuman (shahar)lar hokimliklariga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi;

Akademik litseylar samarali faoliyat ko‘rsatishi, ulardagi o‘qitish sifatini ta’minlash hamda ular moddiy-texnika bazasi va yuqori malakali o‘kituvchilar tarkibi bilan ta’minlangani, ta’lim-tarbiya jarayoni ustidan nazorat qilinishi, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlarini to‘liq ta’minlash uchun shaxsiy mas’uliyat tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlariga yuklanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda akademik litseylarga umumta’lim maktablarining eng bilimli, qobiliyatli va iqtidorli o‘quvchilarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi.

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 2017/18 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarda o‘qish 2 yillik bo‘ladi